Erkin iqtisodiy zonaga investitsiya loyihasini qanday joylashtirish mumkin

25/01/2018 - 12:20 5857

Vazirlar Mahkamasining 16.01.2018 yildagi 29-son qarori bilan Erkin iqtisodiy zonalar hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish va erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qanday loyihalar EIZga joylashtirilishi mumkin

Hujjat bilan EIZ hududida investitsiya loyihalarini joylashtirishda majburiy mezonlar tasdiqlandi:

1 - mahalliylashtirish loyihalari uchun qonunchilikda o‘rnatilgan parametrlarga muvofiq import o‘rnini bosuvchi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etish;

2 - eksport hajmi ishlab chiqarish faoliyatining ikkinchi yili kamida 20%, uchinchi va keyingi yillarda 30%dan kam bo‘lmagan darajada;

3 - ma'muriy kengashlar tomonidan belgilanadigan darajada yangi ish o‘rinlari tashkil qilish, jumladan kasaba uyushmalari Kengashi Federatsiyasi tomonidan taqdim etiladigan ro‘yxat bo‘yicha ishsizlarni ishga qabul qilish uchun 10%li kvota o‘rnatish;

4 - tashkil etiladigan tashkilotning shtatdagi xodimlarini jalb etilgan xodimlar umumiy sonining kamida 95%i miqdorida O‘zbekiston fuqarolari bilan to‘ldirish, ularga tajriba orttirishdan va malaka oshirishdan o‘tish imkoniyatini berish.

Qanday hujjatlar zarur
 
EIZ hududida investitsiya loyihasini joylashtirish uchun investor Direksiyaga namunaviy shakl bo‘yicha  to‘ldirilgan investitsiya buyurtmanomasini taqdim etadi. Investitsiya buyurtmanomasiga quyidagilar ilova qilinadi:

• yuridik shaxsning (investorning) ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma'lumot yoki ushbu investorning faoliyatini tasdiqlovchi boshqa hujjat;

• tavsiya qilinayotgan investitsiya loyihasining biznes-rejasi;

• investorning tegishli sohadagi va/yoki shunga o‘xshash loyihalarni amalga oshirishdagi ish tajribasi mavjudligini tasdiqlovchi ma'lumot. Agar bunday tajriba bo‘lmasa, investitsiya loyihasini amalga oshirishga jalb etayotgan texnologik hamkorlari to‘g‘risidagi ma'lumotni taqdim etadi;

• investorning oxirgi 3 yildagi moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risida ma'lumot. Agarda investitsiya buyurtmanomasini topshirish paytida investor:

- 1 yildan 3 yilgacha xo‘jalik faoliyatini yuritayotgan bo‘lsa, o‘zining haqiqatda faoliyat yuritgan davri uchun faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumot taqdim etiladi;

- moliya-xo‘jalik faoliyatini yuritmagan yoki bir yildan kam yuritgan bo‘lsa, investorning bittadan kam bo‘lmagan muassisining moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etadi.

Buyurtmanomani ko‘rib chiqish va kelishish, investitsiyalash to‘g‘risidagi bitim

Taqdim etilgan hujjatlar Direksiya tomonidan 2 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi. Talablar buzilgan holda taqdim etilgan investitsiya buyurtmanomalari, kamchiliklari ko‘rsatilgan holda, ko‘rib chiqilmasdan investorga qaytariladi, qolganlari tegishli xulosalar bilan EIZ ma'muriy kengashiga kiritiladi.

Farmatsevtika sohasidagi investitsiya loyihasi amalga oshirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining xulosasi talab etiladi (xulosa olish uchun hujjatlar EIZ Direksiyasi tomonidan yuboriladi).

Qiymati ekvivalentda 5,0 mln AQSH dollaridan yuqori bo‘lgan investitsiya loyihalari erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi bilan kelishiladi (Prezidentning 25.10.2017 yildagi PQ-3356-son qarori bilan tashkil etilgan). 

Investitsiya buyurtmanomasi ma'muriy kengash tomonidan ma'qullanganidan keyin EIZ Direksiyasi saytida investitsiyalash to‘g‘risidagi bitim loyihasi joylashtiriladi. U investorga ko‘rib chiqish uchun yuborilishi mumkin. Bitimning namunaviy shakli tasdiqlangan, biroq investitsiya loyihasining xususiyatiga bog‘liq holda o‘zgartirilishi mumkin. 

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida rasman e'lon qilingan  va 18.01.2018 yilda kuchga kirdi.

Manba: Norma.uz