O‘zbekiston Respublikasini 2015-yilning birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

29/07/2015 - 10:12 6968

Jahon iqtisodiyotida inqirozli hodisalar hamon davom etayotgan va xalqaro bozordagi beqarorlik sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan joriy yil 16-yanvarda bo‘lib o‘tgan Respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar shu yilning birinchi yarmida mamlakatimizda mustahkam iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash imkonini berdi. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yanada kengaytirish va kelgusi yillarda iqtisodiyotimizni barqaror yuksaltirish uchun mustahkam poydevor yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturi ishlab chiqildi va qabul qilindi. 

2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash bo‘yicha qabul qilingan dastur xususiy mulkni ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda uning ulushi va ahamiyatini oshirish, zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya iste’moli hajmini kamaytirish hamda energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan yettita o‘zaro bog‘liq strategik dasturiy hujjatni o‘z ichiga olgan. 

Dasturning ushbu har bir muhim yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan davrda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining dasturda belgilab berilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish, ularning samaradorligini oshirish va tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish borasida muvofiqlashtirilgan holda faoliyat yuritishini ta’minlashga doir kompleks tadbirlar ishlab chiqildi. 

I. Yetakchi sanoat tarmoqlarini tarkibiy o‘zgartirishni kengaytirish va chuqurlashtirish, modernizatsiya qilish va faol diversifikatsiyalash hisobidan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini yanada oshirish

2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi, shuningdek, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish hamda diversifikatsiyalashning o‘rta muddatli dasturlari izchil bajarilishi samarasida joriy yilning birinchi yarmida barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlash, makroiqtisodiy muvozanat va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sishi ta’minlandi. 

2014-yilning birinchi yarmiga nisbatan yalpi ichki mahsulot hajmi 8,1 foiz, sanoat mahsulotlari 8,1 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 6,5 foiz o‘sdi. Makroiqtisodiyot barqarorligini yanada mustahkamlash davlat byudjeti profitsitining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz va mamlakat tashqi savdo aylanmasining 83,4 million dollarlik ijobiy saldosi hamda soliq yukini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 17,7 foizdan 17,4 foizga izchil kamaytirish orqali ta’minlandi. 

Yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari jami ichki daromadni 10,8 foiz oshirish imkonini berdi. Shuningdek, iste’mol talabini rag‘batlantirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar chakana savdo aylanmasi hajmini 14,8 va aholiga pullik xizmat ko‘rsatishni 10,4 foiz oshirishda o‘z ifodasini topdi. 

2012-2016-yillarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi ijrosi doirasida joriy yilning birinchi yarmida 7,5 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatish va servis obyektlarining tashkil etilishi xizmatlar hajmining 13,1 foiz o‘sishi va yalpi ichki mahsulotda ushbu soha ulushini 52,9 foizgacha oshirish imkonini berdi (2014-yilning birinchi yarmida 52,7 foiz).

Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va resurs bazasini rivojlantirish bo‘yicha 2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh etish va barqarorligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari dasturining amalga oshirilishi joriy yil birinchi yarmida tijorat banklari umumiy kapitalini 24,3 foiz va ularning aktivlarini 27,6 foiz oshirish imkonini berdi. Natijada mamlakatimiz bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi eng kam xalqaro standartlardan qariyb 3 barobar oshadigan, bank tizimining likvidlik darajasi esa eng kam talablardan 2 barobar ortiq darajada saqlandi.

2015-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari
(2014-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar O‘sish sur’atlari
Yalpi ichki mahsulot 108,1
Sanoat mahsulotlari 108,1
Iste’mol tovarlari 113,5
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 106,5
O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 109,8
Qurilish ishlari 118,0
Chakana savdo aylanmasi 114,8
Pullik xizmatlar 110,4
Jami xizmatlar 113,1

Joriy yil boshidan buyon Markaziy bank tomonidan qayta moliyalash stavkasining 10 foizdan 9 foizga tushirilishi shu yilning birinchi yarmida tijorat banklarining iqtisodiyot real sektoriga kredit ajratish hajmini 30,5 foiz ko‘paytirish imkonini berdi va umumiy hajmning 79,7 foizini investitsiya maqsadlari uchun uzoq muddatli kreditlar tashkil qildi. 

Xususan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida joriy yil boshidan buyon texnologik uskuna xarid qilish va aylanma kapitalni to‘ldirish uchun iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga tijorat banklari tomonidan 2,2 trillion so‘mdan ortiq yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p kredit ajratildi. Natijada joriy yilning birinchi yarmida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 13,5 foiz, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 21,6 va nooziq-ovqat mahsulotlar ishlab chiqarish 8,3 foiz ko‘paydi.

Ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali muhim ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirishni tezlashtirish, shuningdek, hududlar sanoat salohiyatini mustahkamlash, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi samarasida joriy yilning birinchi yarmida o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmi 18 trillion so‘mni tashkil qildi va 2014-yilning shu davriga nisbatan 9,8 foiz oshdi. 

Ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlarini yanada rivojlantirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari bilan birga investitsiyaviy faollikning o‘sishi qurilish ishlari hajmini 18 foiz oshirish imkonini berdi. 

O‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmining 1,5 milliard dollari yoki 21,3 foizini xorijiy investitsiya va kreditlar (o‘sish 11 foiz), jumladan, 1,2 milliard dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (o‘sish 10,9 foiz) tashkil qildi. O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun o‘zlashtirilgan mablag‘lari hajmi 5,6 foiz o‘sdi va 225 million dollarni tashkil etdi. 

Joriy yilning birinchi yarmida o‘zlashtirilgan eng ko‘p investitsiyalar hajmini xo‘jalik subyektlarining o‘z mablag‘lari tashkil qildi (umumiy hajmning 32,3 foizi) va bu ko‘rsatkich 2014-yilning shu davriga nisbatan 31,8 foiz o‘sdi. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha tarmoq dasturlari, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar faol amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.

Joriy yil boshidan buyon Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 160,9 million dollarlik 63 loyiha amalga oshirildi. Maxsus tashkil etilgan industrial zonalarda 2015-yil boshidan buyon umumiy qiymati 16,1 million dollarlik 5 loyiha, jumladan, «Jizzax» maxsus industrial zonasi hududida tikuv mashinalari, avtomobil tormoz kolodkalari, metizlar, metall profillar, polipropilen quvurlar, fitinglar, ventil va akssesuarlar hamda «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida bakteriyalar va virusga qarshi dori preparatlari ishlab chiqarish hayotga tatbiq etildi. 

Umuman, mamlakatimizda joriy yilning birinchi yarmida 1866 ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi va 24,8 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish bo‘yicha eng ko‘p loyihalar qurilish materiallari sanoatida (666 loyiha), oziq-ovqat sanoatida (461), to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida (337), mebel sanoatida (169), kimyo va neftkimyo sohasida (149) amalga oshirildi. 

Bundan tashqari, texnologik jarayonlar va xomashyo hamda materiallar sarflash normalarini oqilona tashkil etish, yo‘qotish va noishlab chiqarish xarajatlarini bartaraf etish, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga doir chora-tadbirlar doirasida shu yil boshidan buyon yirik korxonalarda qiymati 43,3 million dollarlik 819 ta ma’nan va jismonan eskirgan uskunalar almashtirildi. Ko‘rilgan choralar natijasida yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi o‘rtacha 9,6 foiz kamaytirildi, sanoatda mehnat unumdorligi 6,4 foiz oshirildi va yalpi ichki mahsulotda energiya sarfi 10,4 foizga qisqartirildi. 

Shu bilan birga, 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfini kamaytirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida yangi O`zDST ISO 500001:2011 «Energetika menejmenti tizimi. Foydalanish talablari va qo‘llanmasi» standarti ishlab chiqildi va tasdiqlandi, Toshkent davlat texnika universiteti va Buxoro muhandislik-texnologiya institutida talabalarni yangi «Energetika auditi va sanoat korxonalarini energetik tadqiq qilish» mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv yo‘nalishi tashkil etildi.

Respublika innovatsiya g‘oyalari va ishlanmalari yarmarkalari davomida tuzilgan shartnomalar doirasida 2015-yilning birinchi yarmida 3 ishlanma bo‘yicha yangi texnologiyalar ishlab chiqarishga joriy etildi, 17 ishlanma bo‘yicha sanoat-tajriba mahsulotlari namunalari ishlab chiqarildi va 2 shartnoma bo‘yicha namunalar tajriba sinovidan o‘tkazildi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish korxonalariga 10 shartnoma bo‘yicha ilmiy va ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqarilgan ilmtalab mahsulotlar yetkazib berildi, 15 shartnoma asosida texnologik reglament, uslub, texnik shartlar, sxemalar va boshqa shu kabilar ishlab chiqishga doir ilmiy-texnik xizmatlar ko‘rsatildi. 

Sanoatni barqaror rivojlantirish, sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va ularning raqobatbardoshligini oshirishni ta’minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida shu yilning birinchi yarmida karbamid (2014-yilning shu davriga nisbatan 119,2 foiz), superfosfat (183,9 foiz), yuk avtomobillari (127,6 foiz), portlandsement (112,6 foiz), shakar kukuni (153,1 foiz), yorma (192 foiz), ipak tola (163 foiz), trikotaj buyumlar (2,1 barobar), maxsus kiyim (164,3 foiz) va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish sezilarli ravishda ko‘paydi. Buning natijasida hisobot davrida birja savdolarida sement (2014-yilning shu davriga nisbatan 129,5 foiz), mineral o‘g‘itlar (154,4 foiz), suyultirilgan gaz (119,9 foiz), qora metall prokati (125,6 foiz), paxta linti (135,2 foiz) sotish hajmi oshdi. 

Bu borada yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yengil sanoat (o‘sish 114,2 foiz), (jumladan, tikuvchilik 122,8 foiz, charm ishlab chiqarish 122 foiz), yog‘ochni qayta ishlash (113,8 foiz), oziq-ovqat sanoati (116,9 foiz) (jumladan, meva-sabzavotlar 111,2 foiz) kabi qayta ishlash tarmoqlari jadal rivojlandi. 

Xususan, ishlab chiqarilayotgan iste’mol tovarlari turlarini kengaytirishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida to‘qimachilik sohasida o‘tgan davrda 38 turdagi yangi mahsulotlar va tayyor tikuvchilik-trikotaj buyumlarining 174 yangi modelini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini ko‘paytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida 105 turdagi yangi qandolat, konservalangan meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 

Tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hajmini oshirish va turini kengaytirish imkonini berdi. Dastur doirasida joriy yilning birinchi yarmida 608 mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha qiymati 1,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, import o‘rnini bosish samaradorligi 640,6 milliondan ortiq dollarni tashkil qildi. Bu borada 585 turdagi yangi mahalliylashtirilgan mahsulotlar, jumladan, kompressor agregatlar ehtiyot qismlari va uzellari (markazdan qochirma va porshen mahsulotlari), motor moylari, gidravlika uchun suyuqliklar, VG-1,2 shaxta vagonchalari, EKG5A va EKG20 ekskavatorlari uchun ehtiyot qismlar, «Damas» avtomobillarining shtampalangan kuzov detallari, mashiy texnika butlovchi qismlari, yangi turdagi muzlatgich va sovutgichlar, elektr pechlar, maishiy chiroqlar, energiya tejaydigan yorug‘lik diodli lampalar va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 

Bundan tashqari, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yirik sanoat korxonalari uchun chetdan olib kelinadigan butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga doir chora-tadbirlar samarasida joriy yilning birinchi yarmida import hajmini 196,8 million dollarga qisqartirishga erishildi. 

Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish, tashqi bozorda xaridorgir mahsulot ishlab chiqaradigan yangi quvvatlarni tashkil etishni rag‘batlantirishga oid chora-tadbirlar natijasida joriy yil boshidan buyon yana 493 yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi. Avtobuslar, oq sement, mis quvurlar, gigiyena buyumlari, suyuq va gazsimon argon, lok-bo‘yoq mahsulotlari, travertin va sopol koshinlar, maishiy gaz, elektr va kombinatsiyalangan plitalar, yangi turdagi kabel-o‘tkazgich mahsulotlari, avtomobil o‘rindiqlari, avtomobillarning shtampalangan va payvandlangan detallari, payvandlash uskunalari, yangi turlagi konservalangan meva-sabzavot mahsulotlari va boshqa qiymati 64 million dollardan ziyod 168 turdagi yangi tovarlar eksportga yetkazib berildi. 

Joriy yil boshidan buyon meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga doir chora-tadbirlar samarasida 14,7 ming tonna sig‘imga ega 21 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizatsiya qilindi, 255 ming tonna meva-sabzavot eksport qilindi. 

Umuman, joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha 1,3 million tonna kartoshka (o‘sish 109 foiz), 2,6 million tonna sabzavot (108,5 foiz), 163 ming tonna poliz mahsulotlari (108,1 foiz), 839,2 ming tonna meva (107,3 foiz) va 24,3 ming tonna uzum (109,1 foiz) yetishtirildi. 

21,8 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar va 16,6 ming gektar yerda uzumzorlar barpo etish hamda ularni rekonstruksiya qilish, shuningdek, 501 fermer xo‘jaligi bazasida 264 gektar, 9,3 ming shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida 399 gektar maydonda issiqxonalar barpo etilishi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish imkonini berdi. 

Qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik yangilashga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida 2015-yil boshidan buyon chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha qoramollar umumiy soni 57,5 ming bosh bo‘lgan 2,4 mingdan ortiq loyiha, parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha parrandalar soni 11,9 million bo‘lgan 800 loyiha, baliqchilikni rivojlantirishga doir 864 va asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha 916 loyiha hayotga tatbiq etildi. Natijada o‘tgan davrda qoramollar umumiy soni 11,1 million boshga yetdi (2014-yilning birinchi yarmiga nisbatan 103,1 foiz), 944 ming tonna go‘sht (106,5 foiz), 3,9 million tonna sut (106,8 foiz), 2,8 milliard dona tuxum (111,6 foiz) yetishtirildi. 

II. Rivojlangan infratuzilma, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya tizimlarini tashkil etish, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish

Joriy yilning birinchi yarmida 2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturiga kiritilgan loyihalarni jadal amalga oshirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar bajarildi. 

Shu qatorda, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish doirasida 16 investitsiya loyihasi, jumladan, Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasini barpo etish, Toshkent-Samarqand va Samarqand-Qarshi temir yo‘l liniyalari uchastkalarida tez harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari qatnovini yo‘lga qo‘yish, Samarqand-Buxoro va Maroqand-Qarshi temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish, Qarshi vokzalini rekonstruksiya qilish loyihalari amalga oshirildi. Transport tarkibini yangilash maqsadida lokomotivlarning 25 seksiyasida kapital ta’mirlash-qayta tiklash ishlari bajarildi, 1031 yuk vagoni ta’mirlandi va qayta tiklandi, 221 yuk va 10 yo‘lovchi tashish vagoni ishlab chiqarildi. 

O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlarida shu yilning o‘tgan davrida 497,3 milliard so‘m, jumladan, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 297,2 milliard so‘m va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati bilan xorijiy zayomlar hisobidan 80,5 million dollar o‘zlashtirildi. 

Aholining sifatli ichimlik suvidan foydalanish darajasini oshirish va aholi punktlarining sanitariya holatini yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida joriy yilning o‘tgan davrida xalqaro moliya institutlarining 48,6 million dollarga teng mablag‘i va Davlat byudjetidan 191,2 milliard so‘m o‘zlashtirildi. Mamlakatimizda jami 1033,4 kilometr, jumladan, qishloq joylarda 864 kilometr suv quvurlari tarmog‘i foydalanishga topshirildi.

Shu yilning o‘tgan davrida 2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish davom ettirildi. Dastur doirasida yil boshidan buyon keng polosali foydalanish uchun mo‘ljallangan 1050 kilometrdan ziyod optik-tolali tarmoqlar barpo etildi va zaxiraga olindi, 20 aksiyadorlik kompaniyasi, birlashma va yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarish hamda boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha 38 loyiha amalga oshirildi. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatayotgan provayder va operatorlar soni 800 subyektni tashkil qildi, 290 dan ortiq korxona dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish va davlat organlari hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning kontaktsiz elektron shakllarini joriy etishga doir chora-tadbirlar natijasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ayni paytda davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyatining 650 organi, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari ulangan. 

Joriy yil boshidan buyon Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 27,4 ming tadbirkorlik subyekti internet orqali ro‘yxatga olindi, 170,8 ming bojxona yuk deklaratsiyasi (umumiy ko‘rsatkichning 99,9 foizi) elektron shaklda rasmiylashtirildi. Tadbirkorlik subyektlari soliq va statistika hisobotlarini to‘liq elektron shaklda taqdim etmoqda. Oliy xo‘jalik sudi ko‘rib chiqqan tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektron shaklda taqdim etilgan da’vo arizalari va iltimosnomalar soni 1,7-marta ko‘paydi, sud ishi ishtirokchilarining 34,5 mingdan ortiq xabarnomasi va sud hujjatlari elektron shaklda yuborildi, 2398 sud majlisi videokonferensiya rejimida o‘tkazildi.

III. Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun to‘liq erkinlik yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish 

Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi doirasida joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik subyektlarining huquq va kafolatlarini kuchaytirishni nazarda tutadigan norma va tartib-taomillarni amalda joriy etish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish va kichik biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish ishlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 26-martda “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining maxsus axborot portali orqali elektron savdo yo‘li bilan tadbirkorlik subyektlaridan eng zarur tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 69-qarori qabul qilindi. 

Tadbirkorlik faoliyati huquq va kafolatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida Bosh prokuratura tomonidan davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashishi, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va mulkdorlar huquqlarining buzilishiga doir masalalar bo‘yicha murojaatlarni tunu kun uzluksiz qabul qilish tizimi joriy etildi. 

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va kichik ishlab chiqarishni tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida joriy yilning birinchi yarmida kichik biznes subyektlariga 6,4 trillion (jumladan, 1,4 trillion so‘mlik mikrokredit) so‘m kredit ajratildi. Bu 2014-yilning shu davriga nisbatan 1,3-marta ko‘pdir. Kichik biznesni rivojlantirish uchun 86,4 million dollar miqdorida xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari o‘zlashtirildi. O‘zbekiston banklar uyushmasi huzuridagi Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasi ko‘magida kichik biznes subyektlarining 16,7 milliard so‘mlik 24 loyihasi moliyalashtirildi.

Xususiy tadbirkorlarning tovar-xomashyo bozorlaridan foydalanishini yanada kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Buning samarasida kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan birja savdolari orqali sotilgan mahsulotlar hajmi 20,7 foiz, xarid qilingan mahsulotlar esa 17,5 foiz o‘sdi.

Davlat xaridlari bo‘yicha o‘z tovar va xizmatlarini yetkazib berish uchun akkreditatsiyadan o‘tkazilgan kichik biznes subyektlarining umumiy soni 2014-yilning shu davri bilan taqqoslaganda 2,6 barobar oshib, qariyb 35,6 ming subyektni yoki davlat xaridlari ishtirokchilarining 98,2 foizini tashkil etdi. Elektron savdolar orqali amalga oshirilgan davlat xaridlari umumiy hajmining 99,5 foizdan ortig‘i kichik biznes subyektlaridan sotib olindi.

Kichik biznes subyektlariga o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishda yordam berish maqsadida joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 416 tadbirkorlik subyektiga qiymati 512 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashildi. Bundan tashqari, 38 tadbirkorlik subyektiga 406 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi va xorijlik xaridorlarni topish hamda umumiy qiymati 5,6 million dollarlik eksport shartnomalarini imzolashga yordam berildi.

Joriy yilning birinchi yarmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari «O‘ztadbirkoreksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi orqali 485 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Bundan tashqari, «O‘zstandart» agentligi huzuridagi Mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlash byurosi tomonidan 654 korxonaga maslahat xizmatlari ko‘rsatildi, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash, akkreditatsiya, mahsulotlar eksporti va xalqaro hamda mamlakatlarga oid talablarni joriy etish sohasida 29 xalqaro bitim imzolandi.

Umuman olganda, ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida 15,2 mingta yangi kichik biznes subyektini tashkil etish imkonini berdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,3 foiz ko‘pdir. Sanoat va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari (umumiy ko‘rsatkichning 36,5 foizi), qurilish (11,5 foiz), shuningdek, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida (29,8 foiz) eng ko‘p kichik biznes subyekti tashkil etildi.

Xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash natijasida joriy yilning birinchi yarmida kichik biznesning sanoatdagi ulushi 31,4 foiz (2014-yilning shu davrida 28,9 foiz bo‘lgan), chakana tovar aylanmasida 86,3 foiz (85,9 foiz), pullik xizmatlarda 47,6 foiz (45,2 foiz) va bandlikda 77,2 foizga (76,8 foiz) yetdi. 

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish maqsadida joriy yilning birinchi yarmida Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida davlat aksiyalarining 104 paketi savdoga chiqarildi, aksiyalarning 14 paketi xususiy mulkdorlarga sotildi, shuningdek, 27 korxonada davlat ulushi xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarning ustav kapitaliga berildi.

Bundan tashqari, ochiq savdolarda xususiy tadbirkorlik subyektlariga 42 bo‘sh va foydalanilmayotgan davlat mulki obyekti sotildi. Ommaviy axborot vositalarida «nol» xarid qiymati bo‘yicha sotuvga qo‘yilgan 512 obyektga doir tanlov savdolarini o‘tkazish shartlari e’lon qilindi va dastlabki savdolar yakuniga ko‘ra, 141 obyekt 6,7 million dollar va 145,1 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritish hamda 3,7 ming ish o‘rni tashkil etish sharti bilan sotildi. 

Korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 623 aksiyadorlik jamiyatida aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlari o‘tkazildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 24-apreldagi 4720-farmonida aksiyadorlik jamiyatlarining tashkiliy tuzilmasini namunaviy tashkiliy tuzilmaga muvofiqlashtirish hamda aksiyadorlik jamiyati rahbarlarini tanlov asosida, jumladan, xorijiy menejerlar orasidan tayinlash bo‘yicha ularning nizomiga o‘zgartishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha belgilangan talablar bajarildi.

Shu bilan birga, zamonaviy korporativ boshqaruv talablari inobatga olinga holda, Lavozim va kasblarning yangi klassifikatori ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Unga 566 yangi lavozim va kasb, jumladan, aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ boshqaruv tuzilmasini ta’minlash uchun 74, ishlab chiqarish sohasida 383, bozor infratuzilmasida 54, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida 22 lavozim joriy etildi. Ayni paytda Klassifikatorning kadrlar tayyorlash tizimi va iqtisodiyot ehtiyojlari bilan bog‘liqligini ta’minlash maqsadida har bir kasb va lavozim o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim yo‘nalishlariga muvofiqlashtirildi.

IV. Aholi bandligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish, ta’lim jarayoni va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish 

Iqtisodiy rivojlanish barqarorligini saqlash iqtisodiyotni isloh etish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar bilan birga tashkil etilayotgan yangi ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish va aholi bandligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida 441,8 ming ish o‘rni yaratildi. Shundan 274,9 ming ish o‘rni (umumiy ko‘rsatkichning 62,2 foizi) qishloq joylarda tashkil etildi. Ayni paytda sanoatning alohida tarmoqlari bo‘yicha kichik biznes sohasida ish bilan band bo‘lganlarning belgilangan sonini oshirish natijasida joriy yil boshidan buyon to‘qimachilik, charm, oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoatida qo‘shimcha 4,7 ming yangi ish o‘rni yaratildi. 

2014/2015 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va ularni ish bilan ta’minlash maqsadida shu yilning birinchi yarmida bitiruvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashini tashkil etish va ularni ushbu korxonalarda ishga joylashtirishni nazarda tutadigan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida ta’lim jarayoni va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida ta’lim va tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek, ularni zamonaviy asbob-uskuna va inventarlar bilan jihozlash uchun qiymati 737,7 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi.

2015-yil boshidan buyon 2,5 milliondan ziyod maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari va umumta’lim, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’lim muassasalari o‘quvchilari chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Shu yilning birinchi yarmida «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida 70,8 mingdan ziyod urush faxriysi, jumladan, 2,9 ming nafar urush nogironi va 67,9 ming mehnat fronti faxriysi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Viloyatlardagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida 9 mingdan ziyod keksaga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Xususan, qariyb 203 namunali murakkab jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilib, hududiy tibbiyot muassasalari amaliyotiga 35 dan ortiq yangi tashxis va davolash usullari joriy etildi. Umuman, yil boshidan buyon «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi doirasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun 1,5 trillion so‘m va 37,4 million dollar o‘zlashtirildi.

Yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, bandlikni oshirish va aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida o‘rtacha ish haqining 17 foiz va pensiyalarni 22 foiz oshirish imkonini berdi.

2015-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari mamlakatimizda qabul qilingan iqtisodiyotni rivojlantirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, raqobatbardoshligini ta’minlash strategiyasining tizimli va izchil amalga oshirilishi tufayli, jahon iqtisodiyotida saqlanib qolayotgan inqirozli hodisalarga va global iqtisodiy rivojlanish sur’atlari susayganligiga qaramay, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari va makroiqtisodiy muvozanatni mustahkamlash ta’minlanayotganidan dalolat beradi.

Ta’kidlash joizki, erishilayotgan yutuqlar va mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish istiqbollari xalqaro moliya institutlari tomonidan yuqori baholanmoqda. Jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2015-yil aprel-may oylarida mamlakatimizda bo‘lgan missiyasi boshlig‘ining bayonotida “...O‘zbekiston iqtisodiyoti murakkab tashqi sharoitda ham o‘z barqarorligini namoyon etmoqda. ... 2015-yilda iqtisodiy o‘sish, kutilganidek, yuqori bo‘ladi. Bunga yaqinda qabul qilingan sanoat va infratuzilmani modernizatsiya qilish, xususiylashtirish va korporativ boshqaruv dasturlari samarasida erishiladi”, deb qayd etildi.

2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturining mamlakatimiz iqtisodiyotini bozor munosabatlariga qat’iy o‘tkazishning muhim vazifalari hisoblangan asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha barcha darajadagi ishlarni tizimli va muvofiqlashtirilgan holda tashkil etish joriy yilning keyingi davrida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barqaror yuqori ko‘rsatkichlarini saqlashni ta’minlashning muhim vazifalaridir. 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.