O‘zbekiston Respublikasini 2013-yilning birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

29/07/2013 - 14:05 4429

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan joriy yil 18-yanvarda bo‘lib o‘tgan mamlakatimiz hukumati majlisida belgilab berilgan 2013-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish shu yilning birinchi yarmida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sish sur'atlarini saqlash, iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini yanada muvozanatli rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratish imkonini berdi.

 I. Barqaror yuqori o‘sish sur'atlari, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish

Mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishga doir kompleks dasturlarni amalga oshirish natijasida joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot 8 foizga oshdi. Iqtisodiyotning mustahkam o‘sish sur'atlari inflyatsiya darajasi pastligini, davlat byudjeti profitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foizni va mamlakat tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosini (442,4 million dollar) ifoda etadigan makroiqtisodiy barqarorlik bilan ta'minlandi.

Sanoat tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish va ularni yanada diversifikatsiya qilishga doir dasturiy chora-tadbirlarning ijrosi sanoat mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmini 8,2 foizga oshirish imkonini berdi.

Fermer xo‘jaliklarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida qishloq xo‘jaligining yalpi mahsuloti 7,3 foizga o‘sdi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi, strategik investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etishni jadallashtirish va yangi ishlab chiqarish ob'ektlarini tashkil etish o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmini 10,5 foiz va qurilish ishlarini 16,1 foizga oshirishni ta'minladi.

Ichki talabni muvozanatli rag‘batlantirish va mamlakatimizda tovarlar ishlab chiqaruvchi hamda xizmatlar ko‘rsatuvchi mahalliy korxonalarni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iste'mol tovarlari ishlab chiqarishni 14,4 foiz, chakana savdo aylanmasini 14,6 foiz, xizmatlar ko‘rsatishni 12,1 foizga oshirishni ta'minladi.

Tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmining o‘sishi, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining tashkil etilishi va aholi bandligini kengaytirish aholi real daromadining 16,3 foizga barqaror oshishida muhim omil bo‘ldi.

2013-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari

(2012-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar

O‘sish sur'atlari

Yalpi ichki mahsulot

108,0

Sanoat mahsulotlari hajmi

108,2

Iste'mol tovarlarini ishlab chiqarish

114,4

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari

107,3

Qurilish ishlari

116,1

Chakana savdo aylanmasi

114,6

Pullik xizmatlar

111,0

Jami xizmatlar

112,1

II. Iqtisodiyot va uning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashni jadallashtirish hamda uning ko‘lamini kengaytirish, ishlab chiqarishlarni diversifikatsiya qilish

Iqtisodiyot va uning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashni jadallashtirish hamda uning ko‘lamini kengaytirish, ishlab chiqarishlarni diversifikatsiya qilishga doir iqtisodiy dasturning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi yarmida sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini yanada oshirish va ularni diversifikatsiya qilish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar ko‘rildi.

Joriy yilning birinchi yarmida ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida mashinasozlik va metallni qayta ishlash (123 foiz), yengil sanoat (115,1 foiz), qurilish materiallari sanoati (111,9 foiz), kimyo va neft-kimyo sanoati (105,3 foiz), oziq-ovqat sanoati (107,1 foiz) kabi tarmoqlarda jadal rivojlanish ta'minlandi. Sanoat ishlab chiqarish umumiy tarkibida ushbu tarmoqlar ulushi 2012-yilning birinchi yarmidagi 53 foiz o‘rniga 56,1 foizga oshdi.

1233 yangi ishlab chiqarish quvvatlarining, jumladan, yengil va to‘qimachilik sanoatida (369 ob'ekt), oziq-ovqat sanoatida (361), qurilish materiallari sanoatida (267), yog‘ochni qayta ishlash (79), mashinasozlik (12), kimyo sanoati (13) va boshqa tarmoqlarda (132) tashkil etilishi sanoat mahsulotlarining yuqori o‘sish sur'atlariga erishish imkonini berdi.

Engil va yuk avtomobillari, avtomobil dvigatellari, traktorlar, traktor tirkamalari, signalli-blokirovka kabellari, o‘rnatish simlari, kompressorlar, paxta gazlama, trikotaj buyumlar va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2012-yilning shu davriga nisbatan ancha oshdi.

Sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini yanada oshirish maqsadida joriy yilning birinchi yarmida yirik korxonalarda qiymati 104,1 million dollarlik 1721 yaroqsiz, ma'naviy va jismoniy eskirgan uskunalar almashtirildi. Yirik sanoat korxonalarida energiya va resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, texnologik jarayonlar, xomashyo va materiallarni sarflash normalarini oqilona tashkil etish, yo‘qotishlar hamda noishlab chiqarish xarajatlarini bartaraf etish hisobidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini o‘rtacha 10,4 foizga kamaytirishga erishildi.

Hisobot davrida Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida tuzilgan shartnomalar doirasida innovatsiya texnologiyalarini ommaviy ishlab chiqarishga joriy etish qiymati 43 milliard so‘mlikdan ortiq innovatsiya mahsulotini ishlab chiqarish imkonini berdi.

Mamlakatimizda iste'mol tovarlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida texnologik uskunalar xarid qilish va aylanma kapitalni to‘ldirish uchun ishlab chiqaruvchi korxonalarga banklarning 1430 milliard so‘mlik yoki 2012-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p kreditlari ajratildi. Natijada, iste'mol tovarlarini ishlab chiqarish hajmi 14,4 foiz, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlari 7,9 va nooziq-ovqat mahsulotlari 19,8 foizga oshdi. Televizorlar, energiya tejaydigan lampalar, paypoq buyumlar, sariyog‘ va o‘simlik moyi, sut mahsulotlari, meva-sabzavot konservalari, yorma va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada o‘sdi. Yengil sanoat korxonalari tomonidan tayyor tikuvchilik-trikotaj buyumlarining 32 yangi turi va 58 yangi modeli ishlab chiqarildi.

Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi yarmida 1056 loyiha bo‘yicha qiymati 5,3 trillion so‘mlik yoki 2012-yilning shu davriga nisbatan 36,1 foiz ko‘p mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarildi. Natijada, import o‘rnini bosish bo‘yicha hisoblab chiqilgan samara 19,4 foizga ko‘paydi va 2,5 milliard dollardan oshdi.

61 turdagi yangi mahalliylashtirilgan mahsulotni, jumladan, zanglamaydigan konsol nasoslar, sintetik kalava, yangi turdagi havo, moylash va yoqilg‘i filtrlari, bolalar o‘yinchoqlari, tish pastasi, kosmetika yog‘lari, yuvish vositalari, akkumulyator monobloklari, yer ustida harakatlanadigan transport uchun xavfsizlik oynalari, mikroto‘lqinli pechlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar eksporti hajmi 404,2 million dollarni tashkil qildi. Eksport tarkibidan mamlakatimiz korxonalari tomonidan hisobot davrida Mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘zlashtirilgan 25 turdagi yangi mahsulot ham joy oldi.

Umuman, iqtisodiyotimiz tarmoqlarining eksport salohiyatini kengaytirishni rag‘batlantirish va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida tovar va xizmatlar eksporti hajmi 2012-yilning shu davriga nisbatan 11,4 foizga o‘sdi. Ammoniy sulfati, suyultirilgan gaz, ikkilamchi alyuminiy, yuk avtomobillari, bug‘doy, trikotaj polotno, meva-sabzavot mahsulotlari va boshqa tovarlarni eksportga yetkazib berish hajmi ancha oshdi. Qiymati 300 million dollardan ortiq 130 turdagi yangi mahsulotlar, shu jumladan yengil avtomobillar uchun tashqi yon oynalar va tutun chiqarish tizimlari to‘plami, issiq yoyilgan po‘latdan elektr payvandlanadigan po‘lat quvurlar, sopol koshinlar, ikkilamchi PETdan tayyorlangan tola, taralar, bolalar velosipedlari, gilam mahsulotlari, kosmetika vositalari va boshqalar eksport qilindi.

2013-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasining birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolarida umumiy aylanma hajmi o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 25,3 foizga o‘sdi. Birja savdolarida shifer, mis mahsulotlari, rangli metall parchalari, suyultirilgan gaz, ko‘mir, ikkilamchi alyuminiy, o‘simlik yog‘i va paxta lintini sotish hajmi ancha ko‘paydi. Birja savdolarida kichik biznes sub'ektlari tomonidan qiymati 371,2 milliard so‘mlik mahsulot sotildi yoki bu umumiy birja aylanmasi hajmining 11 foizini tashkil qildi.

Iqtisodiy jihatdan nochor korxonalarni qayta tashkil etish va moliyaviy sog‘lomlashtirish, ularni yangi mulkdorlarga topshirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yil boshidan buyon tegishli dasturlarga kiritilgan korxonalarni qayta tiklash uchun 1408,2 milliard so‘mlik investitsiya, jumladan, tijorat banklari kreditlari hisobidan 756,2 milliard so‘m yo‘naltirildi. Natijada, ushbu korxonalarda 23 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil qilindi, qiymati 1881,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, 48,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida xizmat ko‘rsatish va servis sohasida infratuzilmani tashkil etish hamda rivojlantirish uchun «Mikrokreditbank»ning 13 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bazasida yangi turdagi xizmatlarning joriy etilishi natijasida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 21,5 foizga oshdi. Moliyaviy vositachilik institutlari va iste'mol kreditlari hajmini ko‘paytirishga doir ko‘rilgan choralar moliya xizmatlari hajmini 28,5 foizga oshirish imkonini berdi. 2,2 mingdan ziyod yangi chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining ishga tushirilishi tegishli xizmatlarni 15,2 foizga ko‘paytirishga yordam berdi. 3 mingdan ortiq maishiy xizmat ko‘rsatish ob'ektlarining tashkil etilishi natijasida maishiy xizmatlar 17,7 foizga ko‘paydi.

Umuman aytganda, 2012-yilning birinchi yarmiga nisbatan xizmatlar hajmi 12,1 foizga oshdi. Buning natijasida yalpi ichki mahsulot tuzilmasida xizmatlar sohasi ulushi 2012-yilning birinchi yarmidagi 52,2 foizdan 52,4 foizga o‘sdi.

Hisobot davrida bank tizimi resurs bazasini kengaytirish va banklarning investitsiya faolligini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samarasida tijorat banklarining jami kapitali 23,6 foiz, ularning jami aktivlari 30,7 foiz, mijozlarning bankdagi jalb etilgan depozitlari 30,5 foiz oshdi. Natijada, mamlakatimiz bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 24,3 foizga yetdi va bu Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining amaldagi minimal talablaridan 3 baravar ko‘pdir.

Banklar resurs bazasining ko‘payishi tijorat banklari tomonidan kredit ajratish hajmini 1,3-martaga, shu jumladan muddati bir yildan ortiq uzoq muddatli kredit qo‘yilmalari hajmini 31,2 foizga ko‘paytirish imkonini berdi. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga 3,4 trillion so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi. Bu esa 2012-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir.

III. Faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini jadal yangilash

Iqtisodiyotda joriy yilning birinchi yarmida o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmi 12,1 trillion so‘mni tashkil etdi va 2012-yilning shu davriga nisbatan qiyosiy narxlarda 10,5 foizga ko‘paydi. Kapital qo‘yilmalar umumiy hajmidan ishlab chiqarish maqsadlari uchun 62,6 foiz yo‘naltirildi.

Investitsiyalar hajmining yuqori o‘sish sur'atlari byudjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan 43,9 foiz, aholi mablag‘lari evaziga 26,1 foiz, tijorat banklari kreditlari hisobidan 10,1 foizga ta'minlandi. Bunda o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmining 25 foizdan ziyodini aholi mablag‘lari tashkil etdi. Bu aholining investitsiya faolligi ortib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-aprelda qabul qilingan farmoni bilan tasdiqlangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish, xorijiy investorlar hamda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun kafolatlar va imtiyozlar tizimini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmini 13,2 foizga oshirish imkonini berdi hamda ularning hajmi 1148 million dollarni tashkil qildi. Bunda xorijiy investitsiyalar va kreditlar umumiy hajmining 854,9 million dollari yoki 74,5 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etdi.

2013-yilning Investitsiya dasturi doirasida joriy yilning o‘tgan davrida umumiy qiymati 6,8 milliard dollarlik 141 yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi. 28 yirik investitsiya loyihasini, xususan, «Toshkent IEM» OAJda kongenaratsion gaz turbinali texnologiyalarni joriy etish», «Somontepa va Janubiy O‘rtabuloq konlarini jihozlash, DKS va Janubiy O‘rtabuloq gaz quvurini – MGIZ qurish», «Muborak GIZda ishdan chiqayotgan quvvatlarni, ya'ni 16- va 17-oltingugurt tozalash bloklarini kompensatsiya qilish», «Angren» maxsus industrial zonasi hududida «Ohangaron» kichik stansiyasini rekonstruksiya qilish», «Foton» OAJda elektron tarozilar ishlab chiqarishni kengaytirish va dasturiy ta'minot funksiyasiga ega nazorat-kassa mashinalarining zamonaviy modellarini o‘zlashtirish», «Bekobodsement» OAJda faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va quruq uslubda sement ishlab chiqaradigan yangi liniyani qurish», «Stroy Max Invest» qo‘shma korxonasi MChJda gaz-beton ishlab chiqarishni tashkil etish», «Toshkent viloyatida to‘qimachilik kompleksini tashkil qilish (1-bosqich)» va boshqa loyihalarni amalga oshirish yakunlandi.

Shuningdek, «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida avtomobil gaz ballonlari, armatura va polimer mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha ikkita yangi loyiha joriy etildi. Umumiy qiymati 58 million dollardan ziyod oltita investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Hisobot davrida «Angren» maxsus industrial zonasi hududida qiymati 200 million dollardan ortiq o‘nta investitsiya loyihasini hayotga tatbiq etish, jumladan, «O‘z-Prista Resaykling» qo‘shma korxonasining bo‘sh quvvatlarida ishlatib bo‘lingan moylardan bazaviy moylar, texnik kremniy, turli diametrli mis quvurlar, sanitariya keramikasi, energiya tejaydigan yorug‘lik diodli lampalar, avtomobillar uchun tormoz tizimlari, briket ko‘mir ishlab chiqarishni tashkil qilish, yangi shakar zavodini barpo etish va ko‘nchilik kompleksini tashkil etish ishlari davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, qo‘shimcha 21 loyihani amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda va ular yuzasidan zarur hujjatlar tayyorlanmoqda.

Yangi tashkil etilgan «Jizzax» maxsus industrial zonasini rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yilning ikki choragi davomida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish ishlari boshlandi. «Jizzax» maxsus industrial zonasi Ma'muriyati kengashining protokoli bilan zona hududida keyinchalik amalga oshirish uchun 93 istiqbolli loyiha tasdiqlandi.

IV. Yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ob'ektlarida 350 milliard so‘m o‘zlashtirildi. Shuning 292,5 milliard so‘mi Respublika yo‘l jamg‘armasi, 57,4 milliard so‘mi O‘zbekiston Respublikasi hukumatining kafolati bilan chetdan olingan kreditlardir.

O‘tgan davrda uzunligi 219,7 kilometrlik avtomobil yo‘llari uchastkalari, jumladan, Qo‘qon shahrini aylanib o‘tadigan 15 kilometrlik A-373 «Toshkent-O‘sh» uchastkasi, «Toshkent aylanma yo‘li» yangi yo‘nalish uchastkasining 8 kilometri, A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov» avtoyo‘li uchastkasining 100 kilometrida qurilish va rekonstruksiya ishlari nihoyasiga yetkazildi. Shuning 50 kilometri asfalt-beton va 50 kilometri sement-beton qoplamali 4 polosali yo‘ldir. Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy avtomagistrali bo‘yidagi 25 infratuzilma va servis ob'ektida qurilish-montaj ishlari boshlandi.

“2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi dasturni amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi yarmida «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi loyihalari bo‘yicha qiymati 161,8 million dollarga teng kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi. 109,5 kilometr temir yo‘l qayta tiklandi, 227 yuk va 15 yo‘lovchi vagonlari tayyorlandi. Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun 19,1 million dollar o‘zlashtirildi. «Angren-Pop» yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasini qurish ishlari boshlandi.

V. Qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik yangilash

Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni yanada modernizatsiya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida hisobot davrida Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uzunligi 499,1 kilometrlik kollektorlar, 25,4 kilometr yopiq gorizontal drenaj tarmog‘i, 21 melioratsiya qudug‘i va nasos stansiyasini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. 7012,1 kilometrlik xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi kollektor-drenaj tarmog‘i, 125,8 kilometrlik yopiq gorizontal drenaj tarmog‘i va 2231 melioratsiya qudug‘ida ta'mirlash-qayta tiklash ishlari amalga oshirildi.

Erlarning meliorativ holatini yaxshilash va zamonaviy agrotexnika uslublarini joriy etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilda ilk bor 7,6 million tonnadan ortiq g‘alla hosili yetishtirildi. Bunda o‘rtacha hosildorlik gektaridan 49,2 sentnerni, jumladan, sug‘oriladigan yerlarda 55 sentnerni tashkil qildi.

Asosiy va oraliq ekin maydonlarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish maqsadida 251,8 ming gektar yerga sabzavot, 82,4 ming gektar yerga kartoshka va 59 ming gektar maydonga poliz ekinlari ekildi. 4,9 ming gektar maydonda yangi bog‘lar, 3,3 ming gektar yerda intensiv bog‘lar va 4,8 ming gektar yerda uzumzorlar barpo etildi. 5,7 ming gektardagi bog‘lar va 3,8 ming gektarlik uzumzorlar rekonstruksiya qilindi. Aholining shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida umumiy maydoni 384 gektarlik 22,7 ming issiqxona tashkil etildi.

Joriy yilning birinchi yarmida tijorat banklarining kreditlari hisobidan chorvachilikni rivojlantirish uchun 110,2 milliard so‘m, parrandachilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 45,4 milliard so‘m, baliqchilik va asalarichilik xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun 15,3 milliard so‘m ajratildi. Respublikamizda joriy yil boshidan buyon 38 ming bosh qoramol boqiladigan 1138 chorvachilik xo‘jaligi, 4,5 million tovuq parvarish qilinadigan 592 parrandachilik xo‘jaligi, 3,4 ming gektar sun'iy hovuzda 601 baliqchilik xo‘jaligi, 1428 asalarichilik xo‘jaligi tashkil qilindi.

Joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida qoramollar soni 10,3 million boshga yetdi (2012-yilning shu davriga nisbatan 105,1 foiz), 831,7 ming tonna go‘sht (107 foiz), 3,4 million tonna sut (107,1 foiz), 2,3 milion dona tuxum (116,9 foiz), 2,2 million tonna sabzavot (114,2 foiz), 1,1 million tonna kartoshka (111,9 foiz), 135,7 ming tonna poliz ekinlari (112,3 foiz), 710,7 ming tonna meva (110,6 foiz), 19,9 ming tonna uzum (112,7 foiz) tayyorlandi. 192,3 ming tonna yoki 2012-yilning shu davriga nisbatan 8,3 foiz ko‘p meva-sabzavot, jumladan, 114,2 ming tonna sabzavot va 78,1 ming tonna meva qayta ishlandi.

VI. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, maksimal darajadagi qulay tadbirkorlik muhitini yaratish

Kichik biznesni rivojlantirish uchun imkon qadar qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish va tadbirkorlikka keng erkinlik berishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi yarmida tadbirkorlik sub'ektlariga yer uchastkalarini ajratish, ularni elektr ta'minoti tarmoqlariga ulash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, tadbirkorlarni huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qator qonunchilik va me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Kichik ishlab chiqarishlarni tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tgan davrda kichik biznes sub'ektlariga umumiy qiymati 23,9 milliard so‘mlik 46 davlat aktivlari sotildi, 19,1 ming foydalanilmayotgan davlat mulki ob'ektlari ijaraga berildi. Tijorat banklari tomonidan 2012-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p, ya'ni 3,7 trillion so‘m hajmida kreditlar, jumladan, 775,2 milliard so‘mlik mikrokreditlar (o‘sish 1,4 barobar), shuningdek, xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari doirasida 59,8 million dollar ajratildi.

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida joriy yil boshidan buyon 15,8 ming yangi kichik biznes sub'ekti tashkil etildi. Eng ko‘p kichik biznes sub'ektlari sanoat sohasida (umumiy sonining 28,2 foizi), savdo va umumiy ovqatlanish (26,8 foiz), qishloq va o‘rmon xo‘jaligi (15,1 foiz), qurilish sohasida (9,6 foiz) tashkil qilindi. Faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes korxonalarining umumiy soni 2012-yilning shu davriga nisbatan 4,6 foiz ko‘paydi.

Joriy yilning birinchi yarmida kichik biznes sub'ektlarida amalga oshirilgan davlat xaridlari hajmi 162 million so‘mni yoki elektron savdolar orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlari umumiy hajmining 91,6 foizini tashkil etdi.

Joriy yilning birinchi yarmida «O‘zstandart» agentligi huzurida maxsus tashkil qilingan Mahsulotlar eksportiga ko‘maklashish byurosi tomonidan 288 korxonaga mahsulot eksporti bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatildi, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash, akkreditatsiya, mahsulot eksporti va xalqaro hamda mamlakatlar talablarini joriy etish bo‘yicha 28 davlat bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Natijada, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari tovarlarining eksport hajmi 2012-yilning shu davriga nisbatan 1,7-marta oshdi va 1,3 milliard dollarni, jumladan, «O‘ztadbirkoreksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi orqali 329,6 million dollarni (o‘sish 1,3 barobar) tashkil qildi.

Umuman olganda, kichik biznesni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish borasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida ushbu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2012-yilning birinchi yarmidagi 42,6 foiz o‘rniga 43,2 foizga, sanoatda – 21,8 foizdan 22,9 foizga, eksportda – 12,4 foizdan 19,2 foizga, bandlik sohasida – 75,1 foizdan 75,5 foizgacha oshdi.

VII. Aholi turmush darajasi va sifatini muttasil oshirishni ta'minlash

«Obod turmush yili» Davlat dasturi doirasida o‘tgan davr mobaynida aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirish, uni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va bandligini oshirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar bajarildi. Buning uchun barcha manbalar hisobidan 3,4 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturini amalga oshirishga oid ko‘rilgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida 554,4 mingta ish o‘rnini, jumladan, qishloq joylarda 334,4 mingta yangi ish o‘rnini (umumiy miqdorning 60,3 foizi) tashkil qilish imkonini berdi.

Yangi korxonalarni ishga tushirish, faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarishlarni kengaytirish va rekonstruksiya qilish hisobidan 41,6 mingta, kichik korxona va mikrofirmalarni tashkil etish evaziga 209,5 mingta, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 61 mingta, kasanachilik hisobidan 123,4 mingta, fermer va dehqon xo‘jaliklarida 70,5 mingta, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob'ektlarida 39,4 mingta, iqtisodiy jihatdan nochor va ishlamayotgan korxonalar faoliyatini qayta tiklash hisobidan 8,9 mingta ish o‘rni yaratildi. Kichik korxonalar va mikrofirmalarni rivojlantirish, kasanachilik, fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va ishlamayotgan korxonalar faoliyatini qayta tiklash hisobidan ish bilan band bo‘lmagan aholi darajasi yuqori va ortiqcha ishchi kuchi mavjud 28 tumanda 66,9 mingta ish o‘rni tashkil etildi.

Mehnat bozorida faol chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida aholi bandligi 2,5 foizga oshdi, iqtisodiyot bo‘yicha ish haqi hajmi 18,5, o‘rtacha pensiya miqdori 28,6 foizga ko‘paydi. Umuman, aholining real daromadi 16,3 foizga oshdi.

Shu yilning o‘tgan davrida Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish dasturiga muvofiq, yakka tartibdagi yangi uy-joylarni qurish uchun yer massivlarini ajratish va tayyorlash ishlari bajarildi, yakka tartibdagi quruvchilar tanlab olindi. Yil boshidan buyon umumiy maydoni 15,4 ming kvadrat metr bo‘lgan 108 yakka tartibdagi uy qurildi.

Hisobot davrida mamlakatimizda 5059,7 ming kvadrat metr uy-joy (2012-yilning shu davriga nisbatan 104,2 foiz), shu jumladan qishloq joylarda 3752,9 ming kvadrat metr (103,1 foiz) uy-joy foydalanishga topshirildi.

Aholining sifatli ichimlik suvidan foydalanishini yaxshilashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yil boshidan buyon 1503,6 kilometr suv quvurlari tarmog‘i (2012-yilning shu davriga nisbatan 153,3 foiz), qishloq joylarda 1357,5 kilometrlik suv tarmog‘i (156,9 foiz) ishga tushirildi.

Byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan joriy yilning birinchi yarmida 48 umumta'lim maktabi, 5 kasb-hunar kolleji va 100 o‘rinli yotoqxona, akademik litseylar qoshida 400 o‘rinli yotoqxonalar, 150 o‘ringa mo‘ljallangan va bir kunda 600 kishini qabul qiladigan tibbiyot muassasalari, 11 bolalar sporti ob'ekti foydalanishga topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan mamlakatimizni isloh etish va rivojlantirish bo‘yicha samarali strategiyaning izchil va aniq maqsadli amalga oshirilayotgani natijasida, jahon iqtisodiyotida jiddiy muammolar mavjudligiga qaramay, 2013-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy barqarorlikning yuqori o‘sish sur'atlari saqlab qolindi.

Etakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonlarini jadallashtirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga ichki va tashqi talabni rag‘batlantirish, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholi bandligi, turmush darajasi va sifatini muttasil oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni chuqurlashtirish va kengaytirish iqtisodiyotimizning barqaror yuqori o‘sish sur'atlarini saqlash hamda uning raqobatbardoshligini oshirish borasidagi asosiy vazifalar bo‘lib qolaveradi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi

www.uza.uz

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.