Xarajatlar kamayadi, daromad esa ortadi

15/11/2017 - 12:38 8079

Energetika - iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri. Bugungi tezkor taraqqiyot davri ushbu jabhada ham tejamkor usullarni qo‘llashni taqozo qilayapti.

Binobarin, Prezidentimizning joriy yil 26-maydagi “2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarorida ham bu borada ko‘plab vazifalar belgilab berilgan.

Gap energiyani tejash va undan unumli foydalanish xususida ketar ekan, 2011 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida  amalga oshirib kelinayotgan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasiga alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Chunki undan ko‘zlangan asosiy maqsad iste'molchilarga yirik sanoat korxonalarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish tajribasi, buning foyda va afzalliklarini ko‘rsatishdan iboratdir.

- Loyiha doirasida 30 dan ortiq sanoat korxonalari Jahon banki qoshidagi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va O‘zbekiston tijorat banklari hisobidan ajratilgan imtiyozli kreditlarga ega bo‘ldi, - deydi  uning rahbari Alisher Alimboyev. - Ayni paytda respublikamiz bo‘yicha u 82 ta subloyihani qamrab olgan bo‘lib, ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi yiliga 500 million kVt/soat elektr energiyasi va 187,7 million kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

Keling, shu o‘rinda yaqinda vazirlik tomonidan energiya tejamkor uskunalarning o‘rnatilishi evaziga erishilayotgan natijalar, ularning ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil qilingan mediatur misolida fikrimizni davom ettirsak. Ushbu tadbir doirasida Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi  ommaviy axborot vositalari xodimlari mazkur hududlardagi bir qator korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Masalan, “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati loyiha sabab ishlab chiqarishda energiya hajmini sezilarli darajada kamaytirishga erishgan korxonalardan biri hisoblanadi. 

Jahon banki eksperti Umarboy Odamovning aytishicha, ushbu jamiyatda energiya resurslarini boshqarish ISO 50001 standarti asosida bajariladi. Bunda korxona Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kreditidan samarali foydalanib, eski, talabga javob bermaydigan qozonxona o‘rniga Italiyadagi “ISI CAIDAIE S.p.A” firmasining zamonaviy uskunalari o‘rnatilgani qo‘l keldi. Natijada elektr energiyasi 7 - 9 foizgacha, tabiiy gaz 23 - 25 foizgacha iqtisod qilinayapti.

Xuddi shunday ijobiy o‘zgarish “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida ham kuzatilmoqda. Hozirgi kunda korxonada 8 ta subloyiha ro‘yobga chiqarilayapti. Modernizatsiyalash tadbirlarining umumiy qiymati 17,6 million AQSH dollariga teng bo‘lib, 12 million dollardan ortig‘i uyushma kreditidir. Ayni paytda uskunalarning asosiy qismi ishga tushirildi.

Zavod mutaxassislarining dastlabki hisob-kitoblariga qaraganda, bu yerda ham yiliga 20,3 mln. kVt/soat elektr energiyasi va 18,8 mln. kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu ko‘rsatkichlar, o‘z navbatida, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va korxona daromadini oshirishga olib keladi. 

Bundan tashqari, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida energiya resurslarini tamomila yangicha boshqarish strategiyasi joriy qilinayotgan bo‘lsa, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimidagi qator korxonalar, shu jumladan, uning Shimoliy kon boshqarmasi sulfat ishlab chiqarish sexiga 6,3 MVt quvvatiga ega zamonaviy bug‘ turbinasi o‘rnatilishi bilan shu yerning o‘zida qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Bu xususda Navoiy kon-metallurgiya bosh energetigi o‘rinbosari Alisher Achilov shunday deydi: “Oldin sulfat ishlab chiqarish sexida ko‘p miqdorda, aniqrog‘i, Uchquduq shahrini uch oy mobaynida isitib turishga sarflanadigan energiya hajmiga teng miqdordagi issiqlik quvvati havoga uchib ketar edi. Bug‘ turbinasining o‘rnatilishi bilan yo‘qotishning oldi olindi. Bugungi kunda turbina yordamida 41,3 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, butun sex ehtiyoji qoplanmoqda”.

Ta'kidlash joiz, uskuna Hindistonning “Triveni Turbine Limited”  korxonasidan keltirilgan. Uning umumiy qiymati 1,8 million AQSH dollariga teng. Biroq buning uchun sarflangan xarajatlar ikki yarim yilda o‘zini qoplaydi. 

Qashqadaryo - yurtimizning tabiiy gazni ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha ko‘plab yirik korxonalariga ega hudud. Loyiha doirasida “Sho‘rtanneftgaz” MCHJ va uning “Sho‘rtan” siquv kompressor stansiyasida ikkita subloyiha amalga oshirilmoqda. Shulardan biri - “Past bosimli mash'ala gazlarni qayta ishlash” subloyihasi. Uning noyobligini texnologik jarayonlardan ajralayotgan past bosimli gazlar asosida ishlovchi kichik elektr stansiyasi vujudga kelgani ham tasdiqlab turibdi. 

Mutaxassislar fikricha, bunday kompressor stansiyalarida tabiiy gaz bosimini yetarli darajagacha ko‘tarib, bosh inshootdagi gazni qayta ishlash qurilmalariga yetkazib berish jarayonida gaz kondensati va qatlam suvlari tarkibida “erigan” gazlar ajralib chiqadi. Qizig‘i shundaki, umumiy jarayonga ta'sir qilmasdan turib, ushbu gazlarning bir qismidan qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalansa bo‘ladi. Bu kompressor stansiyasida hech qanday xarajatsiz qo‘shimcha elektr quvvati ishlab chiqariladi, deganidir. Qolaversa, kichik stansiya mash'ala bosimini pasaytirib, ekologik jihatdan zararli chiqindilar hajmini ham kamaytiradi. 

Bunday subloyihalar vodiy  viloyatlarining qator ishlab chiqarish inshootlarida ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Jumladan, Andijon viloyatidagi Xo‘jaobod gaz saqlash ombori korxonasida tatbiq etilayotgan subloyiha alohida diqqatga sazovor. Gap shundaki, uning sharofati bilan avvallari “havoga” ketadigan issiqlik endilikda ishlatilgan issiqlikni elektr energiyasi ishlab chiqarishiga yo‘naltiruvchi uskuna yordamida qayta ishlanib, qo‘shimcha 2,8 mln. kVt/soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Bu esa korxonaning elektr energiyasiga bo‘lgan yillik ehtiyojini yuz foiz qoplaydi.

Yirik sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish borasida joriy qilinayotgan bunday tajribalar iqtisodiyotimiz taraqqiyoti barqarorligini ta'minlashda alohida o‘rin tutadi.

Obiddin MAHMUDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi mas'ul xodimi.

Manba: "Xalq so‘zi" gazetasi