Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi takomillashmoqda

04/02/2015 - 11:43 6814

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasida xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bu sohaga to‘liq erkinlik berish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish eng muhim ustuvor vazifa etib belgilanib, barqaror iqtisodiy o‘sish va mamlakatimizning kelajak istiqboli, aholining hayot darajasi va sifati ko‘p jihatdan ayni mana shu eng ustuvor vazifaning qanday hal etilishiga bog‘liq ekanligiga alohida e'tibor qaratilgan edi.

Bu yo‘nalishda ishbilarmonlik muhiti holatini o‘rganish va tadbirkorlik faoliyati sohasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishini ta'minlash maqsadida, joriy yilning 3-fevral kuni Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligida tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, tuman hokimliklarining mutasaddi rahbar va xodimlari, tumanlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari rahbarlari, Savdo-sanoat palatasi, soliq xizmati, banklar, statistika, arxitektura va qurilish organlarining hududiy bo‘linmalari, shuningdek Toshkent shahridagi ekspluatatsiya tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.

Seminar ishida Iqtisodiyot vazirligi xodimlari tomonidan “Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash: biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” mavzusida prezentatsiya o‘tkazildi.

Prezentatsiya davomida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash masalalariga respublikamizda alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlab o‘tildi. Xususan, birgina so‘nggi to‘rt yil ichida 182 turdagi ruxsat berish tartibotlari va litsenziyalar bekor qilindi, ularni rasmiylashtirish muddatlari va undiriladigan yig‘imlar miqdori ikki martadan ziyodroq qisqartirildi, “yagona oyna” tamoyilini joriy etish va ortiqcha hujjatlarni talab qilish yoki ayrim vakolatli organlar bilan kelishish jarayonlarini bekor qilish hisobiga ruxsat berish xarakteriga ega hujjatlar va litsenzatsiyalarni rasmiylashtirish yanada soddalashtirildi.

Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yer uchastkalarini berish, qurilish uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va infratuzilma tarmoqlariga ulanish bo‘yicha soddalashtirilgan tartiblar joriy etilishi natijasida qayd etilgan ijobiy o‘zgarishlar alohida ta'kidlandi. Internet tarmoqlari orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni interfaol shakliga o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Natijada, 2014-yil yakunlariga ko‘ra, kichik biznesning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi 2000-yildagi 31 foizdan 56,1 foizga yetdi, hozirgi vaqtda ish bilan band bo‘lgan aholining 76,7 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida mehnat qilmoqda. Buning natijasida aholi yalpi daromadlari tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromadlar ulushi bugungi kunda 52 foizni tashkil etmoqda.

Ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar Jahon bankning “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakatimiz reytingi 27 bandga yaxshilanib, 168-o‘rindan 141-pog‘onaga ko‘tarildi. Ayni shu davrda “Korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha respublika reytingi 25 bandga - 90-o‘rindan 65-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa, o‘z navbatida, biznesni tashkil etish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish hamda yangi huquqiy normalarni amaliyotga joriy etishning samaradorligidan dalolat beradi.

Ta'kidlash joizki, Jahon bankining “Doing Business” hisobotiga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda biznes ochish uchun sarflanadigan vaqt, masalan, Qozog‘istondagidan 1,3 marta, Rossiya va Yaponiyadagidan - 1,5 marta, Isroil, Ispaniya va Gretsiyadagidan - 1,7 marta, Germaniyadagidan - 1,9 marta, Ukrainadagidan - 2,8 marta, Xitoy va Hindistondagidan - 4 marta, Indoneziyadagidan - 7 marta va Braziliyadagidan - 11 martaga kamdir.

Seminar ishtirokchilari Jahon bankining “Doing Business” hisoboti doirasida baholashning asosiy yo‘nalishlari va mezonlari bilan to‘liq tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Mamlakat reytingini baholashda hisobga olinadigan tartibotlar, qolaversa, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada soddalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi, shuningdek seminar ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tkazish tartibotlarini yanada takomillashtirish, bu yo‘nalishdagi xarajatlarni kamaytirish va ma'muriy to‘siqlarni bartaraf etish borasida ham fikr almashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.