Odam savdosi - davr muammosi

15/08/2017 - 15:44 12950

2017-yilning 15-avgustida Iqtisodiyot vazirligida “Odam savdosi - davr muammosi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Bugungi kunda odam savdosi inson, uning huquqlari, qadr-qimmati, osoyishta hayoti va kelajagiga jiddiy tahdid solayotgan jahon miqyosidagi dolzarb muammoga aylandi. Ushbu global illatga qarshi kurashish yuzasidan mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

2008-yil 17-aprelda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va Prezidentimizning 2008-yil 8-iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Yoshlarimiz hozirgi globallashuv, axborot almashishning keskin o‘sishi sharoitida har xil salbiy oqimlarning ta'siriga tushib qolmasliklari, ularning bandlik darajasini oshirish uchun oilada tarbiyaning rolini kuchaytirish, yigit-qizlarni mehnatsevarlikka o‘rgatish, qolaversa, mahalla, ta'lim muassasasi va oilalarning hamkorlikdagi faoliyatiga mas'uliyat bilan yondashish muhim ahamiyat kasb etadi.

Respublikamiz hukumati tomonidan odam savdosiga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatini vazirlik xodimlari, ayniqsa yoshlarga tushuntirish va odam savdosi jinoyatining jabrlanuvchilariga aylanib qolishlarining oldini olish maqsadida, 2017-yilning 15-avgustida Iqtisodiyot vazirligida “Odam savdosi - davr muammosi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi eksperti, yuridik fanlar doktori, professor G.Matkarimova va Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi mutaxassisi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizm, ekstremizm va odam savdosiga  qarshi kurash bosh boshqarmasining mas'ul xodimi J.Yusupov, shuningdek vazirlik xodimlari ishtirok etdilar.

Seminarni vazir o‘rinbosari D.Asamov ochib, mamlakatimizda odam savdosining oldini olish, unga qarshi kurashish, jumladan, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlarning kelajakda o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishiga keng imkoniyat yaratishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Ushbu tadbir odam savdosining jinoiy bozori giyohvandlik vositalari va qurol-yarog‘ savdosidan keyin uchinchi o‘rinni egallayotgani uning nechog‘liq xavfli illatga aylanganligi hamda shularni e'tiborga olgan holda har yili 30-iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan “Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashish kuni” deb belgilanganligi o‘ta muhimligini aytib o‘tdi.

Seminar davomida odam savdosi muammosining dolzarbligi, davlatimiz tomonidan ushbu jinoyatga qarshi kurashish borasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Transmilliy ko‘rinishga ega bo‘lgan odam savdosiga qarshi kurashish uchun barcha davlat tashkilotlari va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning hamkorligini yanada mustahkamlash zarurligi ta'kidlandi.

Tadbir yakunida ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash, odam savdosiga qarshi yanada samarali kurashish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Vazirlik axborot xizmati