Asosiy turdagi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani

15/07/2015 - 19:49 6226

Bugun Iqtisodiyot vazirligida Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Asosiy turdagi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Bir qator elektron va bosma ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan mazkur matbuot anjumanida bugungi kunda yurtimizda meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, mazkur sohaning rivojlanishiga ta'sir etuvchi asosiy omillar va erishilgan natijalar muhokama qilindi.

Ma'lumki mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizning agrar tarmog‘ini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, paxta yakkaxokimligidan voz kechish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash borasida mavjud ichki imkoniyatlardan foydalanishga qaratilgan aniq strategiya belgilangan edi.

Unga ko‘ra keyingi yillarda respublikada paxta ekin maydonlarini bosqichma-bosqich qisqartirilib, uning o‘rniga boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari xususan g‘alla, sabzavot, kartoshka va boshqa turdagi poliz ekinlari uchun ekin maydonlari kengaytirildi.

Natijada g‘alla ekin maydonlarining umumiy yer maydonidagi ulushi 1991 yilda 25,7 foizdan bugunga kelib 45 foizga, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlari maydoni 7 foizdan 8,8 foizga yetdi, va aksincha, paxta maydoni 41,9 foizdan 35,4 foizga kamaydi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda asosiy o‘rin tutuvchi meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasi ham jadal sur'atlar bilan rivojlandi.

So‘nggi 5 yilda sabzavot, kartoshka, poliz ekin maydonlari 119 foizga, bog‘ va tokzorlar maydonlari esa 111 foizga kengaydi.

Bugungi kunga kelib sug‘oriladigan yer maydonlarining 20 foizi asosiy turdagi meva-sabzavot, kartoshka va uzum ekinlari yetishtirish uchun foydalanilmoqda. Sohaning yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 41 foizni, jami qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportidagi ulushi esa 43 foizni tashkil qiladi.

Ekin maydonlarini optimallashtirish tadbirlari bilan bir qatorda sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, yangi intensiv bog‘lar va uzumzorlar barpo qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Bu borada, so‘nggi yetti yil mobaynida 36,8 ming gektar maydonda yangi bog‘lar, 35,3 ming gektar tokzorlar tashkil qilish va 57,8 ming gektar eskirgan bog‘ maydonlarini hamda 37,3 ming gektar tokzorlarni rekonstruksiya qilish orqali mavjud bog‘larning 40 foizdan, tokzorlarning esa 30 foizdan ortig‘i yangilandi.

Shuningdek so‘nggi besh yil davomida respublikada ilg‘or xorijiy tajribalar asosida 23,5 ming gektar (bu, jami bog‘ maydonning 9 foizidan ortig‘i degani) maydonda tomchilatib sug‘orish va boshqa innovatsion texnologiyalarga asoslangan yuqori hosilli pakana va yarim pakana ko‘chatli intensiv bog‘lar yaratildi.

Birgina 2009-2015 yillarda jami 2,6 ming gektar maydonda issiqxonalar tashkil etildi.

Natijada, so‘nggi besh yilda asosiy turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish 1,6 martaga oshdi va 2014 yilda jami 17,4  mln. tonna mahsulot yetishtirildi. Shu bilan birga, aholi jon boshiga mahsulot yetishtirish ushbu davrda 1,6 barobarga oshdi, 2009 yildagi 509,7 kg dan 2014 yilda 579 kg ga yetdi.

Mahsulot ishlab chiqarish hajmining oshishi natijasida uni tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va eksport qilishning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlariga alohida e'tibor qaratildi.

Sohaning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida, 2004-2014 yillarda joylarda 475 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini qayta ishlovchi 130 ta korxona tashkil etildi, 145 dan ortiq yangi tayyor mahsulot turlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Keyingi o‘n yilda meva-sabzavot va uzumni qayta ishlash ko‘rsatkichlari 4,2 martaga oshdi, ya'ni, boshqacha qilib aytganda, 2004 yildagi  557 ming tonnadan 2014 yilda 2320 ming tonnaga yetdi.

Asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bugunga kelib, eksport hajmi 400 ming tonnadan 700 ming tonnaga yetdi. Mahsulot nomenklaturasini kengaytirish hisobiga eksport qiymati bu davrda sezilarli ravishda oshdi.

Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish Dasturiga ko‘ra, so‘nggi besh yilda hududlarda jami 231,8 ming tonna mahsulot saqlash quvvatiga ega bo‘lgan 347 ta yangi sovutkichli kameralar qurildi va 49,8 ming tonnalik 80 ta mavjud sovutish kameralari modernizatsiya qilindi.

Umuman meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmining oshishi ichki iste'mol bozorining  ularga bo‘lgan  ehtiyojini barqaror ta'minlash, shuningdek, asosan, qishloq joylarda zamonaviy qayta ishlash korxonalari va saqlash tizimlarini barpo etish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari tashkil etish,  aholining ish bilan ta'minlash, ularning daromadlari va turmush darajasini oshirishga zamin yaratadi.