O‘zbekiston Respublikasini 2009 yil 9 oyi mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari

10/11/2009 - 13:59 4514

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan respublikamiz hukumatining 2009 yil 13 fevraldagi yig‘ilishida belgilab berilgan mamlakatimizni 2009 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari, Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining joriy yilning 9 oyi mobaynida amalga oshirilishi iqtisodiyotni rivojlantirishning barqaror va muvozanatli sur’atlarini saqlash imkonini berdi va 2009 yildagi asosiy prognoz ko‘rsatkichlar bajarilishi uchun mustahkam zamin yaratdi.

I. Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar

Shu yilning 9 oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulot 8 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi – 9,1 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish – 3,3 foizga o‘sdi. Investitsiyalar hajmining (128,3 foiz) va qurilish ishlari hajmining (133,5 foiz), shuningdek, ichki iste’mol talabining oshishi natijasida chakana savdo aylanmasining 17,5 foizga, pullik xizmatlarning 17,8 foizga o‘sgani hisobot davridagi iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bo‘ldi.

Davlat budjetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorida profitsit bilan bajarilishi, ayni paytda pul va iste’mol bozorining muvozanatlashgani inflatsiya darajasini prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmagan holda, past darajada (4,2 foiz) saqlash imkonini berdi.

Mamlakatimizning eksport mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar tashqi savdo balansi ijobiy saldosini 2,3 milliard dollardan ortiq hajmda bo‘lishini ta’minladi.

O‘zbekiston Respublikasini 9 oy mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishining asosiy ko‘rsatkichlari (2008 yilning shu davridagiga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar O‘sish sur’atlari
Yalpi ichki mahsulot 108,0
Sanoat mahsulotlari 109,1
Iste’mol tovarlari 113,7
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 103,3
Asosiy kapitaldagi investitsiyalar 128,3
Qurilish ishlari 133,5
Chakana savdo aylanmasi 117,5
Pullik xizmatlar 117,8

II. Tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishni davom ettirish, iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni jadallashtirish

Bank tizimining barqarorligini mustahkamlash va iqtisodiyotning real sektoridagi tijorat banklarining investitsiyaviy faolligini oshirish maqsadida ularning resurs bazasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida tijorat banklarining jami kapitali 2008 yilning shu davridagiga nisbatan joriy yilning 9 oyida 41,2 foizga, bank aktivlari esa 30 foizga oshdi. Tijorat banklarining sarmoyaviy loyihalarni moliyalashga va korxonalarning, eng avvalo, eksport qiluvchi korxonalarning aylanma mablag‘larini kreditlashga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalari umumiy hajmi 34,3 foizga oshdi va 8,4 trillion so‘mga yetdi, ularning 78,3 foizini investitsiyaviy maqsadlarga mo‘ljallangan uzoq muddatli kreditlar tashkil etadi. Aholi va yuridik shaxslar depozitlari 50, 9 foizga, shu jumladan, aholi depozitlari – 68,8 foizga o‘sdi.

Investitsiya dasturining amalga oshirilishi davomida 2009 yilning yanvar-sentabr oylarida moliyalashning barcha manbalari hisobidan 9008,9 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi, bu esa o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 28,3 foizga ko‘pdir. Markazlashmagan investitsiyalarning o‘sish sur’ati 133,3 foizni tashkil etdi. Iqtisodiyotga kiritilgan barcha kapital qo‘yilmalar umumiy hajmidan ishlab chiqarish qurilishiga 72,8 foiz investitsiyalar yo‘naltirildi.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida qulay ishbilarmonlik muhitining saqlanishi 2008 yilning shu davridagiga nisbatan o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining 2 baravar oshishiga ko‘maklashdi va ularning hajmi 1534,4 million dollarni tashkil etdi. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning jami kapital qo‘yilmalar hajmidagi ulushi 2008 yilning 9 oyidagi 16 foiz o‘rniga 24,8 foizga yetdi.

Shu yilning yanvar-sentabr oylari davomida 371 ta ishlab chiqarish obyekti ishga tushirildi, jumladan: yengil sanoatda – 71 ta, oziq-ovqat sanoatida – 139 ta, qurilish materiallari sanoatida – 122 ta, mashinasozlikda – 13 ta, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohalarida – 10 ta obyekt foydalanishga topshirildi.

Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturlarining ijrosi doirasida hisobot davrida yoqilg‘i va kimyo sanoatida, mashinasozlikda, qora metallurgiyada, qurilish materiallari sanoatida, paxta tozalash tarmog‘ida, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoatida va boshqa tarmoqlarda 156 ta loyiha amalga oshirildi.

Yoqilg‘i sanoati korxonalarini burg‘ulash moslamalari va ZD seysmoqidiruv komplekslari bilan jihozlash, «Idas Elektroniks» MCHJ qo‘shma korxonasida avtomobillar uchun raqamli soatlar ishlab chiqarishni tashkil etish, «UzTongXong» qo‘shma korxonasida avtomobil o‘rindiqlarini va «UzKodji» qo‘shma korxonasida avtomobil elektrojgutlari ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha loyihalar bajarildi.

Har birida 40-45 ming tonna paxta xomashyosini qayta ishlash quvvatiga ega 9 ta paxta tozalash zavodi modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi.

Qolipli non ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalarni modernizatsiya qilish va qolipli non ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy kichik korxonalarni qurish dasturi asosida 100 ta obyekt ishga tushirildi.

Elektroenergetikani modernizatsiyalash, energiya sarfini qisqartirish va energiyani tejash tizimini joriy etish dasturlarini amalga oshirish doirasida shu yilning 9 oyi davomida elektr tarmoqlarida elektr energiya sarfini aniq hisob-kitob qilishini ta’minlash imkonini beradigan 361,4 ming dona elektron hisoblagichlar o‘rnatildi. «Yangi Angren TES» – «O‘zbekiston» podstansiyasi yo‘nalishi bo‘yicha 500 kVli «O‘zbekiston» podstansiyasining qurilishi nihoyasiga yetkazildi va bu yerda 501 ming kVA quvvatga ega avtotransformator o‘rnatildi, 169,4 km.ga 500 kVlik yuqori kuchlanishli hamda 8,4 km.ga 220 kV kuchlanishli liniyalar o‘tkazildi. 500 kVlik G‘uzor-Surxon yuqori voltli liniyasi qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda.

Uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida hisobot davrida uy-joy fondi obyektlarini tayyor holda topshirish sharti bilan qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadigan 1012 ta ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-qurilish tashkilotlari tashkil etildi. Bu 13,6 ming qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini ta’minladi. Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-qurilish tashkilotlari tomonidan umumiy qiymati 72,8 milliard so‘mlik qurilish ishlarini amalga oshirishga doir 1370 ta shartnoma tuzildi.

Respublikaning barcha hududlarida qishloq qurilishini kengaytirish maqsadida “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik-tijorat banki va “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasining bo‘limlari tashkil etildi. Namunaviy loyihalar asosida qurilishni kreditlash va amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi, qishloq qurilishida foydalanish uchun yakka tartibdagi uy-joylar va ijtimoiy-madaniy obyektlar namunaviy loyihalarining respublika ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Joriy yilda qishloq joylarda turar-joyning 22 ta namunaviy loyihasi bo‘yicha kompleks uy-joy qurilishi va ijtimoiy-madaniy obyektlarning 16 ta loyihasini barpo etish uchun 42 massiv belgilandi.

“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi shafe’ligida devorbop va boshqa qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi sanoat korxonalari tashkil etilmoqda.

Umuman, joriy yilning 9 oyi mobaynida 6361 ming kvadrat metr, shu jumladan, qishloq joylarida 4728,8 ming kvadrat metr turar-joy foydalanishga topshirildi.

III. Mamlaktimiz korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va sanoat o‘sishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish

Joriy yilning o‘tgan 9 oyida eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning barqaror ishlashini ta’minlash, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini qisqartirish, mamlaktimiz ishlab chiqaruvchilarining tovar va xizmatlariga bo‘lgan ichki talabni rag‘batlantirish borasida faol chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Tarkibiy o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijalari sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmining o‘sishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Joriy yilning 9 oyida mashinasozlik va metallga ishlov berish (117,5 foiz), kimyo va neft-kimyo (113,4 foiz), yoqilg‘i (112,9 foiz), qora metallurgiya (112,3 foiz) va qurilish materiallari sanoati (110,3 foiz) sohalarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarining yuqori o‘sish sur’atlariga erishildi.

Eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan ularning aylanma kapitalini to‘ldirish uchun 160 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratdi. Bu esa ularning mahsulotini eksport qilish bilan bog‘liq vaqtinchalik qiyinchiliklar sababli ishlab chiqarishning qisqarishini oldini olishga yordam berdi. Bir qator korxonalarda kreditorlik qarzlar budjetga to‘lovlarni to‘lash muddatini kechiktirish shaklida restrukturizatsiya qilindi, budjet, budjetdan tashqari jamg‘armalarga elektr energiyasi, tabiiy gaz va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 56 milliard so‘mga teng penya va jarima sanksiyalari hisobdan chiqarildi va bu mazkur korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini sezilarli ravishda qo‘llab-quvvatlash imkonini berdi. 48 ta eksportchi korxona bo‘yicha muddati kechiktirilgan va joriy qarz mablag‘lari, jumladan foizlar bo‘yicha to‘lovlar, bank kreditlari bo‘yicha jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish orqali restrukturizatsiya qilindi.

Resurslarni tejash, xomashyo va materiallar narxini pasaytirish, energiya sarfini kamaytirish, shuningdek, boshqa ishlab chiqarish sarflarini optimallashtirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar elektr energetika, ko‘mir, kimyo, elektr texnika, tegirmon, farmatsevtika sanoati, mashinasozlik, qora metallurgiya va qurilish materiallari sanoati korxonalarida ishlab chiqarish tannarxini qisqartirish va mahsulotning narx bilan bog‘liq raqobatbardoshligini oshirishni ta’minlash imkonini berdi. Mazkur chora-tadbirlar miqdori 100 million dollardan ortiq natriyli selitra, suyuq xlor, metanol, sirkatsetaldegit, parafin kabi yangi mahsulotlar, shuningdek, neftni qayta ishlash va neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, neft-kimyo uskunalarini ta’mirlash bo‘yicha tolling xizmatlarini qo‘shimcha eksport qilish imkonini berdi.

Mamlakatimiz tovar va xizmatlar ishlab chiqaruvchilari mahsulotiga ichki talabni noinflatsiyali rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar mahalliylashtirilayotgan tayyor mahsulotlar, butlovchi qism va materiallarni ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida 318 ta korxonada 806 ta loyiha bo‘yicha mahalliylashtirilgan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3023,3 milliard so‘mni tashkil etdi. Bunda import o‘rnini bosish samaradorligi 2635,4 million dollarni tashkil etdi (o‘sish 2,1 baravar). Mahalliylashtirilgan mahsulotlarning respublika sanoat ishlab chiqarishi umumiy hajmidagi ulushi o‘tgan yilning shu davridagi 13,1 foiz o‘rniga 14,9 foizni tashkil etdi.

Tijorat banklari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga qiymati 660 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etadigan texnologik uskunalar, xomashyo va materiallar sotib olish uchun kreditlar ajratilishi, shuningdek, mahsulotlarni iste’molchilarga barqaror yetkazishni ta’minlash va yetkazib berishning to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishni 13,7, jumladan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni 7,7 va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 18,6 foizga ko‘paytirish imkonini berdi.

IV. Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloqlarni obodonlashtirish dasturlarini amalga oshirish

Joriy yilning 9 oyi mobaynida transport infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 151,4 milliard so‘mlik ishlar jadal sur’atda amalga oshirildi. Yerni tayyorlash bo‘yicha yo‘l ishlarini bajarish, harakatlanish yo‘lini 4 polosagacha kengaytirish ko‘zda tutilgan serqatnov avtomobil yo‘llari uchastkalarida 27 milliard so‘mdan ortiq qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Uzunligi 457,5 pogon metr bo‘lgan 15 ta ko‘prik va 256,5 kilometr avtomobil yo‘li, shu jumladan, yangi “Guliston-Ohangaron” yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lining 24 kilometr uzunlikdagi uchastkasi foydalanishga topshirildi.

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonani tashkil etish doirasida uzunligi 2,2 kilometr bo‘lgan kirish yo‘li, 4,7 kilometr temir yo‘l barpo etildi, uzunligi 2,1 kilometr tashqi elektr tarmog‘i, 6,3 kilometr gaz quvuri o‘tkazildi, ishlab chiqarish uchastkalarini qurish uchun texnik va mehnat resurslarini safarbar etishga oid ishlar davom ettirilmoqda.

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga doir loyihalarning amalga oshirilishi natijasida joriy yilning 9 oyi mobaynida Sug‘oriladigan yerlarni meliorativ yaxshilash fondi mablag‘lari hisobidan 94 ta obyektda umumiy uzunligi 694,9 kilometr kollektor va drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish hamda qurish, 263 ta obyektda umumiy uzunligi 10 ming kilometrdan ortiq drenaj tizimlarini tozalash bo‘yicha ta’mirlash-qayta tiklash ishlari bajarildi.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish doirasida shu yilning 9 oyi davomida 206,2 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 699 ta umumta’lim maktabi, 108,3 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan 181 ta kasb-hunar kelleji, 11,5 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 18 ta akademik litsey, 169 ta bolalar sporti obyekti, 235 ta qishloq vrachlik punkti barpo etildi va kapital rekonstruksiya qilindi. 2122,3 kilometr, jumladan qishloq joylarda 1680,8 kilometr suv quvurlari tarmog‘i foydalanishga topshirildi.

“Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturiga muvofiq 2009 yilning 9 oyida 2694,6 kilometr elektr uzatish liniyalari, 276,6 kilometr gaz taqsimlash tarmoqlari ta’mirlandi, 760,8 kilometr, shu jumladan, qishloq joylarda 577 kilometr gaz tarmoqlari ishga tushirildi. Chekka va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida yashayotgan qishloq aholisiga suyultirilgan gazni uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha 55 ta servis markazini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

V. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni davom ettirish

Aholini asosiy turdagi oziq-ovqatlar bilan barqaror ta’minlash va uning oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida joriy yilning yanvar-sentabr oylarida muqobil isitish manbalaridan foydalangan holda, umumiy maydoni 500 gektar bo‘lgan yengil konstruksiyali 866 ta issiqxona barpo etildi, avans berish, meva-sabzavot mahsulotlari va kartoshka xarid qilish, tayyorlash, saqlash va ulgurji sotish bo‘yicha 13 ta hududiy ixtisoslashtirilgan “Mevasabzavottayyorlovsavdo” kompaniyasi, meva-sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha mini-texnologiyalar bilan jihozlangan 107 ta qayta ishlash korxonasi tashkil etildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida shu yilning 9 oyida 7 million tonnadan ortiq g‘alla yetishtirildi va bu o‘tgan yilning shu davridagiga qaraganda 10,2 foizga ko‘pdir. Ekin maydonlarini optimallashtirish, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini joylashtirish va samaradorligini oshirish hisobidan sabzavot yetishtirish 10,4, kartoshka yetishtirish 12,1, poliz ekinlarini yetishtirish 13,7, meva va rezavorlar yetishtirish 12,8, uzum yetishtirish 20,9 foizga ko‘paydi. 253,4 tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

Chorvachilikni rivojlantirish dasturi doirasida kimoshdi savdolari orqali shaxsiy yordamchi va fermer xo‘jaliklariga qariyb 19 ming bosh zotdor mol sotildi, kam ta’minlangan oilalarga beg‘araz asosda 15 mingtadan ziyod sigir berildi. 145 ta zooveterinariya punkti va sigirlarni sun’iy urchitish bo‘yicha 78 ta punkt tashkil etildi. Tijorat banklari, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan aholiga qoramol sotib olishi uchun 37 milliard so‘m ajratildi. Joriy yilning 9 oyi mobaynida 2008 yilning shu davridagiga nisbatan qoramol soni 7,1, go‘sht yetishtirish 7,3, sut yetishtirish 8,2 foizga ko‘paydi.

VI. Kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish

Kichik biznesni rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida shu yilning 9 oyida biznes yuritish uchun ruxsat olish jarayonlarini soddalashtirish va ularning xarajatini pasaytirish, shuningdek, kichik biznes korxonalarining banklar kredit resurslaridan, xomashyo va materiallardan foydalanish, davlat mulki hisoblangan bo‘sh yotgan bino va inshootlarni ijaraga olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamda boshqa chora-tadbirlar ko‘rildi.

Hisobot davrida arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish qiymati 4, loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish qiymati 2,5, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish qiymati 2 baravarga, ekologik shartnomalarni olish qiymati o‘rtacha 40 foizga, turar-joy inshootlarini yashashga mo‘ljallanmagan toifaga o‘tkazish davomida arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish qiymati eng kam ish haqining 18,5 baravaridan 2 baravarigacha, tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish qiymati eng kam ish haqining 5 baravaridan 2 baravarigacha kamaytirildi. Qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun ruxsat berish jarayonlari tariflari qo‘shimcha ravishda 50 foizga pasaytirildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga barcha manbalar hisobidan ajratilgan kreditlar umumiy miqdori 2008 yilning shu davridagiga qaraganda 69,5 foizga oshdi.

Hokimliklar va davlat muassasalari balansida bo‘lgan foydalanilmayotgan bino va inshootlarni xatlovdan o‘tkazish yakunlari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga biznesni tashkil etish uchun umumiy maydoni 236 ming kvadrat metr bo‘lgan 1739 ta inshoot ijaraga berildi.

Natijada 2009 yilning 9 oyi davomida kichik korxonalar soni 5,9 foizga ko‘paydi (fermer xo‘jaliklari bundan mustasno). Kichik biznesning ulushi sanoatda 16,6, ish bilan bandlar umumiy sonida 73,8, eksportda 13,9 foizni tashkil qildi. Kichik biznesda sanoat ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’ati 119,6 foizni tashkil etdi va bu sanoat tarmog‘i bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqoridir.

Xizmat ko‘rsatish sohasida infratuzilmani tashkil etishga doir dasturlarni amalga oshirish uchun shu yilning 9 oyida, jumladan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qariyb 12 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Raqamli ATSlarni 628 tadan 805 tagacha ko‘paytirish aloqa hamda axborotlashtirish xizmatlarini 32,6 foizga oshirish imkonini berdi. Mikro va iste’mol kreditlarini rivojlantirish, to‘lov tizimini takomillashtirish, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirishga oid ko‘rilgan chora-tadbirlar moliya xizmatlari hajmini 21,1 foizga ko‘paytirishga yordam berdi. 2,3 mingdan ortiq yangi chakana savdo korxonasi, 500 dan ziyod umumiy ovqatlanish korxonasining foydalanishga topshirilishi savdo va umumiy ovqatlanish xizmati ko‘rsatishni 19,5 foizga oshirish imkonini berdi. Texnika va avtomobillarni ta’mirlash bo‘yicha servis punktlaridan samarali foydalanish avtomobillar hamda boshqa texnikani ta’mirlash xizmatlarining 28,5 foizga o‘sishini ta’minladi. O‘tgan 9 oy mobaynida 3,5 mingdan ortiq maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushirildi.

Qishloq joylarda ko‘rsatilayotgan va 140 mingta ish o‘rnini tashkil etishni ta’minlagan xizmatlar jadal rivojlanmoqda. Xizmatlar umumiy hajmida qishloq joylarda ko‘rsatilgan xizmatlar ulushi 24,8 foizni tashkil qildi. Joriy yilning 9 oyida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 15,8, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi o‘tgan yilning shu davridagi 44,9 foiz o‘rniga 46,5 foizni tashkil etdi.

VII. Aholi bandligi va turmush sifatini oshirishni ta’minlash

Hisobot davrida 743,5 mingta ish o‘rni tashkil etildi, ularning 464,6 mingdan ko‘prog‘i qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlarining oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi doirasida esa 213,3 mingta ish o‘rni yaratildi. Ish o‘rinlarining katta qismi (311,1 mingtasi) kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida tashkil etildi. Xo‘jalik birlashmalari va hokimliklarni kasanachilikni kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirishga faol jalb qilish hisobidan 156,5 mingta ish o‘rni yaratildi.

Hisobot davrida bandlik va ijtimoiy muhofazani ta’minlashga doir tizimli hamda kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida aholi daromadi va turmush sifatini oshirish tendensiyasi saqlandi. 2009 yilning yanvar-avgust oylarida real pul daromadlari 26,1 foizga oshdi.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ijobiy natijalari shu yilning oktabrida Xalqaro valuta jamg‘armasining AQSH, Gollandiya, Fransiya, Xitoy, Shveysariya va Germaniyadan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan asosiy ijrochi direktorlari missiyasi tomonidan ijobiy baholandi. Missiya jahon iqtisodiy inqirozi O‘zbekistonga o‘zining salbiy ta’sirini deyarli o‘tkaza olmagani, bunda hukumatning iqtisodiy o‘sish va inqiroz ta’siriga qarshi turish uchun zarur bo‘lgan ko‘plab resurslarni jamlagan holda, har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib borgani muhim omil bo‘lganini ta’kidladi.

Yaqin yillarda iqtisodiy yuksalishning barqaror, yuqori sur’atlarini saqlash, aholi bandligi va uning farovonligini yanada oshirishni ta’minlashga doir iqtisodiy siyosatning asosiy vazifasi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati va Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlarining oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar natijalaridan samarali foydalanishdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.