Hududiy sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjalari bo‘lib o‘tmoqda

15/04/2015 - 17:06 36540

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2015 yil 7-8 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Hududiy sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi haqida

Respublikamizda har yili an'anaga aylanib, o‘tkazilib kelinayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 12 noyabrdagi PF-3937-sonli «Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan.

Sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi, bir tomondan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar gorizontal aloqalarining mustahkamlanishida, ichki bozorda mahsulotlarga bo‘lgan talablarining to‘liq qondirilishida imkoniyatlar yaratadigan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xaridorlarning talablari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hisobidan ta'minlanishida katta ahamiyatga ega.

Bulardan tashqari yarmarkaning o‘tkazilishi mahsulot, xom-ashyo va butlovchi buyumlarni o‘zimizda ishlab chiqarish hajmini kengaytirish hisobiga ichki bozorimizni to‘ldirish va import orqali olib kelinadigan mahsulotlar hajmini keskin kamaytirish imkonini yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 13 martdagi 59-sonli “2015 yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2015 yil 20 martdagi 73-sonli qaroriga muvofiq joriy yilning 7-8 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida Hududiy sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 1433 ta, shundan 24 ta yirik korxona va 1409 ta kichik tadbirkorlik sub'yektlari faoliyat yuritmoqda.

2014 yilda tashkil etilgan hududiy sanoat yarmarkada 215 ta korxona va tashkilotlar o‘z mahsulotlari bilan qatnashib, ular tomonidan 10,4 mlrd. so‘m miqdorida shartnomalar imzolangan bo‘lsa, 2015 yilda tashkil etilgan hududiy sanoat yarmakasida 293 ta korxona va tashkilotlar o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi, ya'ni o‘tgan yil bilan solishtirganda 36,3 foizga ko‘pdir. Joriy yilda o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasida 14,6 mlrd. so‘m (140,4 foizga) miqdorida 517 ta ichki shartnomalar (2,2 martaga) va 10,7 mln. dollarlik (110,0 foizga) 25 ta eksport shartnomalari (104,2 foizga) imzolandi.

Mazkur yarmarkaga tashrif buyuruvchilar soni 8 ming nafardan oshdi, shundan 14 nafari chet el kompaniyalari vakillaridir.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.