2014 yilda O‘zbekiston Respublikasida Oziq-ovqat Dasturining bajarilishi haqida

17/03/2015 - 18:30 7391

Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga erishish uchun aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini barqaror ta'minlash, bugungi kunda mamlakatimizni o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi.

Ma'lumki, 2014 yil 5-6 iyun kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturlarini amalga oshirishning muhim zaxiralari” xalqaro konferensiyasida anjuman ishtirokchilari Yurtboshimiz tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarga  alohida urg‘u berib o‘tdilar.

Mustaqillik yillarida respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda asosiy o‘rin tutgan meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasining ishlab chiqarish salohiyatining sezilarli darajada o‘sishiga, shuningdek aholini meva-sabzavot, kartoshka va uzum mahsulotlariga nisbatan o‘sib borayotgan talabini to‘liq qoplash imkoniyati yaratildi.

Bu nafaqat aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirib va mamlakatni eksport salohiyatini oshiribgina qolmay, balki qayta ishlash korxonalarini tashkil qilish, qishloq aholisi bandligini ta'minlash va ularni real daromadlarini oshib borishiga yordam beradi.

I. Meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijalari

Qishloq va suv xo‘jaligi  vazirligi tomonidan qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish borasida olib borgan monitoring natijalariga ko‘ra, 2014 yilda 256 ming gektar asosiy va oraliq maydonlarga sabzavot, 81,5 ming gektar kartoshka va 57,2 ming gektar poliz ekinlari ekildi.

So‘ngi yillarda bog‘ va tokzorlar maydonlarini yangilash borasida olib borilayotgan ishlar davomi sifatida 2014 yilda hududlarda 2,4 ming gektar yangi bog‘lar, 5,6 ming gektar yangi intensiv bog‘lar va 8,9 ming gektar tokzorlar tashkil qilindi, hamda 4,1 ming gektar yaroqsiz, eskirgan bog‘lar va 6,1 ming gektar tokzor maydonlar rekonstruksiya qilindi. Natijada respublikada mavjud intensiv bog‘ maydonlari 14,1 ming gektarga yetdi.

Meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish darajasini yanada oshirish maqsadida, mamlakatimiz miqyosida 2014 yilda joylarda 422 gektar maydonda jami 750 ta issiqxonalar tashkil etildi.

2014 yilda jami 17 mln. 367 ming tonna (o‘tgan yilgan nisbatan 109,2%,), shundan 9 mln. 286,7 ming tonna (109%) sabzavot, 2 mln. 452,4 ming tonna (109%) kartoshka, 1 mln. 696,1 ming tonna (108,8%) poliz, 2 mln. 490,6 ming tonna (110,1%) meva va 1 mln. 441,2 ming tonna (109%) uzum yetishtirildi.

Meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining oshib borishi o‘z-o‘zidan ushbu mahsulotlarni nes-nobud qilmasdan saqlab, ichki bozorga va eksportga yuborish uchun zamonaviy sovutgich kameralarga ehtiyoj paydo bo‘ldi.

2011-2015 yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash dasturiga asosan, 2011-2014 yillarda jami 211,9 ming tonna sig‘imga ega (qarorda 5 yilga belgilangan prognozga asosan 175,4 foiz) 325 ta yangi sovutgich kameralar qurildi va 49,4 ming tonnalik (100,5 foiz) 77 ta mavjud sovutgi kameralar modernizatsiya qilindi.

Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash sohasi jadal rivojlantirish oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga, aholi bandligi oshirish va shu asosda ularni daromadlarini orttirishga, shu jumladan qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport salohiyatining oshirishga ta'sir qiluvchi muhim omillardan sanaladi. 2014 yilda yetishtirilgan meva-sabzavot va uzum mahsulotlarining 17,4 foiz yoki 2,3 mln. tonnasi (o‘tgan yilga nisbatan 116,7 foiz) qayta ishlashga yo‘naltirildi.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti qishloq xo‘jalik mahsulotlarining eksportida paxta va g‘alla mahsulotlari kabi salmoqli o‘rin tutadi. Shu o‘rinda, 2014 yilda jami 605,8 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinganini ham ta'kidlash joiz bo‘ladi.

II. Chorvachilik sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijalari

Qoramolchilik yo‘nalishida 2262 ta loyihalar ishga tushirildi va ularda 64 ming bosh qoramollarni parvarish qilish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kungacha chetdan rejadagi 8 ming bosh o‘rniga 9 ming 850 bosh naslli qoramollar olib kelindi. Bu ko‘rsatkich, o‘tgan yilga nisbatan 117 foiz yoki 1458 boshga ko‘p degani.

Mavjud  4,5 mingdan ortiq zooveterinariya va sun'iy urug‘lantirish shaxobchalari tomonidan 2 mln. 106 ming bosh sigirlar sun'iy urug‘lantirildi (o‘tgan yilga nisbatan 110 foiz) hamda aholi va chorvachilik xo‘jaliklariga 11,5 mlrd. so‘mlik servis xizmatlari ko‘rsatildi.

Parrandachilik bo‘yicha 833 ta loyihalar tashkil etildi va ular tomonidan 12 mln. 166 ming bosh parrandalar sotib olinib parvarish qilinmoqda.

Aholi xonadonlarida parrandachilikni rivojlantirish maqsadida respublika bo‘yicha 26 ming 210 ta xonadonlarga 200 boshdan jami 5,2 mln. bosh parrandalarni boqish yo‘lga qo‘yildi.

Baliqchilikni rivojlantirish dasturiga e'tiborimizni qaratadigan bo‘lsak, bu yo‘nalishda, joriy yilda 761 ta baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etilib, ularning umumiy soni 3281 taga yetkazildi.

Baliqchilikda intensiv toxnologiyalarni joriy etish maqsadida 204 dona plastik basseynlar tayyorlanib ishga tushirildi. Bundan tashqari 31 ta irrigatsiya tizim havza boshqarmalari qoshida 143 ta baliqchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar tashkil etilib, 500 dona sadoklar (qafas) ishga tushirildi.

Asalarichilikni rivojlantirish dasturiga muvofiq joriy yilda 834 ta loyihalar ishga tushirildi va ularda 41 ming 230 ta asalari oilalari tashkil qilindi.

Bugungi kungacha jami asalarichilik sub'yektlari soni 9 ming 618 taga yetkazilib, ularda 424 ming 145 ta asalari oilalari parvarish qilinmoqda. (o‘tgan yilga nisbatan 111 foiz).

2015 yilda asalarichilik uyushmalari tomonidan chetdan 2 ming 320 ta naslli ona arilar olib kelindi va shu hisobidan 80 mingdan ortiq asalari paketlari tayyorlandi.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida, asalarichilik mahsulotlarini sotadigan 14 ta maxsus savdo do‘konlari tashkil qilindi va ularning soni 124 taga yetkazildi.

Bundan tashqari, chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida, 309 ming gektardan ortiq maydonlarga ozuqa ekinlar joylashtirildi. “O‘zdonmahsulot” AK tizim korxonalarida 914 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarilib, fermerlar va aholi qaramog‘ida chorva mollariga berildi.

Mazkur tadbirlar amalga oshirish natijasida 2014 yilda yirik shoxli qoramollar bosh soni 11 mln. boshga yetdi (o‘tgan yilga nisbatan 103,7 foiz) va 1906,5 ming tonna (o‘tgan yilga nisbatan 106,7 foiz). go‘sht, 8432,8 ming tonna (107 foiz) sut, 5 mln. dona (113 foiz) tuxum yetishtirildi.

Kishi jon boshiga go‘sht yetishtirish - 37,3 kg.ni, sut yetishtirish -  277,3 kg.ni va tuxum yetishtirish 161 dona tashkil etdi.

E'tiboringiz uchun rahmat!

Ma'ruzachi: S. Shermatov - O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.