Suv resurslaridan oqilona foydalanish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash - ustuvor vazifalardan biridir

15/09/2015 - 19:30 5969

Bugun Iqtisodiyot vazirligida Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida  “2013-2017 yillarda suv resurslaridan oqilona foydalanish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturi”ning bajarilishi masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Bir qator elektron va bosma ommaviy axborot vositalari ishtirok etgan mazkur tadbirda bugungi kunda yurtimizda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar va erishilgan natijalar muhokama qilindi.

Ma'lumki mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada barqaror rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ularning unumdorligini oshirish va shu tariqa qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini ko‘paytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 29 oktyabrdagi “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. 

Unga ko‘ra, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilash uchun quyidagi eng muhim ustuvor vazifalar belgilab olindi:

sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturlarini shakllantirish va uni amalga oshirishga yondoshuvlarni tubdan o‘zgartirish;

sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ishlarni moliyalashtirishning ishonchli mexanizmini ta'minlash;

lizing operatsiyalarini keng joriy etish yo‘li bilan suv xo‘jaligi tashkilotlari va suv iste'molchilari uyushmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, melioratsiya texnikasi saroyini yangilash.

Ushbu tadbirlarni samarali va to‘laqonli amalga oshirishni ta'minlash uchun respublikada bir qator yangi tizimlar tashkil etildi, jumladan:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi, uning asosiy vazifasi etib melioratsiya ob'yektlari qurish va rekonstruksiya qilish dasturlarini va ta'mirlash-tiklash hamda lizing asosida meliorativ texnika va uskunalari yetkazib berish ishlarini moliyalashtirish belgilandi;

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasini boshqarish Departamenti hamda jamg‘arma Kengashi tarkibi tasdiqlandi;

«O‘zmeliomashlizing» davlat lizing kompaniyasi, unga sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyati va boshqa suv xo‘jaligi ishlari bilan shug‘ullanuvchi suv xo‘jaligi qurilish va foydalanish tashkilotlari, shuningdek suv iste'molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklariga melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalarini lizingga berish vazifalari yuklatildi; 

melioratsiya va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan 49 ta davlat unitar korxonasi tuzildi.

Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 2008-2012 yillarda 1200 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning yer osti suvlari satxi pasayib optimal darajaga yetkazildi. Shuningdek, yer osti suv sathi 2 metrgacha bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlari 364,6 ming gektarga qisqartirildi, 81,2 ming gektar yuqori va o‘rta sho‘rlangan maydonlarda yerlar past sho‘rlangan va sho‘rlanmagan darajagacha pasaytirildi. Kuzatuvlarga ko‘ra, meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari amalga oshirilgan sug‘oriladigan yerlarda yetishtirilgan paxta hosildorligi 2-2,5 s/ga va g‘alla esa 2,5-3 s/ga oshgan.

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlarini davom ettirish maqsadida, 2013 yil 19 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1958-sonli qaroriga asosan “2013-2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Davlat dasturi qabul qilindi. 

Unga ko‘ra, 2013-2017 yillarda melioratsiya ob'yektlari qurish va rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va tiklash,  tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish va suv xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tadbirlarini amalga oshirish belgilandi.

2013-2017 yilga belgilangan Davlat dasturini amalga oshirilishi 1,1 mln. gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, shuningdek, kuchli va o‘rta sho‘rlangan yer maydonlari 87 ming gektarga yoki 12 foizga qisqartirish va melioratsiya ob'yektlarining (82 ming km) texnik holatini yaxshilash va 255 ming gektar maydonda kollektor-drenaj suvlarining kafolatli oqimini ta'minlash imkonini beradi.

Umuman, yuqoridagilarni inobatga olib aytish mumkinki, respublikamiz iqtisodiyotining barcha sohalari kabi qishloq xo‘jaligining tarmoq yo‘nalishlarida ham islohotlar izchil olib borilmoqda. Ularning amaliy natijalari esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining oshishi, xalqimiz turmush tarzining yuksalishi, obod va farovon hayotimizda o‘z aksini topmoqda.