2006 yilning 1 noyabridan boshlab ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida

13/10/2006 - 02:59 2518

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni. Respublika aholisining turmush darajasini yanada oshirish va fuqarolarni ijtimoiy madad qilishni kuchaytirish maqsadida: 1. 2006 yilning 1 noyabridan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar o‘rta hisobda 1,2 baravar oshirilsin. 2. 2006 yilning 1 noyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam: ish haqi – oyiga 12420 so‘m; yoshga doir pensiyalar – oyiga 24600 so‘m; yagona tarif setkasi bo‘yicha boshlang‘ich (nulinchi) razrad – oyiga 12420 so‘m; bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 24600 so‘m; zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 14900 so‘m miqdorida belgilansin. 3. Belgilab qo‘yilsinki, ish haqiga qo‘shiladigan ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek, pensiyalar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolali oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa to‘lovlar 2006 yilning 1 noyabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. 4. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, budjetdan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining mansab maoshlari miqdorini mazkur Farmondan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida qayta hisoblab chiqishni ta’minlasin. 5. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar respublika Davlat budjeti va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilsin. 6. Xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2006 yilning 1 noyabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish, shuningdek, joriy yil boshidan xo‘jalik yurituvchi subyektlar zimmasiga tushadigan soliq yuki darajasini pasaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirsin. 7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 9 iyundagi PF-3761-son Farmoni (7-bandi istisno qilingan holda) 2006 yil 1 noyabrdan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin. 8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov Toshkent shahri, 2006 yil 12 oktabr

Manba: www.uza.uz

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.