2009 yil Investitsiya dasturi loyihalari

24/12/2008 - 07:57 2329

Har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va ijtimoiy sohadagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi tasdiqlanadi. Unda asosiy e'tibor, eng birinchi navbatda, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashga qaratiladi. Shu orqali ularning rivojlanishi, eksport salohiyatining oshishi, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarning ulushini oshirishga sharoit yaratiladi. Davlat tomonidan xorijiy investitsiyalar jalb qilishga bo‘lgan katta e'tibor, iqtisodiyotning real sektoridagi qulay investitsiya muhiti ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan investitsiyalarning ortishiga zamin yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2008 yil 2 oktyabrda PQ-969-son qaror bilan tasdiqlangan 2009 yil Investitsiya dasturi quyidagi loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi:

- O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini jalb etish orqali amalga oshiriladigan 7 ta loyiha (1-jadval);

- Hukumat kafolati ostida jalb etiladigan xorijiy investitsiya va kreditlar ishtirokidagi 47 ta loyiha (2-jadval);

- Korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriluvchi 99 ta loyiha, shundan 85 tasi tarmoqlarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash dasturlari doirasida amalga oshiriladi (3-jadval);

- To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar ishtirokidagi 39 ta loyiha (4-jadval);

Bundan tashqari, kelgusi yillarda amalga oshirish uchun 2009 yilda qayta ishlanishi lozim bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalarining Yig‘ma ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, uning tarkibidan 100 ta loyiha o‘rin olgan (5-jadval).

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.