O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Majlisi

13/02/2007 - 03:23 3462

2007 yil 12 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2007 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruza qildi. Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish natijasida iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlari, inflatsiya darajasining pasayishi va xalq farovonligining oshishi tendensiyalari mustahkamlanganligi qayd etildi. 2006 yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot 7,3 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10,8 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2 foizga, pulli xizmatlar ko‘rsatish 19,3 foizga, pudrat qurilish ishlari 12,8 foizga o‘sdi. Respublika iqtisodiyotiga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmlari o‘sdi. Jami investitsiyalarning yarmidan ko‘prog‘i ishlab chiqarish bazasini modernizatsiya qilishga va texnologik jihatdan yangilashga, yangi asbob-uskunalar sotib olishga yo‘naltirildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat faol rivojlandi, mahsulotni eksportga chiqarish hajmlari ko‘paymoqda, tashqi savdo va to‘lov balanslari mustahkamlanmoqda. Qishloq xo‘jaligida islohotlar davom ettirilmoqda. Bugungi kunda respublikada yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy qismi fermer xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Qabul qilingan maqsadli kompleks rivojlantirish dasturlarining tizimli amalga oshirilishi natijasida aholining ish bilan bandlik darajasi o‘sdi, turmush darajasi va sifatining jadal oshishi ta’minlandi. Aholining eng muhtoj toifalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq manzilli chora-tadbirlar hamda ta’lim, kadrlar tayyorlash, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi maqsadli umummilliy dasturlar izchil amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z ma’ruzasida hal qilinmagan mavjud muammolarga e’tiborni qaratdi va 2007 yil iqtisodiy dasturining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Eng avvalo, iqtisodiyotning barqaror va muvozanatlashtirilgan o‘sishini ta’minlash, eng muhim tarmoqlarni yanada tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, shu jumladan, buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga amalga oshirish, ish haqlari va aholi turmushi sifatini muttasil oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay ish muhitini yaratish, xususiy mulkchilikni mustahkamlash, bank-moliya tizimida va kommunal xo‘jalikda islohotlarni chuqurlashtirish ana shular jumlasidandir. Majlisda kun tartibidagi masalani muhokama qilish davomida Bosh vazir o‘rinbosari E.Shoismatov, «O‘zbekengilsanoat» davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi R.Ro‘ziqulov, Yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi M.G‘ofurov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi S.Nosirov, respublikaning bir qator idoralari rahbarlari va viloyatlari hokimlarining hisobotlari eshitildi. Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Manba: www.uza.uz

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.