Qoraqalpog‘istonda chet tillarini o‘rganishga alohida e'tibor qaratilmoqda

13/07/2015 - 19:03 58960

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash ishlalari yurtimizning barcha hududlaridagi kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham izchil yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan bu borada qo‘shma chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Ayni paytda qoraqalpoq zaminida faoliyat ko‘rsatayotgan 706 ta umumta'lim maktablarida jami 1 ming 229 ta maxsus chet tili o‘quv xonalari ajratilib, ular tegishli tartibda jihozlantirilmoqda.

2014-2015 o‘quv yilida jami 33548 nafar 1-sinf o‘quvchilari uchun 33 ming 772 dona chet (32 960 ta ingliz, 513 ta nemis, 299 ta fransuz)  tili darsliklari, 29542 nafar 2-sinf o‘quvchilari uchun jami 32 ming 169 dona chet (31 528 ta ingliz, 295 ta nemis, 346 ta fransuz)  tili darsliklari va mashq daftarlari tarqatildi.

Ta'kidlash kerakki, 2014-2015 o‘quv yilida umumta'lim maktablarining 2-sinf o‘qituvchilari uchun ingliz, nemis, fransuz tillaridan o‘quv va metodik qo‘llanmalari to‘laqonli yetkazib berildi. Shuningdek, maktablarda 2-4-sinf o‘quvchilari uchun chet tillarini o‘rganish bo‘yicha 2326 to‘garak tashkil etilib, ularga 60679 o‘quvchi jalb etilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari ham ushbu tillardagi o‘quv va metodik qo‘llanmalar va darsliklar bilan ta'minlandi.

Bundan tashqari, respublikaning 310 ta maktabgacha ta'lim muassasasida ingliz tili bo‘yicha 460 ta to‘garak tashkil etilib, ularda 10 mingdan ziyod bolalar o‘z bilimlarini oshirmoqda. Shu bilan birga, «Barkamol avlod» bolalar markazlarida ham chet tillarini o‘rgatish ishlari sezilarli darajada oshirilgan. 28 ta to‘garakda yetti yuzga yaqin murg‘ak qalblar til o‘rganish bilan mashg‘ul.

Ma'lumki, bunday sharoitda, avvalo, ushbu tillarda saboq beradigan murabbiy-o‘qituvchilarning bilim saviyasi va amaliy tajribasini talab darajasida oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma'noda, 2013-2015 yillar davomida respublika miqyosida umumta'lim maktablaridagi 1676 nafar (1474 ingliz, 131 nemis, 71 fransuz) chet tili fani o‘qituvchilarining malakasi oshirildi.

Bundan tashqari, chet tillarini o‘qitishning samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilib, malaka oshirish tizimiga qo‘shimcha ravishda o‘qituvchilarning o‘z hududlarida haftasiga bir kunlik doimiy malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Mazkur kurslar uchun Qoraqalpog‘istondan 42 ta tayanch maktabi va 54 ta trenerlar tanlab olinib, Toshkent shahridagi Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bazasida hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi chet tillarini o‘qitishning innovatsion metodlarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazidagi maqsadli kurslarda ularning malakasi oshirildi va trenerlik sertifikatlariga ega bo‘lishdi.

Bir so‘z bilan aytganda, hukumatimiz uzluksiz ta'lim tizimining chet tillari bo‘yicha davlat ta'lim standartini tasdiqlash bilan bog‘liq qarorining mazmun-mohiyatini ochishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot  ishlari qoraqalpoq zaminida ham faol davom etmoqda. Bunday yaratilgan qulayliklardan xalq ta'limi sohasi xodimlari o‘zlarining malakalarini oshirish maqsadida turli o‘quv-seminarlarini tashkil etish orqali ham unumli foydalanishmoqda.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.