Tadbirkorlik subyektlariga yer berish tartibotlari maqbullashtirilmoqda

05/02/2015 - 18:20 5775

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda xususiy biznes subyektlari duch keladigan eng dolzarb masalalardan biri yer uchastkalarini berish va qurilishga ruxsat berish bilan bog‘liq tartibotlar hisoblanadi. Joriy yilning 4-fevral kuni Shayxontohur tumani hokimligida tashkillashtirilgan seminar aynan shu masalalarga bag‘ishlandi. Unda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahri va tuman hokimliklarining rahbarlari va mutaxassislari, Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining rahbarlari, tuman arxitektorlari, shuningdek Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etishdi.

Seminar davomida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan “Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash: qurilishga ruxsat olish” mavzusida prezentatsiya o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 18-iyuldagi “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini berish va qurilish ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq tartibotlarni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning asosiy yo‘nalishlari tushuntirib berildi.

Xususan, 2013-yildan boshlab shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalari berish, qurilish obyektlarini loyihalashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek obyektlarni foydalanishga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgani qayd etib o‘tildi.

Joriy etilgan mexanizmga ko‘ra, yer uchastkasini tanlash va ajratish bo‘yicha materiallarni tayyorlash hamda ularni vakolatli organlar bilan kelishish “yagona oyna” tamoyili bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, qurilish sohasida ruxsatnomlarni rasmiylashtirish va yer uchastkalarini berish jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha faol choralar ko‘rilmoqda.

Seminar davomida Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi mutasaddi rahbarlari tomonidan yer uchastkalarini berish va qurilishga ruxsat berishdagi har bir tartibot bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil tushuntirish berildi, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi tartibotlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.