Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Sh.Fayzullayevning «Biznesni yuritish» tadqiqotida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan islohotlar to‘g‘risidagi Memorandum» mavzusidagi «davra suhbati»dagi kirish so'zi

25/01/2016 - 18:59 14655

Hurmatli Fruman xonim,

Xalqaro tashkilotlarning vakillari, davra suhbati qatnashchilari!

Barchangizni Iqtisodiyot vazirligida ko‘rib turganimdan mamnunman.

Avvalo, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Jahon banki guruhiga O‘zbekiston Respublikasida qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratishda yaqindan hamkorlik qilib, doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotganligi uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab, Hukumat tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi 5-6 yil ichida ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik rivoj topdi. Bu esa sezilarli darajada tadbirkorlik sohasida keraksiz ruxsat berish tartibotlarini qisqartirish, ularni rasmiylashtirishga ketadigan vaqt va xarajatlarni kamaytirish imkonini berdi.

«Biznesni yuritish» jamoasi ekspertlari bilan video konferensiya aloqasi, fikr-mulohazalar almashinuvi, mutaxassislar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvlar orqali o‘zaro yaqin hamkorlikni yanada yaxshilash, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar bilan yanada chuqurroq tanishtirishga imkon yaratdi.

Shuni ta'kidlab o‘tmoqchimanki, so‘nggi 4 yilda respublikada Jahon banki hamda uning bo‘linmasi bo‘lgan Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan qabul qilingan «Biznesni yuritish» hisobotini shakllantirish metodikasiga muvofiq ishbilarmonlik muhiti holatini omillar asosida mamlakat reytingini belgilab beradigan baholash mezonlari va ko‘rsatkichlarini tahlil qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.

Ushbu ishlarning asosida «Biznesni yuritish» reytingida baholanadigan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha qonunchilikni tubdan takomillashtirish borasida islohotlar dasturi ishlab chiqilib, amalga oshirildi.

Natijada, Jahon bankining «Biznesni yuritish» so‘nggi hisobotida 189 ta davlat ichida O‘zbekiston faqat bir yilning o‘zida 16 pog‘onaga ko‘tarilib, 87-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston 2014-2015-yillarda biznes yuritishni yengillashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar bo‘yicha yetakchi o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi.

Mamlakatda «Biznesni yuritish» hisobotidagi O‘zbekiston Respublikasi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga alohida e'tibor berilmoqda, chunki xorijiy xususiy sarmoyadorlarning ko‘pchiligi mamlakatga investitsiya jalb qilayotganda ushbu reytingga tayanib qaror qabul qiladilar.

Shu ma'noda, bizning hamkorligimiz tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun davlat hizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha jarayonlarni yanada takomillashtirish hamda muddatlarini qisqartirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, «Biznesni yuritish» indikatorlarini tuzish uslublarini to‘liq tushunish Hukumatga tadbirkorlik faoliyatining muayyan sohasida samarali qaror chiqarish imkonini beradi. 

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati iltimosiga ko‘ra Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Biznesni yuritish» hisobotidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha islohotlar to‘g‘risida Memorandum tayyorlangan.

Bugungi davra suhbati davomida, biz Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, shuningdek «Biznesni yuritish» tatqiqotlarida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan islohotlar bo‘yicha tavsiyalarni muhokama qilmamiz, va mavjud bo‘lgan barcha savollarga batafsil tushuntirishlar va javoblar olishga umid qilamiz.

Shu bilan birga, o‘tkazilayotgan ushbu tadbir imkoniyatlaridan foydalanib va yuqori darajada samara olish maqsadida, shu yerdagi barcha qatnashuvchilarni savol va javoblar bilan faol ishtirok etishga chaqiraman.

Toshkent sh., 2016-yil 22-yanvar

Yuklab olish (.zip, 92,6Kb)