O‘zbekiston Respublikasini 2008 yilning to‘qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

24/11/2008 - 07:55 3357

O‘zbekiston Respublikasi hukumati va joylardagi davlat hokimiyati organlarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 8 fevralda va 18 iyulda bo‘lib o‘tgan majlislarida belgilab berilgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining muhim ustuvor yo‘nalishlarini, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini rivojlantirish, texnik va texnologik yangilashga doir maqsadli kompleks dasturlarini bajarish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirishi natijasida 2008 yil yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi ta’minlandi.

I. Makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyotning izchil va muvozanatli o‘sish sur’atlarini ta’minlash

Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning o‘sishi 9,4 foizni, sanoat ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlari esa 12,4 foizni tashkil etdi. Shu jumladan, iste’mol tovarlari – 18,4 foiz; qurilish ishlari – 8,4 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari – 4,1 foiz, chakana savdo aylanmasi – 15 foiz, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish – 19,3 foiz ortdi.

Davlat budjeti 1,9 foiz profitsit bilan bajarildi. Aholi jon boshiga real pul daromadlari 22,4 foiz ko‘paydi. Iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omillari sifatida quyidagi sohalarning izchil rivojlanishini qayd etish mumkin:

  • tashqi savdo, eng avvalo, eksport faoliyati. Tashqi savdo aylanmasi 40,9 foiz, shu jumladan, eksport – 62,9 foiz ortdi. To‘lov balansining ijobiy saldosi qariyb 4,5 mlrd. dollarni tashkil etdi;
  • investitsiya siyosati iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o‘zgarishlarning izchilligini va o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 22,4 foiz ortishini ta’minladi;
  • kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sohaning rivojlanishiga biznesga soliq yukini va ma’muriy ta’sirni kamaytirish hisobidan erishildi. Natijada mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi bo‘yicha tushumlar o‘tgan yildagiga nisbatan 38,8 foiz, foyda solig‘i bo‘yicha – 41,7 foiz ortdi.

O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari (2007 yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar 2008 yilning 9 oyi
Yalpi ichki mahsulot 109,4
Sanoat mahsulotlari hajmi 112,4
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish 118,4
Yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari 104,1
Asosiy kapitaldagi investitsiyalar 122,4
Qurilish ishlari 108,4
Chakana savdo aylanmasi 115,0
Aholiga pullik xizmat ko‘rsatish 119,3

II. Tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash

Joriy yilning 9 oyi davomida Investitsiya dasturining bajarilishi tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini modernizatsiyalash va texnologik yangilashda muhim omil bo‘ldi. Hisobot davrida barcha moliya manbalari bo‘yicha o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi 5809,8 milliard so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan solishtirma narxlarda 22,4 foiz o‘sdi.

Dasturning hisobot davridagi ijrosi barcha yo‘nalishlarda – budjet mablag‘lari bo‘yicha ham, budjetdan tashqari fondlar mablag‘lari bo‘yicha ham ta’minlandi.

969,6 mln. dollar hajmida chet el investitsiyalari o‘zlashtirildi, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar – 721,66 mln. dollarni tashkil etdi. Ularning o‘sishi tegishli ravishda 37,4 va 33,5 foizni tashkil etdi. Xorijiy investitsiyalar umumiy hajmida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar miqdori 74,4 foizni tashkil etdi. Jalb etilgan chet el investitsiyalarining umumiy hajmidan 31,6 foizi – yangi qurilishlarga, 39,8 foizi – modernizatsiya va rekonstruksiya ishlariga va 28,6 foizi – boshqa yo‘nalishlarga jalb etildi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 125,9 mln. dollar hajmida kreditlar ajratildi, bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 4,3 baravar ko‘pdir.

2007 yilning shu davridagiga nisbatan korxonalar tomonidan investitsiya loyihalariga ajratilgan mablag‘lar 16,6 foiz, bank kreditlari – 81,8 foiz, aholi mablag‘lari – 15,6 foiz ko‘paydi. Kapital qo‘yilmalarning umumiy hajmidan ishlab chiqarish qurilishiga investitsiyalarning 71,1 foizi (2007 yilning 9 oyida 67 foiz), shu jumladan, modernizatsiya ishlariga 36,6 foizi yo‘naltirildi. Ishlab chiqarish inshootlari qurilishining o‘sishi sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiyalash dasturlarining ijrosi, korxonalarga soliq yukining kamaytirilishi, iqtisodiyotning real sektorida qulay sarmoyaviy muhit yaratish bilan bevosita bog‘liq.

Umuman, mamlakatimiz bo‘yicha joriy yilning 9 oyi davomida 284 ishlab chiqarish obyekti, shu jumladan, oziq-ovqat sanotida – 112 oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish obyekti, yengil va to‘qimachilik sanoatida – ipak tolaga ishlov berish, poyabzal, kalava ishlab chiqarish, to‘qimachilik, ko‘nchilik va gilamdo‘zlik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 39 obyekt, qurilish materiallari sanoatida – devor materiallari, marmar bloklar, shifer, ruberoid, polietilen quvurlar, plastik romlar va eshiklar ishlab chiqarish bo‘yicha 61 obyekt, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasida – 39 obyekt, kimyo va neftkimyo sanoatida – 8, mashinasozlik sohasida – 5, farmatsevtika sohasida – 8 va boshqa sohalarda 12 obyekt foydalanishga topshirildi. Shundan 134 sanoat obyekti (yoki 47,2 foizi) respublikaning 69 dotatsiyadagi tumanida ishga tushirildi. Hisobot davrida Qashqadaryo viloyatidagi Pomuq konida yiliga 3,5 mlrd.kub.m. tabiiy gaz qazib olish quvvatiga ega kompressor stansiyasi, Sho‘rtan konida propan-butan aralashmasini olish qurilmasi (3- va 4- navbatlari), Jizzax viloyatida polimer quvurlar ishlab chiqaruvchi «Zamonaviy polimer quvur» QK, Andijon viloyatida «Yorqishloq» AJ bazasida ip kalava ishlab chiqarish bo‘yicha «Alyorteks» QK, Jizzax viloyatida «Muruvvatteks» XSHK, Toshkent viloyatida tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha «Dayshan Megateks» XK (2-bosqichi), Navoiy viloyatida «Qizilqum Shina» QK, Toshkent shahrida benzonasoslar ishlab chiqarish bo‘yicha «Toshafus» MCHJ QK, Sirdaryo viloyatida mebel ishlab chiqarish bo‘yicha «Sir Umar Kamar» XIF, Toshkent viloyatida sutni qayta ishlash bo‘yicha «Ost-Milch» QK va hokazolar ishga tushirildi.

Noishlab chiqarish obyektlari qurilishi va ijtimoiy inshootlarni rekonstruksiya qilishga kapital qo‘yilmalar umumiy hajmining 28,9 foizi yo‘naltirildi. Bu esa 100,5 ming o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 149 kasb-hunar kolleji, 13,8 ming o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 22 akademik litsey qurilishini, 210,2 ming o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 634 maktab, 184 bolalar sporti obyekti, 20 qishloq vrachlik punkti, 6083,4 ming kv.m. turar-joy qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash imkonini berdi.

Hisobot davrida modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish ishlari 531,6 million dollarga teng miqdorda moliyalashtirildi. 51 loyiha, shu jumladan, avtomobil sanoatida – 10, yengil sanoatda – 15, farmatsevtika sanoatida – 6, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida – 6, kimyo sanoatida – 4, paxta tozalash zavodlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 7 loyiha va metallurgiya sohasida 3 loyiha yakunlandi va foydalanishga topshirildi.

Avtomobillar uchun rul chambaraklari, yoqilg‘i nasoslari va tormoz trubkalarini, shuningdek, sement, shifer, gipsli tosh, kalava, to‘qimachilik mahsulotlari va jakkard matolar, dori-darmonlar, polietilen quvurlar ishlab chiqarish quvvatlari modernizatsiya qilindi va yangi quvvatlari yaratildi.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining rivojlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratilishini ta’minlovchi ishlab chiqarish infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha tadbirlar doirasida avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, elektr uzatish liniyalarini rivojlantirish va temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish, suv va gaz ta’minoti tizimlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari amalga oshirildi. Hisobot davrida uzunligi 117,4 km.ga teng yuqori kuchlanishli “Yangi Angren IES – O‘zbekiston” liniyasining qurilishi yakunlandi, bu Farg‘ona vodiysini elektr energiyasi bilan ishonchli ta’minlash imkonini beradi. Yuqori kuchlanishli Sirdaryo IES – “So‘g‘diyona” PS, G‘uzor – Surxon liniyalarini va Toshkent shahri elektr ta’minoti obyektlarini qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Uzunligi 2029,4 km.ga teng suv quvurlari va 631,4 km.gaz uzatish tarmoqlari foydalanishga topshirildi.

Xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumfoydalanish avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash dasturiga ko‘ra, 568 km avtomobil yo‘llari va uzunligi 300,8 pogon metrga teng 9 ta ko‘prik ta’mirlandi.

Mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi natijasida 2187,9 mlrd. so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi, bu 2007 yilning shu davridagiga nisbatan 1,3 baravar ko‘pdir. Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish samarasi 666 million dollarni tashkil etdi yoki 2007 yilning shu davridagiga nisbatan 23,3 foiz ortdi. 726,7 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Restrukturizatsiya qilish va moliyaviy sog‘lomlashtirish dasturining amalga oshirilishi natijasida 622 korxonadan 418 tasining ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyati yaxshilandi, 283 korxona ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha o‘rtacha oylik hajmni o‘tgan yilga nisbatan 20 foizdan oshirdi, 116 korxonada rekonstruksiya va texnik qayta jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu korxonalarda 5203 ish joyi yaratildi va tiklandi.

Hisobot davrida qayta tashkil qilinayotgan korxonalarning foydalanilmayotgan quvvatlari asosida 45 ta yangi korxona tashkil etildi. Qayd etilgan korxonalarning 106 tasida ishlab chiqarish faoliyati boshlandi hamda 6,7 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlandi.

Yetakchi tarmoqlarni texnik va texnologik modernizatsiya qilish choralarini amalga oshirish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlarni tashqi bozorlarga olib chiqish sanoat ishlab chiqarishi va eksport hajmi o‘sishining muhim omili bo‘ldi.

Sanoatda tovar mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 112,4 foizni tashkil etdi. O‘sishning eng yuqori sur’ati yoqilg‘i (122,2 foiz), mashinasozlik va metallga ishlov berish (120,8 foiz), yog‘och, yog‘ochni qayta ishlash va selluloza-qog‘oz (120,4 foiz), oziq-ovqat (129,9 foiz) sanoatida ta’minlandi.

Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Tarmoqlar 2007 yilning 9 oyi 2008 yilning 9 oyi
Sanoat, jami 111,9 112,4
shu jumladan:
elektr energetikasi 100,5 100,6
yoqilg‘i 110,1 122,2
qora metallurgiya 109,6 106,0
kimyo va neft kimyosi sanoati 118,0 109,5
mashinasozlik va metallni qayta ishlash 128,1 120,8
yog‘och, yog‘ochni qayta ishlash, selluloza-qog‘oz sanoati 128,6 120,4
qurilish materiallari sanoati 114,2 108,6
yengil sanoat 111,2 110,0
oziq-ovqat sanoati 112,2 129,9
boshqa sanoat tarmoqlari 119,3 116,7

Yirik korxonalarda yuqori kuchlanishli transformatorlar, yengil va yuk avtomobillar, avtobuslar, dori-darmon vositalari, omuxta yem, ko‘mir ishlab chiqarish hajmi oshdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida eksportning o‘sishi asosan kimyo mahsulotlari (163,6 foiz), mashina va jihozlar (113,1 foiz), xizmatlar (126,1 foiz) va boshqa tovarlar hamda xizmatlar hisobidan ta’minlandi.

III. Islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, bozor infratuzilmasini jadal rivojlantirish

Xususiylashtirish dasturini amalga oshirish jarayonida 2008 yilning 9 oyida 232 davlat aktivi (prognozga nisbatan 101,3 foiz), jumladan, birja savdolarida 57 (24,6 foiz), birjadan tashqari savdoda – 175 (75,4 foiz) davlat aktivi sotildi. Sarmoyadorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari olingan holda 46 obyekt «nolga teng» qiymatda sotildi. Hisobot davrida 327 davlat korxonasi mulkchilik shakli o‘zgartirilib, nodavlat shaklga o‘tkazildi. Ularning 98,5 foizi xususiy mulkdorlar tomonidan sotib olindi.

2008 yilning 9 oyi davomida qimmatbaho qog‘ozlar bozorining umumiy aylanmasi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 2,3 baravar ortdi, qimmatbaho qog‘ozlar ikkilamchi bozorining jami aylanmasi 79 foiz o‘sdi.

2008 yilning 9 oyi davomida Moliya-bank tizimini isloh qilish dasturini amalga oshirish doirasida bozor infratuzilmasini rivojlantirish ishlari, shuningdek, sug‘urta, auditorlik, lizing va baholash kompaniyalari, kredit uyushmalari va tijorat banklari faoliyatini rag‘batlantirish ishlari davom ettirildi va bular quyidagi natijalarga erishish imkonini berdi:

  • o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan tijorat banklarining ustav kapitali qariyb 2 baravar ko‘paydi, bank tizimining barqarorligi mustahkamlandi, banklarning jami kapitali va iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari tegishli ravishda 41,1 va 27,7 foiz oshdi;
  • aholining tijorat banklaridagi omonatlari 50 foiz ko‘paydi;
  • kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan berilayotgan kreditlar miqdori 40,8 foiz ko‘paydi;
  • sug‘urta kompaniyalarining jami ustav kapitali (so‘mdagi qismi) 2,1 baravar, shuningdek, sug‘urtalashning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta to‘lovlarining umumiy hajmi 26,7 foiz oshdi;
  • ko‘rsatilgan auditorlik xizmatlarining umumiy hajmi 1,6 marotaba oshib, sifati yaxshilandi.

Moddiy resurslarni sotish bo‘yicha bozor mexanizmlarining joriy etilishi natijasida 2008 yilning 9 oyida O‘zbekiston Respublikasi tovar- xomashyo birjasining umumiy tovar aylanmasi 2007 yilning shu davridagiga nisbatan 1,3 baravar ortdi.

Mis mahsulotlarini sotish hajmi – 2,2 baravar, superfosfat – 2,1 baravar, paxta linti – 1,9 baravar, karbamid – 1,9 baravar, ko‘mir – 1,4 baravar, o‘simlik moyi – 1,3 baravar, sement – 1,2 baravar, suyultirilgan gaz – 1,2 baravar oshdi. Valuta maydonchasi orqali amalga oshirilgan eksport hajmi 1,9 baravar ko‘paydi.

IV. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohasi va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ro‘yxatga olingan kichik tadbirkorlik korxonalari soni shu yilning boshiga nisbatan 3,3 foiz o‘sdi va 436,3 mingtani tashkil etdi. Bunda sanoatda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik korxonalarning umumiy soni 2,5 foiz, qurilishda – 4,6 foiz, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida – 4,4 foiz, transport va aloqa sohasida – 17,2 foiz va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarida – 7,2 foiz oshdi. Yalpi ichki mahsulotda kichik biznesning ulushi 2007 yilning shu davridagi 43,1 foizdan 45,3 foizga ortdi.

Joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida Xizmat ko‘rsatish sohasi va servisni rivojlanish dasturi doirasida xizmat ko‘rsatish sohalarining rivojlanishiga oid barqaror sur’atlarni saqlash, ayni paytda, qishloq joylarida uning ko‘lamini kengaytirish ishlari amalga oshirildi. 8 mingdan ziyod savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish, avtomobillarni ta’mirlash shoxobchalari tashkil etildi. Dehqon va fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish, mikrokredit va iste’mol kreditlarini berish, to‘lov tizimini takomillashtirish choralari ko‘rildi. Natijada iqtisodiyotda ko‘rsatilgan jami xizmatlar hajmi 18,5 foiz ortdi, ushbu sohaning YAIMdagi solishtirma salmog‘i esa o‘tgan yilning shu davridagi 40,5 foiz o‘rniga 44,9 foiz ortdi. Qishloq aholisiga ko‘rsatilgan xizmatlar ulushi 23,7 foizdan 26,5 foizga ko‘paydi.

Hisobot davrida 545,2 mingta yangi ish joyi yaratildi (9 oy bo‘yicha hududiy dasturlar ko‘rsatkichlariga nisbatan 107, 2 foiz), shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida – 303,4 mingta ish o‘rni yaratildi va jami yaratilgan ish joyining soniga nisbatan 56 foizni tashkil etdi. Xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 188,2 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi (yangi ish o‘rinlari umumiy sonining 34,5 foizi).

Kasanachilikni rivojlantirish asosida korxonalar va xizmatlar ishlab chiqarish o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha olib borilgan faol ishlar natijasida 85,1 mingta ish o‘rni yaratildi. Shu jumladan, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosida 23,2 mingta, boshqa tarmoqlardagi yirik korxonalar bilan 32,5 mingta va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat korxonalari bilan 29,4 mingta ish o‘rinlari tashkil etildi. Umuman, kasanachilik orqali qo‘shimcha ravishda 182,5 ming kishi ish bilan ta’minlandi.

2008 yilning 1 oktabr holatiga ko‘ra, shaxsiy tomorqasida va dehqon xo‘jaliklarida yirik qoramol boqish bilan shug‘ullanayotgan 1,2 milliondan ziyod kishi ro‘yxatga olindi.

Mehnat bozorida olib borilgan faol siyosat aholining bandlik darajasini 336,1 ming kishiga, yoki 3,1 foiz o‘sishini ta’minladi.

V. Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirish, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar samaralari, aholini oziq-ovqat bilan barqaror ta’minlash

Joriy yilning 9 oyi davomida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida uzunligi 10165 kilometr (9 oylik topshiriqqa nisbatan 100,4 foiz) tumanlararo va xo‘jaliklararo kollektor-drenaj tarmoqlari tozalandi. 168 kilometr (100,4 foiz) magistral va xo‘jaliklararo kollektorlarni qurish, rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi. Ixtisoslashtirilgan pudratchi tashkilotlarni texnika bilan ta’minlash ishlari bajarildi.

2008 yilning to‘qqiz oyi mobaynida yalpi qishloq xo‘jaligi mahsuloti o‘sishi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 4,1 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilgiga qaraganda poliz ekinlari (118,5 foiz), kartoshka (108,6 foiz) sabzavot (111,5 foiz), meva (114,2 foiz), go‘sht (106 foiz), sut (106,2 foiz), tuxum (108,5 foiz) ko‘p yetishtirildi.

2008 yilning 9 oyi mobaynida shaxsiy tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida qoramollar sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirish, shu sohadagi servis xizmatlari tarmog‘ini yaratish va chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash choralari amalga oshirildi.

Tashkil etilgan 166 auksion punktida 16036 zotli qoramol sotildi. 18,3 ming oila sigir bilan bepul ta’minlandi. Qoramollarning umumiy soni 7768,4 ming boshga yetdi va o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 6,9 foiz ortdi.

2008 yilning 1 oktabr holatiga ko‘ra, tijorat banklari hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Aholi bandligiga ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan 26,7 ming oilaga 34 mlrd. so‘m miqdorida mikrokreditlar berildi, bu prognoz ko‘rsatkichga nisbatan 136,6 foizga tengdir.

Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va bu mahsulotlarni qayta ishlovchi korxonalar kooperatsiyasini tashkil etish dasturi doirasida 9 oy davomida qayta tashkil etilgan shirkatlar negizida 193 agrofirma tuzildi. Natijada meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 54,1 foiz ortdi.

Hisobot davrida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash borasida chora-tadbirlar amalga oshirildi, natijada dehqon bozorlarining tovar aylanmasi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 7,8 foiz ko‘paydi.

VI. Iqtisodiyot tarmoqlarini 2008-2009 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash

Iqtisodiyot tarmoqlarini, uy-joy fondini, ijtimoiy soha obyektlarini va ishlab chiqarish infratuzilmasini kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida 1991 yilgacha qurilgan 2200 ko‘p kvartirali uy, 150 qozonxona, 239 qozon, 115 km. issiqlik tarmoqlari, 197 km. gaz tarmoqlari, 166 km. vodoprovod tarmoqlari, 143 maktab , 225 bolalar bog‘chasi, 64 kasalxona kapital ta’mirlandi, ijtimoiy soha obyektlari to‘liq hajmda ko‘mir bilan ta’minlandi.

VII. Aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish

Aholining real pul daromadlari 2007 yilning shu davridagiga nisbatan 24,4 foiz o‘sdi. O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi miqdori hisobot davri so‘ngida 298,6 ming so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 57,4 foiz ko‘pdir, o‘rtacha pensiya miqdori 71,7 foiz o‘sdi.

Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan dasturlar natijasida 491,4 ming nafar 9-sinf bitiruvchisi (bitiruvchilar umumiy sonining 81,4 foizi) kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘qishni davom ettirmoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimida yangi tashkil etilayotgan qishloq vrachlik punktlari hisobiga tizimning birlamchi bo‘g‘ini kengaytirilmoqda (2007 yilning tegishli davridagiga nisbatan QVPlar soni 49 taga ko‘paydi). Bu esa statsionar muassasalarning samarasiz o‘rinli fondi xarajatlarini qisqartirish, ularni markaziy tuman va viloyat shifoxonalariga taqsimlash, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish imkonini berdi.

Respublikaning ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarida qariyb 10 mingga yaqin tezkor amaliyot va diagnostika tadbiri amalga oshirildi, ularning 4961 tasi (49,7 foizi) yuqori texnologiyalar asosida bajarildi. Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazida Markaziy Osiyo hududida ilk marotaba yurak ritmi buzilishini davolashning yuqori texnologiyali (kateterli) amaliyoti joriy etildi. Hisobot davrida 36 ta ana shunday amaliyot bajarildi.

Bolalarni sog‘lomlashtirish maqsadida 821 sog‘lomlashtirish lageri tayyorlandi, ularda 252034 nafar bola o‘z sog‘ligini yaxshiladi, ularning 50 foizi – ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalar farzandlaridir. Orolbo‘yi hududidan 4517 nafar, Kogon shahridan 2108 nafar bola Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi oromgohlarda hordiq chiqardi.

«Yoshlar yili» Davlat dasturini amalga oshirish ishlariga 9 oy mobaynida 1103,2 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning 240 ming nafar bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, 81,2 ming nafar yoshlar, shu jumladan, Qurolli Kuchlar safidan bo‘shatilgan 12,3 ming kishi, 20,2 ming nogiron ishga joylashtirildi.

Yoshlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan 1,5 ming yosh yigit-qiz uchun 2045 mln.so‘m mikrokredit ajratildi; Mikrokreditbank tomonidan 384 yosh tadbirkorga o‘z ishini boshlashi uchun 517,4 mln. so‘mlik kreditlar; 23,8 milliard so‘mlik imtiyozli va 24,5 milliard so‘mlik ipoteka kreditlari; 4 ming yosh oilaga qoramol xarid qilish uchun 5,6 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar berildi.

Yosh oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida ko‘p kvartirali uy qurilishi uchun 45,9 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi. Qishloq joylarida 1200 yosh o‘qituvchi oilasiga yakka tartibda xususiy uy qurish uchun yer uchastkalari ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2008 yil uchun belgilab berilgan respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish orqali jahonda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz tobora kuchayayotgan bir sharoitda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirishning yuqori sur’atlarini ta’minlashga erishildi. Iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotda bozor islohotlarini jadallashtirish, tijorat banklarining investitsiya jarayonidagi faolligini oshirish va yangi ish joylarini yaratish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishni davom ettirish jahon moliyaviy inqirozining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirining oldini olish, mamlakat iqtisodiy rivojlanishining yuqori sur’atlarini saqlash va O‘zbekiston Respublikasi aholisining farovonligini yanada oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.