Energiya tejamkorligi - iqtisodiy o‘sishning muhim omillaridan biridir

12/09/2015 - 20:04 5656

Bugun kunda xohlaymizmi yo‘qmi, jahon iqtisodiyotidagi global o‘zgarishlar, moliyaviy inqiroz bilan bog‘liq qaltis vaziyat o‘z ertasini o‘ylagan har bir mamlakat oldiga uning taraqqiyoti yo‘lida tez va puxta qarorlar qabul qilishni dolzarb vazifa etib qo‘ymoqda. Mamlakatimizda ham bu borada Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida olib borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotimiz tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilishni ko‘zda tutuvchi muhim hujjatlar ishlab chiqilmoqda va ular amaliyotga izchil joriy etilmoqda.

Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish hamda bozor mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish dasturi ushbu islohotlarning mantiqiy va uzviy davomidir.

Dastur, yettita muhim yo‘nalishni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, ulardan biri - energiya sarfini kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi.

Ma'lumki, so‘nggi yillarda respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va tejamli foydalanish masalalariga ustuvor vazifalardan biri sifatida qarab kelinmoqda. Boisi, bir tomondan, respublikada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga energiya sarflarini kamaytirishda bizda hali ishlatilmagan zahiralar ko‘p bo‘lib, ulardan unumli foydalanish imkoniyatlari mavjud bo‘lsa, ikkinchidan, yalpi ichki mahsulotning ishlab chiqarishga sarflanadigan energiya miqdori boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Shu ma'noda, yoqilg‘i-energetika resurslarining tejamkorlik bilan sarflanishini ta'minlash, ishlab chiqarishda mahsulot birligiga ishlatiladigan shartli yoqilg‘i miqdorini kamaytirish bilan bog‘liq masalalarni keng miqyosda joriy etishni taqozo etmoqda.

Bunda asosiy e'tibor: jismonan va ma'nan eskirgan ishlab chiqarish quvvatlarini energiyani tejaydigan texnologiyalar asosida ishlaydiganlariga almashtirish va yangi loyihalarda faqat shu talabga javob beradigan texnik-texnologik qurilma va yechimlardan foydalanish; ishlab chiqarishda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejaydigan uskunalarni joriy etish; mavjud xomashyo bazasidan oqilona foydalangan holda ularni chuqur qayta ishlashga doir loyihalarga ustuvorlik berish; asosiy ishlab chiqarish quvvatlari va yordamchi xo‘jaliklarda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish kabi omillar va yo‘nalishlarga qaratildi va bunday izlanishlar muntazam davom ettirilmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, respublikamizda amalga oshirilayotgan bu boradagi chora-tadbirlar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi kabi bir qator yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar hukumatlari tomonidan keng e'tirof etilmoqda.

Birgina misol, O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki hamkorligida  boshlangan moliyaviy mexanizm tufayli birinchi kredit liniyasida modernizatsiya qilish va eskirgan uskunalarni almashtirish uchun 31 ta sanoat loyihasi va uni amalga oshirish uchun 32 million AQSH dollari miqdorida kredit olindi. Uning 24 million AQSH dollari Xalqaro taraqqiyot uyushmasi mablag‘i hisobiga to‘g‘ri keladi.

Loyihalar, asosan, tog‘-kon, kimyo, elektr energetikasi, neft va gaz, va qayta ishlash kabi energiyani ko‘p miqdorda iste'mol qiluvchi sanoat tarmoqlarida amalga oshirildi. Natijada yiliga 152 million kilovatt/soatdan ortiq elektr energiyasi hamda 40 million kub metr gaz tejalishiga erishiladi.

Ayni paytda, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Jahon banki bilan hamkorlikda  76 ta loyihaning amalga oshirilishi natijasida yiliga 547 million kilovatt/soatdan ortiq elektr energiyasi hamda 214 million kub metr tabiiy gaz tejash rejalashtirilmoqda.

Muhimi, respublikada yetarli darajada tabiiy gaz, suyuq uglevodorodlar, ko‘mir va boshqa turdagi yoqilg‘i-energetika resurslari zahiralari mavjud va o‘z-o‘zini ta'minlash imkoniyatiga egamiz.

Shunday ekan, yaqin kelajakda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar yangi bosqichining mazmun va mohiyatini keng jamoatchilikka, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlariga yetkazish bo‘yicha joylarda “davra suhbatlari”, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, radio- va teledasturlar tashkil etish, OAV va internet tarmog‘ida tegishli maqolalarning chop etilishini keng miqyosda yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, o‘zining ahamiyatiga ko‘ra, 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish dasturida ko‘zda tutilgan mazkur yo‘nalish iqtisodiyotni bozor munosabatlariga butunlay va to‘liq o‘tishiga qaratilgan mamlakatimizning kelgusidagi iqtisodiy rivojlanishini belgilovchi asosiy dasturlar va vazifalardan biri bo‘lib qoladi.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.