Respublika hududlarini 2008 yil I choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida

15/05/2008 - 14:07 4897

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan shu yil 8 fevralda respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2008 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar hamda hududlar tomonidan amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar natijasida 2008 yilning 1-choragida Respublikada iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari bilan tavsiflanadigan makroiqtisodiy barqarorlik ta’min etildi.

Yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,1 foizni tashkil etib, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 10,6 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 4,8 foizga, istemol tovarlari 17,2 foizga, chakana tovar aylanmasi 12,7 foizga va xizmatlar hajmi 19,8 foizga o‘sdi, shuningdek mahsulot eksporti 56,1 foizga ko‘paydi. Puxta pul-kredit siyosati o‘tkazilishi natijasida inflyatsiyaning o‘sish sur’ati mo‘ljallangan prognoz parametrlari doirasida saqlandi.

Respublika bo‘yicha investitsiyalar tarkibidagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida kapital qo‘yilmalar hajmi 41 foizga, shuningdek korxonalar mablag‘lari 78,2 foizga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 56,8 foizga o‘sdi, tarkibiy qayta o‘zgartirishlar, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash ishlari davom ettirildi. Umuman respublika bo‘yicha 105 ta ishlab chiqarish ob’yektlari foydalanishga topshirildi.
Yalpi ichki mahsulotda xizmatlar sohasining ulushi 44,4 foizgacha ko‘paydi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish o‘sishning yuqori sur’atlarini va yalpi ichki mahsulotda kichik biznes salmog‘ining o‘tgan yilning shu davridagi 33,2 foiz o‘rniga 35,1 foizgacha oshishini ta’minladi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish davom ettirildi. Natijada joriy yilning I-чорагида 169,5 ming yangi ish o‘rni (2007 yilning shu davriga nisbatan 113%), shu jumladan xizmatlar va servis sohasida 67 mingdan ortiq, kasanachilikni tashkil etish hisobiga 55 ming ish o‘rni yaratilishiga erishildi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2007 yilning I-чорагига nisbatan 1,3 baravar ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi, importning o‘rnini bosishning hisoblangan samarasi 464 mln. dollarni tashkil etdi.

“Yoshlar yili” Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan faol chora-tadbirlar ko‘rildi. Qurolli Kuchlardagi xizmatdan qaytgan 3,2 ming nafar yoshlar ishga joylashtirildi. Qishloq joylarda yosh oilalarga qoramol sotib olish uchun 1,4 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.

Hududlardagi iqtisodiy salohiyatlardan oqilona foydalanish, yangi ishlab chiqarish ob’yektlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarning quvvatlaridan samaraliroq foydalanish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat va servisni rivojlantirish barqaror o‘sishni ta’minlashning asosiy omillaridan bo‘ldi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’ati Toshkent shahrida 145,9 foizni tashkil qilib, eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan.
Sanoatning o‘sishiga Toshkent shahrida 335 ta ishlab chiqarish yo‘nalishidagi yangi korxonalarning ro‘yxatga olinganligi eng katta omillardan biri bo‘lib xizmat qildi.

Navoiy viloyatida yalpi qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7,0 foizga o‘sdi va bu ko‘rsatkich respublika hududlari orasida eng yuqori bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligida olib borilgan islohotlar, fermer xo‘jaliklari hamda dehqon xo‘jaliklari faoliyati uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar o‘zining samarasini bermoqda. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishda ayniqsa dehqon xo‘jaliklarining ulushi (86,2 foiz) yuqori bo‘ldi.

Qashqadaryo viloyatida kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirilishi 250,3 foizni tashkil qildi va jami kapital qo‘yilmalarning 31,5 foizi xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Jami investitsiyalarning 71,8 mlrd.so‘mi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.

Toshkent viloyatida chakana savdo xizmati ko‘rsatish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga oshdi.
Yanvar-mart oylarida viloyatda 157 ta chakana savdo shahobchalari ishga tushirildi va bu o‘z navbatida aholini arzon va sifatli iste’mol mollari bilan ta’minlanishini birmuncha yaxshiladi.

Aholiga pullik xizmat ko‘rsatish hajmlarining yuqori o‘sish sur’ati Namangan viloyatida 121,9% kuzatildi. Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 41,5 foizga to‘g‘ri keldi. Hisobot davrida 157 ta, shundan qishloq joylarida 112 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari tashkil etildi.

Farg‘ona viloyatida bajarilgan eksport amallari hajmi 110,2 mln.AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,1 foizga o‘sdi va bu Respublika hududlari ichida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.

Har bir hudud bo‘yicha iqtisodiyotning barcha jabhalarini rivojlantirish borasida, ayniqsa makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilgan. Ushbu dasturlarda belgilangan ko‘rsatkichlarning ijrosini ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamdagi ishlar olib borilmoqda.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.