PRESS RELIZ

24/05/2019 - 11:47 1389

2019 yilning 17 may kuni “O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar uchun xalqaro reyting va indekslarning ahamiyati” mavzusida birinchi xalqaro forum  bo‘lib o‘tdi.

Mazkur forum, O‘zbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatidagi imidjini yaxshilash, davlatimizning reytinglardagi nufuzini oshirishda xalqaro hamkorlikni jadallashtirish, respublikada olib borilayotgan islohotlarning xalqaro reyting va indekslardagi ahamiyatini davlat idoralari va keng jamoatchilikka yetkazish hamda mutasaddi vazirlik va idoralar, tijorat banklar, sug‘urta tashkilotlari va xususiy sektor vakillari uchun o‘quv amaliy seminarlarni tashkil etish maqsadida tashkil etildi.

Xalqaro miqyosda o‘tkazilgan tadbirda xorijiy davlatlar hukumatining vakillari, xalqaro moliya tashkilotlari, reyting agentliklari, xalqaro investitsiya banklari, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari rasmiylari, vazirlik va idoralarning rahbar va reytinglar bilan ishlash uchun mas'ul xodimlari, mahalliy tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalar, xususiy korxonalar hamda nodavlat-notijorat tashkilotlarining vakillari ishtirok etishdi.

Kirish so‘zi bilan “O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar uchun xalqaro reyting va indekslarning ahamiyati” mavzusidagi birinchi xalqaro forumni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari-moliya vaziri - Jamshid Qo‘chqorov ochib berdi.

Jamshid Qo‘chqorov, o‘z nutqlarida xalqaro reyting va indekslarning so‘nggi yillarda mamlakatimizda shiddat bilan amalga oshirilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy hamda institutsional islohotlarda muhim ahamiyat kasb etishini, O‘zbekistonning ushbu ko‘rsatkichlarda o‘rnini yaxshilash zaruriyatining dolzarbligi, qonunchilikda belgilab o‘tilgan ustuvor 24 ta reyting va indekslar va ularda mamlakatimizning o‘rinlari hamda mazkur sohada amalga oshirilib kelinayotgan ishlar, erishilgan natijalar, xususan Doing Business indeksida O‘zbekistonnning 190 mamlakat ichida 76-o‘rinni egallab kelishi, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan mamlakatlar xatarlarini tasniflash tizimida 6-guruhdan 5-guruhga yuqorilashi, 2018 yildan boshlab nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekistonning ilk suveren kredit reyting ko‘rsatkichlarining VV- (barqaror) baholanishi, kelgusi yillarda Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatbardoshlik indeksida baholanish ishlarini olib borishini  ta'kidlab o‘tdilar.

Forumning nufuzli mehmonlaridan biri hisoblangan, Birlashgan Arab Amirliklarining Raqobatbardoshlik va statistika Federal organining bosh direktori - Abdulla Luta janobi oliylarining,  xalqaro reyting va indekslarda Birlashgan Arab Amirliklarining tajribasi, Doing Business va Global raqobatbardoshlik indekslarida ularning tajribasi va yutuqlari to‘g‘risidagi taqdimoti taqdim etildi.

Taqdimot davomida Abdulla Luta janobi oliylari Global raqobatbardoshlik indeksida Birlashgan Arab Amirliklarining 50 yillik yubiley munosabati bilan dunyodagi eng kuchli mamlakatlar qatoriga 2021 yilga qadar kirishi hamda 2071 yilga qadar eng kuchli mamlakat  bo‘lishi hamda global raqobatbardoshlikni kuchaytirish, hukumat, xususiy sektor va jamoatchilikning asosiy strategik vazifalari etib belgilanganligi va ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirib borishda BAAning Federal raqobatbardoshlik va statistika organining faoliyati bilan tanishtirib o‘tdi. 

Tadbirning hozirgi kun uchun dolzarb sohada tashkil etilganligi qator xalqaro moliyaviy tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakili  - Xideki Mori O‘zbekiston Respublikasida va Jahon banki o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik doirasida olib borilayotgan ishlar, ularning respublikamizda amalga oshirilayotgan asosiy islohotlardagi o‘rni hamda xalqaro reyting va indekslar ko‘rsatkichlarining ta'sirlari to‘g‘risida ma'lumotlar berdi. 

Xelena Freyzer - Birlashgan millatlar tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori uzoq yillar davomidagi o‘zaro hamkorlik va BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha batafsil ma'lumot berib o‘tdi.

Inson taraqqiyot indeksi yuzasidan ma'lumotlar, uning ahamiyati va O‘zbekistonning ushbu indeksdagi o‘rni bo‘yicha BMTning rivojlanish dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili - Matilda Dimovskaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining elchisi, O‘zbekistondagi Missiya rahbari - Djon MakGregor video-xabar orqali forumni tashkil etilganlik munosabati bilan minnatdorchilik bildirib, xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash va ular bilan ishlash avvalambor “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning yo‘nalishlarida aks etgani, bu jarayonlar esa mamlakatning yanada rivojlanishida, millat taraqqiyoti uchun muhimligini alohida ta'kidlab o‘tdi. 

Djon MakGregor video-xabar so‘ngida YEXHT va O‘zbekiston orasidagi hamkorlikning yanada  mustahkamlanishini tilab qoldi.

YEXHT va O‘zbekiston orasidagi o‘zaro hamkorlik, ikki tomonlama loyihalar, ularning tadbiq etilishi hamda ularning reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarga ta'siri yuzasidan mavzuni O‘zbekistondagi Missiyasi rahbarining o‘rinbosari  - Gans-Ulrix Im davom ettirdi.

“Suveren kredit reyting metodologiyasi” mavzusida dunyo bo‘ylab taniqli reyting agentligi - S&P Global reyting agentligining tahlilchisi - Maksimilyan MakGrou O‘zbekiston Respublikasi uchun so‘nggi yillar davomida dolzarb hisoblangan suveren kredit reytinglar, ularning metodologiyasi, mezonlari va O‘zbekistonning ilk suveren kredit reytingi ko‘rsatkichlari yuzasidan batafsil ma'lumot taqdim etildi. 

The Economist Intelligence Unit tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan demokratiya ko‘rsatkichlari, metodologiyasi, ushbu indeks ko‘rsatkichining  boshqa xalqaro reyting va indekslarga ta'siri hamda bog‘liqligi yuzasidan doktor Umberto Marengo - The Economist Intelligence Unit tashkilotining bosh konsultanti taqdimot o‘tkazdi.

Xalqaro forumning ikkinchi qismi mahalliy vazirlik, idoralarning reyting va indekslar bilan ishlash uchun mas'ul xodimlari, tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, xususiy sektor vakillarining tajriba almashinish maqsadida, taklif etilgan xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan amaliy o‘quv seminarlari o‘tkazildi.

Seminarlar davomida Biznesni yuritish indeksi, uning metodologiyasini o‘rganish, O‘zbekistonning mazkur indeksdagi progressi, Logistika samaradorligi indeksi, Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash usullari, biznesni yuritishdagi islohotlar orqali O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga muvofiq boshqaruv tizimini takomillashtiri, butunjahon boshqaruv indikatorlari, Qonunchilik sifati, boshqaruvning ahamiyati va xalqaro indekslardagi korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsiyaning investitsiyalar kirib kelishiga ta'siri, Global raqobatbardoshlik indeksi, uning metodologiyasi hamda O‘zbekistonda amalag oshirilayotgan islohotlar uchun ahamiyati, Global raqobatbardoshlik indeksining ichki raqobat indikatori, Osiyo taraqqiyot bankining investitsion muhitni yaxshilash dasturlari tajribasi, Byudjet ochiqligi  va Global innovatsion indekslar, suveren kredit reytinglar, sug‘urta va bank sektorlarining kredit reytinglari, ularning metodologiyasini o‘rganish masalalari, kredit reytinglarning korporativ sektorlarga ahamiyati, milliy statistikaning ochiqligi va shaffofligi ta'minlash va mamlakatning xatarlarni tasniflash tizimi, Inson taraqqiyoti indeksi, inson kapitalini rivojlantirish masalalari, O‘zbekistonda matbuot erkinligini oshirish yuzasidan sa'y-xarakatlar, Demokratiya indeksi, mamlakatimizning xalqaro imidjini shakllantirishda fuqarolik jamiyatining o‘rni, davlat qarzining xavfi bilan bog‘liq xatar reytingi masalalarini o‘rganilib, muhokama qilindi.