Barqaror taraqqiyotda innovatsiya va texnologiyalar o‘rni

02/07/2019 - 17:15 406

Shu yilning 26-27 iyun kunlari Qirg‘izistonning Bishkek shahrida BMTning Osiyo va Tinch Okean ijtimoiy-iqtisodiy komissiyasi hamda Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamkorligida “Barqaror taraqqiyot uchun innovatsiyalar va texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida hududiy seminari hamda Bilimlarga asoslangan taraqqiyot Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dastur (SPEKA) ishchi guruhi o‘n birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur dastur ishchi guruhiga Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekiston davlatlari a’zodir. Nufuzli tadbirda mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston iqtisodiyot va sanoat vazirligi Innovatsion texnologiyalarni va ilm-fanni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Farhod Rahimov ishtirok etdi.

— “Barqaror taraqqiyot uchun innovatsiyalar va texnologiyalarni qo‘llash”ga bag‘ishlangan hududiy seminarda “O‘zbekistonda integratsiyalashuv jarayonlari, texnologiya va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari tizimi yaratilishini jadallashtirish” mavzuidagi taqdimotim bilan qatnashdim, — deydi texnika fanlari doktori, dotsent Farhod Rahimov. — Bahs va munozara  ruhida o‘tgan ilmiy-amaliy seminar barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘ldi. Jumladan, tadbir davomida Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi yetakchi davlatlar mutaxassislari hamda ekspertlari fikr va tavsiyalarini tingladik, ular bilan tajriba almashdik. Bu esa kelgusida hududlarda integratsiyalashuv jarayonlari samaradorligini oshirishga katta hissa qo‘shadi.

Manba: www.mineconomy.uz