O'zbekiston Respublikasini 2010 yilning birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to'g’risida

27/07/2010 - 15:22 4266

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 yanvardagi majlisida belgilab berilgan 2010 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor yo’nalishlarini, jumladan, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo’yicha qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturi va kompleks dasturlarni amalga oshirish joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyot va jamiyatimiz ijtimoiy hayotini barqaror, muvozanatli rivojlantirishni, iqtisodiy o’sishning izchil yuqori sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi.

I. Asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlar

2010 yilning birinchi yarmida davlat byudjetini muvozanatlashtirish, bank tizimini barqarorlashtirishga qaratilgan puxta o’ylangan makroiqtisodiy siyosat, tashqi savdo balansining ijobiy saldosi, xo’jalik sub’ektlari va aholining ichki ehtiyojlarini faol rag’batlantirish, iqtisodiyot va uning strategik muhim tarmoqlarini texnik hamda texnologik yangilash dasturlarining amalga oshirilishi iqtisodiyotni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko’rsatdi.

Joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiy o’sish 8,0 foizni tashkil qildi. Bunda iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlari yuqori sur’atda muvozanatli rivojlandi: sanoat mahsulotlari hajmi 8,0 foiz, qishloq xo’jaligi 6,9 foiz, qurilish ishlari 11,5 foiz, chakana savdo 10,3 foiz, aholiga pullik xizmat ko’rsatish 12,0 foiz o’sdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz profitsit bilan bajarildi, inflyatsiya darajasi 4,0 foiz yoki prognoz parametrlar doirasida ushlab turildi.

2010 yilning birinchi yarmida tovarlar va xizmatlar eksporti hajmi 14,3 foiz oshdi va buning natijasida tashqi savdo balansining ijobiy saldosi 2,5 milliard dollardan ortdi.

2010 yilning birinchi yarmida O’zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko’rsatkichlari (2009 yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko’rsatkichlar O’sish sur’atlari
Yalpi ichki mahsulot 108,0
Sanoat mahsulotlari hajmi 108,0
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish 111,8
Qishloq xo’jalik mahsulotlari 106,9
Qurilish ishlari 111,5
Chakana savdo aylanmasi 110,3
Pullik xizmatlar 112,0

II. Moliya-bank barqarorligini ta’minlash

Bank tizimining jami kapitali joriy yilning birinchi yarmida 2009 yilning shu davriga nisbatan 44,5 foiz, mijozlarning bankdagi depozitlari qoldig’i 67,2 foiz, aholining kredit tashkilotlaridagi mablag’lari 78,1 foiz ko’paydi. Kredit tashkilotlarida aholi depozitlari umumiy miqdorida muddatli va jamg’arma omonatlarining ulushi 86,2 foizni tashkil qildi. Natijada banklarning jami aktivlari o’tgan yilning shu davriga nisbatan 5,1 trillion so’m yoki 34,3 foiz oshdi.

Banklar resurs bazasini yanada ko’paytirish iqtisodiyot real sektori korxonalariga kredit ajratish hajmini sezilarli darajada oshirishni ta’minladi. Banklarning real sektorga yo’naltirilgan kredit qo’yilmalari qoldiqlari o’tgan yilning shu davriga nisbatan 37,5 foiz o’sdi.

Bunda muddati 3 yildan ortiq bo’lgan uzoq muddatli kreditlar hajmi o’tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar o’sdi, ularning umumiy kredit qo’yilmalaridagi ulushi 65 foizdan 74 foizga ko’paydi.

Joriy yilning birinchi yarmida korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, ularning investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklarining qiymati 518 milliard so’mga teng kreditlari yoki 2009 yilning shu davriga qaraganda 2,3 baravar ko’p mablag’i yo’naltirildi. Natijada umumiy kapital qo’yilmalar hajmida tijorat banklari tomonidan o’zlashtirilgan kredit resurslari hajmi o’tgan yilning shu davriga qaraganda 2 baravardan oshdi.

Muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni 2009 yilning shu davriga qaraganda 1,77 million donaga ko’paygani naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirishga yordam berdi. Plastik kartochkalarning umumiy soni 2010 yil 1 iyul holatiga ko’ra 6,84 million donaga yetdi. O’rnatilgan terminallar soni esa 24,6 mingtaga ko’paydi va 61,1 mingtani tashkil qildi. Buning natijasida plastik kartochkalar orqali naqd pulsiz to’lovlar hajmi 2009 yilning shu davriga nisbatan 2,7 baravar oshdi.

III. Mamlakat raqobatbardoshliligini oshirishni ta’minlash maqsadida iqtisodiyotni tarkibiy tub o’zgartirishni chuqurlashtirish siyosatini davom ettirish

Joriy yilning birinchi yarmida to’qimachilik (148,2 foiz), yog’ochni qayta ishlash va sellyuloza-qog’oz sanoati (121,7 foiz), mashinasozlik va metallni qayta ishlash sanoati (111,9 foiz) va oziq-ovqat (110,8 foiz) sanoati korxonalarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o’sishining eng yuqori ko’rsatkichlariga erishildi.

2010 yilga mo’ljallangan sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilning birinchi yarmida 929 loyiha bo’yicha qiymati 2,64 trillion so’mlik yoki 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,4 baravar ko’p mahsulot ishlab chiqarildi. Natijada respublika sanoat ishlab chiqarishi umumiy hajmida mahalliylashtirilgan mahsulotlar ulushi 13,9 foizdan 17,1 foizga ko’paydi, import o’rnini bosishning hisob-kitob qilingan samarasi 1,7 milliard dollarni tashkil qildi yoki 2009 yilning birinchi yarim yilidagi ko’rsatkichga nisbatan 1,3 baravar oshdi.

Hisobot davrida Mahalliylashtirish dasturi doirasida 181 turdagi yangi mahsulot, shu jumladan, konteyner tashigichlar, avto tashigichlar, kupe tipidagi yo’lovchi tashish vagonlari, kolonna va reaktor uskunalari, fontan armatura, burg’ulash qorishmasi degazatori, tomchilatib sug’orish tizimi, turli xildagi dastgoh uskunlari, yog’ni zichlash uchun butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, dori va kosmetika vositalarining yangi turlari, akril ipi, yangi turdagi maishiy elektr mahsulotlarini ishlab chiqarish o’zlashtirildi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag’batlantirishga doir ko’rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar eksporti hajmi 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,8 baravar ko’paydi va 259,1 million dollarni yoki mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar umumiy hajmining 15,2 foizini tashkil etdi.

Hisobot davrida mahalliylashtirilgan eksportbop mahsulotlar turi 104 taga yetdi, 40 turdagi yangi mahalliylashtirilgan mahsulotlar eksport qilinadigan mahsulotlar ro’yxatiga kiritildi. Neft-gaz va kimyo uskunalari, umumta’lim maktablari uchun o’quv-laboratoriya uskunalari va ko’rgazmali qo’llanmalar, kabel-o’tkazgich mahsulotlar, avtomobillar, dvigatellar uchun gilza-porshen-xalqalar, avtomobillar uchun disklar, kultivatorlar, metallprokat va boshqa turdagi mahsulotlar shular jumlasidandir.

Joriy yilning birinchi yarmida iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida tijorat banklari tomonidan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun texnologik uskunalar, xomashyo va materiallar xarid qilishga 503 milliard so’mlik kreditlar ajratildi. Natijada joriy yilning birinchi yarmida iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish hajmi 11,8 foiz, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 9 va nooziq-ovqat mahsulotlari 13,9 foiz o’sdi. Barcha turdagi to’qimachilik mahsulotlarini (kalava, matolar, trikotaj, tikuvchilik, paypoq buyumlari, gilam va gilamchilik buyumlari), televizorlar, muzlatgichlar, elektr dazmollar, maishiy yoritgichlar, xo’jalik va boshqa tovarlarni ishlab chiqarish hajmi ko’paydi.

Mahsulotlarni eksport qilishni rag’batlantirish, tayyor mahsulotlarni yangi tashqi bozorlarga olib chiqish, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlarning faol amalga oshirilishi natijasida joriy yilning birinchi yarmida eksportbop tovarlar turlari 400 dan oshdi.

Eksportning 14,3 foizga o’sishi asosan jismoniy hajmlarning (tayyor trikotaj buyumlari, ip gazlama va kalava, triktotaj polotnosi, yengil avtomobillar, sim va kabellar, karbamid, meva-sabzavotlar va boshqa mahsulotlar) oshishi hisobidan ta’minlandi. Eksport tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari (165,6 foiz), qora va rangli metallar (172,1 foiz), mashinalar va uskunalar (2 baravar), xizmatlar (117,6 foiz) eksportining yuqori sur’atda o’sishi ta’minlandi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada qo’llab-quvvatlashga oid ko’rilgan samarali choralar natijasida joriy yil boshidan buyon ro’yxatga olingan kichik korxonalar umumiy soni (fermer xo’jaliklarini hisobga olmaganda) 3,7 foiz ko’paydi. Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan kreditlar hajmi 1391,7 milliard so’mni tashkil qildi yoki 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar oshdi, jumladan, 270,4 milliard so’mlik mikrokreditlar berildi va bu ko’rsatkich 1,4 baravar oshdi. Natijada joriy yilning birinchi yarim yilida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 41,1 foiz, sanoatda 16,7 foiz, bandlikda 74 foizni tashkil qildi. Kichik biznesda sanoat ishlab chiqarish hajmining o’sish sur’atlari 122,1 foizni tashkil qildi va bu sanoat tarmog’i bo’yicha o’rtacha ko’rsatkichdan ancha yuqoridir.

Joriy yilning birinchi yarmida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 5,5 foiz, moliyaviy xizmatlar hajmi 18,5 foiz, savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlari 15,3 foiz, avtomobillar va boshqa texnikani ta’mirlash xizmatlari 28,7 foiz o’sdi. Bundan tashqari, shu yilning birinchi yarmi davomida 1,5 mingdan ortiq maishiy xizmat ko’rsatish ob’ektlari foydalanishga topshirildi va bu maishiy xizmatlar hajmining 20,5 foiz oshishini ta’minladi.

Umuman, joriy yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi o’tgan yilning shu davriga nisbatan 10,9 foiz, yalpi ichki mahsulot tarkibida xizmatlar ulushi 46,2 foizdan 47,4 foiz o’sdi.

IV. Faol investitsiya siyosatini, texnik modernizatsiya qilish dasturlarini amalga oshirish

Joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyotda o’zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 7,1 trillion so’mni tashkil qildi va qiyosiy narxlarda 4,8 foiz oshdi. Umumiy investitsiyalar hajmining 72 foizi ishlab chiqarish qurilishiga yo’naltirildi, noishlab chiqarish qurilishiga yo’naltirilgan investitsiyalar ulushi 2009 yilning tegishli davriga qaraganda 29 foizdan 28 foizga kamaydi.

O’zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb 1,7 milliard dollarni, jumladan to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar 1,57 milliard dollarni tashkil qildi va 2009 yilning shu davriga qaraganda 1,5 baravar o’sdi.

Joriy yilning birinchi yarmida uy-joy qurilishini rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilgan rag’batlantiruvchi chora-tadbirlar natijasida aholi mablag’lari hisobidan o’zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 1,8 baravar oshdi.

Shu yilning boshidan buyon ishlab chiqarishni texnik modernizatsiya qilish bo’yicha 108 ta loyihani amalga oshirish yakunlandi va 529 ta ishlab chiqarish ob’ekti foydalanishga topshirildi. Shu jumladan, oziq-ovqat sanoatida 208, yengil sanoatda 64, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida 138, yog’ochni qayta ishlash sanoatida 30, mashinasozlik sanoatida 7 ta va boshqa ob’ektlar ishga tushirildi. «Ko’kpotas va Doug’istov birlashgan xomashyo bazasida kon-metallurgiya korxonasi qurilishi (1-navbati)», «Farg’onaazot» ochiq aksiyadorlik jamiyatida azot-fosfor o’g’itini ishlab chiqarish bo’yicha tajriba-sanoat qurilmasi qurilishi», «Toshkent shahridagi asfalt zavodini modernizatsiya qilish va yo’llarni qurish hamda saqlash uchun uskunalar xarid qilish», «Guliston, Jizzax, Qarshi shaharlarida suv ta’minoti tizimini takomillashtirish», «Bazalt isitgichi asosida sendvich panellari ishlab chiqarishni tashkil qilish», «Toshbrunneteks» qo’shma korxonasida yigiruv ishlab chiqarishini tashkil qilish» va boshqalar ularning eng muhimlari hisoblanadi.

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasining to’laqonli faoliyat ko’rsatishini ta’minlash maqsadida infratuzilma ob’ektlarini qurish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda, erkin industrial-iqtisodiy zona hududini o’rash, ajratish va maydon ichi drenaji, tashqi elektr ta’minoti va gazlashtirish, shuningdek, Ye-40 (M-37) avtomobil yo’lidan “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasigacha betondan ishlangan avtomobil kirish yo’lini, temir yo’l, Bojxona posti binosini qurish ishlari nihoyasiga yetdi. Loyiha tashabbuskorlari tomonidan 18 ta investitsiya loyihasi bo’yicha ishlar amalga oshirilmoqda. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida dastlabki uchta loyiha bo’yicha qurilish ishlari yakunlandi hamda montaj va ishga tushirish-sozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimini tashkil qilish maqsadida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumfoydalanish avtomobil yo’llarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda O’zbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini qurish va yo’l-qurilish texnikasini xarid qilish uchun o’zlashtirilgan kapital qo’yilmalar 190,6 milliard so’mni tashkil qildi yoki bu 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,8 baravar ko’p demakdir. O’zbekiston milliy avtomagistrali bo’ylab yo’l yoqasida 59 ta infratuzilma va xizmat ko’rsatish ob’ektlarida qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda, hisobot davrida 13 ta ob’ekt ishga tushirildi.

Toshguzar-Boysun-Qumqo’rg’on yangi temir yo’l liniyasi raz’ezd va stansiyalarida ishlab chiqarish-texnik binolar hamda turar-joylar qurilishini yakunlash bo’yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida Navoiy shahridagi xalqaro aeroport orqali Frankfurt, Seul, Bryussel, Milan, Bangkok, Dehli, Dakka, Mumbay va dunyoning boshqa yirik shaharlariga muntazam reyslar amalga oshirildi.

Angren shahrida yangi tashkil qilingan Logistika markazi orqali transport-ekspeditsiya, yuklash-tushirish xizmatlari va yuklarni saqlash xizmatlarini ko’rsatish sezilarli darajada jadallashdi. Joriy yilning birinchi yarmida «Angren logistika markazi» yopiq aksiyadorlik jamiyati orqali qariyb 2 million tonna yuk tashildi.

Elektr energetikasini modernizatsiya qilish, energiya sarfini kamaytirish va energiya tejash tizimini joriy etish dasturini amalga oshirish doirasida maishiy iste’molchilarning elektr energiyasini sarflashini aniq hisobga olishni ta’minlaydigan 1570,9 mingta va xo’jalik sub’ektlarida 285,9 mingta elektron hisoblagich o’rnatildi. Farg’ona ES Qo’qon RESda elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olish bo’yicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishga doir montaj-sozlash ishlari nihoyasiga yetkazildi, Qoraqalpog’iston ES Nukus RESda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida maishiy sektorda elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olish bo’yicha avtomatlashtirilgan tizimga mos keladigan 273,8 mingta zamonaviy hisobga olish priborlari joriy etildi.

Joriy yilning birinchi yarmida Sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg’armasi mablag’lari hisobidan 91 ta loyiha bo’yicha kollektor-drenaj tarmoqlari va boshqa melioratsiya ob’ektlari qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. 236 ta melioratsiya ob’ektida umumiy qiymati 32,2 milliard so’mlik ta’mirlash-qayta tiklash ishlari bajarildi. Bu umumiy uzunligi 8085,9 kilometrlik xo’jaliklararo va xo’jaliklar ichidagi kollektor-drenaj tarmog’ini tozalash, uzunligi 534,1 kilometrlik yopiq gorizontal drenaj tarmog’ida, 12 melioratsiya nasos stansiyasi hamda boshqa melioratsiya ob’ektlarida qayta tiklash ishlarini bajarish imkonini berdi.

V. Qishloqda uy-joy va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish va qurish dasturining amalga oshirilishi to’g’risida

Joriy yilning birinchi yarmida mamlakatimiz bo’yicha 4417,5 ming kvadrat metr, jumladan, qishloq joylarda 3113,7 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi. 544,6 kilometrlik gaz va 1375 kilometrlik suv quvurlari, shu jumladan, qishloq joylarda 416,6 va 864 kilometrlik gaz-suv tarmoqlari barpo etildi. Uzunligi 170 kilometrdan ortiq elektr uzatish liniyasi, 35 va undan yuqori kV kuchlanishga ega kichik stansiyalarda 12,6 ming kVA transformator quvvatlari foydalanishga topshirildi.

Joriy yilning birinchi yarmida 2009 yilning sentyabrida qishloq joylardagi 42 ta yer massivida qurilishi boshlangan 847 ta uy-joy qurib bitkazildi, bu uylarga gaz, suv va elektr energiyasini yetkazib berishni ta’minlaydigan tashqi muhandislik tarmoqlari barpo etildi.

159 ta qishloq tumanlaridagi 223 ta massivda namunali loyihalar bo’yicha qo’shimcha 6800 ta uy-joy qurilishi boshlandi. O’tgan davr mobaynida ushbu maqsadlar uchun «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik-tijorat bankining jami 122,2 milliard so’mlik imtiyozli kreditlari ajratildi.

Zamonaviy materiallarga bo’lgan ehtiyojni yanada to’liq qondirish maqsadida zamonaviy tom yopish materiallari, gipsokarton, quruq pardozlash aralashmalari, yig’ma konstruksiyalar kabi qurilish va pardozlash materiallari ishlab chiqaruvchi 116 ta yangi korxona, jumladan, yiliga jami 97 million donadan ortiq g’isht ishlab chiqarish quvvatiga ega 25 ta g’isht zavodi ishga tushirildi.

VI. Qishloq xo’jaliida iqtisodiy islohotlarni davom ettirish

Qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi samaradorligining oshirilishi natijasida qariyb 7 million tonnaga yaqin don yig’ishtirib olindi, ishlab chiqarish hajmining o’sishi o’tgan yilning shu davriga qaraganda 4,6 foizni tashkil qildi.

Joriy yilning birinchi yarmida chorvachilikni rivojlantirish dasturi doirasida kimoshdi savdolari orqali shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo’jaliklariga 14085 bosh nasldor qoramol sotildi, kam ta’minlangan oilalarga 5592 bosh qoramol bepul berildi. Tijorat banklari hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Bandlikka ko’maklashish jamg’armasi tomonidan qoramol sotib olish uchun 21,1 milliard so’m ajratildi.

Ko’rilgan chora-tadbirlar natijasida qoramollar umumiy soni 8668,7 ming boshga yetdi yoki 2009 yilning shu davriga qaraganda 6,7 foiz o’sdi.

Joriy yilning birinchi yarmida tijorat banklari tomonidan parrandachilik xo’jaliklarini tashkil qilish uchun 44,6 milliard so’m ajratildi. 365 ta parrandachilik xo’jaligi tashkil qilindi va parrandalarning umumiy soni 33,6 milliontani yoki o’tgan yilning shu davriga nisbatan 113,6 foizni tashkil etdi.

Joriy yilning birinchi yarmida zamonaviy miniuskunalar bilan jihozlangan 66 ta qayta ishlash korxonasi, jumladan, 12 ta meva-sabzavotni, 21 ta go’shtni va 33 ta sutni qayta ishlaydigan korxona tashkil etildi.

Parrandachilik va chorvachilikni rivojlantirishga doir ko’rilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi o’tgan yilning shu davriga nisbatan sabzavotlar 14,6 foiz, kartoshka 10,2 foiz, poliz ekinlari 16,3 foiz, mevalar 13,3 foiz, uzum 14,3 foiz, go’sht 6,7 foiz, sut yetirishni 6,9 foiz va tuxum yetishtirishni 15,3 foiz oshirish imkonini berdi.

VII. Aholi bandligi va turmush sifatini oshirishni ta’minlash

Joriy yilning birinchi yarmida 509,4 mingta yangi ish o’rni, shundan 350,1 mingdan ortig’i (68,7 foizi) qishloq joylarda tashkil etildi. Ish o’rinlarining katta qismi – 323,7 mingtasi (63,5 foiz) kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, jumladan, qariyb 160 mingtasi (31,4 foiz) xizmat ko’rsatish va servis sohasida tashkil qilindi.

Xo’jalik birlashmalari va hokimliklarni kasanachilik, hunarmandchilik va xalq hunarmandchiligini kengaytirish, oilaviy tadbirkorlikni rag’batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishga faol jalb qilish hisobidan 127 mingta, xususan, korxonalar bilan kooperatsiya asosida 46,1 mingta, pudrat shartnomasi va oilaviy biznes asosida 80,9 mingta ish o’rni yaratildi. 2010 yilning 1 iyul holatiga ko’ra, 300 ming nafardan ortiq kishi kasanachilik bilan qamrab olindi.

Mehnat bozorida faol siyosat yuritish joriy yilning birinchi yarmida aholi bandligini 2,7 foiz oshirish imkonini berdi va buning natijasida ish bilan band aholi soni 303,5 ming nafardan ko’proqqa ortdi va 11,4 milliondan ko’proq kishini tashkil etdi. Ish bilan band aholi sonining o’sishi asosan qurilish (106,4 foiz), uy-joy-kommunal va maishiy xizmat ko’rsatish (105,3 foiz), transport va aloqa (104,9 foiz), savdo va umumiy ovqatlanish sohasida (104,9 foiz) kuzatilmoqda.

O’rtacha ish haqining barqaror o’sishi saqlab qolindi. Joriy yilning birinchi yarim yilining oxirgi oyida ushbu ko’rsatkich 476,4 ming so’mni tashkil qildi va bu 2009 yilning shu davriga nisbatan 34,1 foiz ko’pdir.

Joriy yilning birinchi yarim yilida “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirish uchun 4,2 trillion so’m va 79 million dollar yo’naltirildi. Bu borada ko’rilgan choralar natijasida yoshlar uchun 282,8 mingta yangi ish o’rni yaratildi, yosh oilalarga qiymati 55,5 milliard so’mlik imtiyozli ipoteka kreditlari ajratildi.

O’tgan davr mobaynida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha erishilgan ijobiy natijalar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan 2009-2012 yillarga mo’ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasidagi chora-tadbirlar nechog’li samarali amalga oshirilganidan dalolat beradi.

O’zbekiston iqtisodiyoti O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va butun dunyoda e’tirof etilgan bosqichma-bosqich rivojlanishning «o’zbek modeli» samarali amalga oshirilishi tufayli jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining og’ir sinovlariga bardosh berdi.

Shu yilning may oyi boshida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 43-yillik majlisi davomida nufuzli xalqaro tashkilotlar va xorijiy delegatsiyalar rahbarlari, shuningdek, 2010 yilning iyun oyi oxirida mamlakatimizga tashrif buyurgan Xalqaro valyuta jamg’armasi missiyasi tomonidan ham erishilgan bu samaralar yuksak baholandi. XVJ missiyasi tomonidan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida ham O’zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgani ta’kidlandi. Missiya keyingi to’rt yilda moliya sektorida sezilarli rivojlanishga erishilgani, banklar kapitali va aktivlarining sezilarli darajada ko’payishi bank sektorini barqarorlashtirishda muhim omil bo’lganini va sanoatni modernizatsiya qilish hamda infratuzilmani rivojlantirish davlat dasturini qo’llab-quvvatlash imkonini berganini qayd etdi.

Xalqaro valyuta jamg’armasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankining xulosalariga ko’ra, inqirozga qarshi choralarning sanoatni modernizatsiya qilish va infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, joriy yilda eksport hajmini oshirishga ko’rsatayotgan samarali ta’siri davom etayotgani tufayli 2010 yilda O’zbekiston iqtisodiyotining o’sishi 8 foizdan ortiqni tashkil qiladi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, yurtimizda ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlar eksportini kengaytirish orqali tashqi bozorlarda mamlakatimiz pozitsiyasini mustahkamlash, shuningdek, qishloqlar qiyofasini tubdan o’zgartirish, aholi turmush darajasini oshirish hamda barkamol avlodni tarbiyalash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan inqirozga qarshi choralarni amalga oshirishni davom ettirish va chuqurlashtirish O’zbekiston iqtisodiyotini yanada barqaror rivojlantirish imkonini beradi.

O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi

O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi

 

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.