Islomiy moliyalash tizimi o‘zini oqlaydimi?

10/05/2019 - 13:46 1177

Keyingi vaqtlarda aholi va tadbirkorlar orasida islomiy moliyalash tizimi xususida o‘ziga xos fikr-mulohaza yuritayotgan, uning ishlash tizimiga qiziqayotganlar ko‘paymoqda. Shu bois sohada faoliyat yuritayotgan va uni o‘rganayotgan mutaxassislarning bu boradagi qarashlarini o‘rganib, e'tiboringizga havola etishni lozim ko‘rdik.

Aslida ham islomiy moliya tarmog‘i bugungi kunda jahonda jadal rivojlanib borayotgan va innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini o‘zida jamlagan sohalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shunday ekan, eng avvalo, bunday moliyalashning an'anaviy banklardan farqi nimada ekanini aniqlab olish kerak bo‘ladi.

– Ularning farqi shundan iboratki, islomiy moliya foyda va zararni bo‘lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni o‘zida namoyon qiladi, – deydi Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili Husan Hasanov. – Ya'ni, u sherikchilikka asoslanadi. Ular mijoz talabi bilan ob'yektni qurib berishi, asbob-uskunalar, tovar, xomashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Moliyalashtirish asosida savdo amaliyoti yotadi. Zamonaviy bank tizimida esa banklarning savdo amaliyotlarini amalga oshirish qonunchilik nuqtai nazaridan mushkul bo‘lib, bunga soliq hamda bank faoliyatiga taalluqli me'yoriy-huquqiy hujjatlar to‘sqinlik qiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda islomiy moliya muassasalari yalpi aktivlari miqdori 2,5 trillion dollarni tashkil etib, yiliga 15-20 foizga o‘sib bormoqda. Shunday ekan, musulmon davlatlaridagi faoliyati islomiy moliyalashtirishga asoslangan mavjud banklar, investitsiya fondlari va kompaniyalar mablag‘larini O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va xususiy sektorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jalb etish ayni muddaodir.

– Islom banklari butun dunyoda rivojlanmoqda, – deydi AI Huda CIBE (BAA) kompaniyasi bosh direktori Zubair Mugxal. – Markaziy Osiyo xalqlari musulmonlardan iborat va ular hamisha islom moliyasiga ehtiyoj sezadi. Shu bois biz ularga islom va diniy talabga to‘g‘ri keladigan iqtisodiy hamkorlikni taklif qilmoqdamiz. Bizning ofisimiz Dubayda joylashgan. Kelgusida O‘zbekistondan ham ofis ochish niyatimiz bor. Maqsadimiz Islom banki va moliyasini ishlatish borasida sizlarga ko‘mak berish. Bunda, avvalo, malakali kadrlar tayyorlashga e'tibor qaratamiz. To‘g‘risini aytganda, Dubayda islomiy va zamonaviy banklar teng ishlamoqda. Bu esa fuqarolarga tanlash imkonini beradi.

Demak, islomiy moliyalash bozor iqtisodiyoti va bozor ta'sirini rad etmaydi. Hatto manfaat olishga bo‘lgan rag‘bat mantiq doirasida maqbuldir. Xususiy mulkchilik butkul rad etilmaydi. Puldan foiz undirish man qilingani sababli, foizli qarz majburiyatlari tizimdan chiqarib tashlanadi. Shundan bo‘lsa kerak, keyingi vaqtda aholining islom banklariga bo‘lgan qiziqishi oshayotgani kuzatilmoqda. Agarda yurtimizda islomiy moliyalash tizimi qo‘llanilsa, bu amaliyot o‘zini oqlaydimi?

– Biz yaqinda bo‘lib o‘tgan islom moliyasi va bankchiligi forumida va uning seminarlarida ishtirok etib, o‘zimiz uchun bir qator yangiliklarni bilib oldik, – deydi Bank-moliya akademiyasi dotsenti Havoxon Rahimova. – Islomiy moliyalashga bo‘lgan talab mamlakatimizda 80 foizgacha yetishi mumkin. Chunki, ular xaridorga, aytaylik, bitta telefonni 21 ming so‘mga oldim, lekin uni 23 ming so‘mga sotaman, deb ochiq aytar ekan. Ya'ni mijoz olayotgan mahsulotini aniq narxini va ustiga qo‘yilgan ustamani biladi va shunga rozi bo‘ladi. Bunda ular foiz emas, balki ustamani to‘laydi. Qiziq, ularda foizlar va jarimalar bo‘lmasa, bank va moliya muassasalari nimani hisobiga rivojlanadi? Qanday daromad ko‘radi?

Bizda ham tadbirkorlarga beriladigan kredit mablag‘larining bir qismi aholining omonatga qo‘ygan pullaridan shakllanishini ko‘pchilik biladi. Mablag‘ning ustiga marja va bank xizmatlari qo‘shilib, kredit foizi chiqariladi. Hozirda omonatlarning 20-21 foiz ekanini hisobga olsak, kreditlar foizi kamida 24 bo‘lishi tabiiy. Shuningdek, agarda mijoz o‘z vaqtida mablag‘ni to‘lamasa, unga jarima solinadi, ya'ni penya yoziladi. Vaqt o‘tgan sari bu jarima mablag‘i miqdori oshib boraveradi.

Islom bankida esa ustamalar o‘z o‘zidan oshmaydi va penya tushunchasi umuman yo‘q. Jarimalar bor, lekin ular bir marotaba qo‘yiladi, qo‘yilish sababi esa mijozni tarbiyalash va kelajakda shunga o‘xshash e'tiborsizliklarga yo‘l qo‘ymasligini ta'minlash. Islomiy moliyalashda kreditlar eng uzog‘i 5 yil muddatga beriladi. Agarda mijoz biror bir falokatga uchrab, to‘lash qobiliyatini yo‘qotsa, bank muddatni 6-10 yilga cho‘zib berishi mumkin ekan. Bunda summada hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Lekin mijoz asbob-uskunani olib qo‘yib, ularni yaxshi ishlatmay, beparvo yurgani kuzatilsa, bank sovuqqonlik uchun jarima soladi. Undirilgan bu mablag‘ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xayriya maqsadlariga sarflaydi. Vaholanki, islom moliyalashida jarimaga foyda sifatida qaralmaydi va u harom hisoblanadi. O‘zbekistonda bitta shunday holat bo‘lganda, mablag‘ bolalar uyiga o‘tkazib berilibdi.

Bunday holatda an'anaviy bank tizimida yechim qanday bo‘lar edi?

– Zamonaviy bankda mijoz pulni muddatidan kechiktirsa, jarima qo‘llaniladi va oqibatda sudga yuboriladi, – deydi Trassbank vakili Nodira Mirzarahmetova. – Va bu jarayon uzoq davom etadi. YAqinda yurtimiz aholisi qo‘lida katta mablag‘ borligi, ularni ko‘pchilik bankda emas, bankdan tashqarida saqlashni ma'qul ko‘rayotgani haqidagi xabarga ko‘zim tushib qoldi. Nega ular pulni omonatga qo‘ymas ekan? Yana bir gap. Ko‘p hollarda tadbirkorlar bankdan kredit olgisi kelmasligi ham kuzatilgan, sababi nimada?

– An'anaviy banklarda kredit olgan bo‘lsangiz sharoitingiz bo‘ladimi, yo‘qmi, o‘z vaqtida to‘lash kerak,– deydi tadbirkor Ravshan Shoislamov. – Yo‘qsa, jarima yozilib, og‘ir ahvoldagi tadbirkorni sinishiga olib keladi. Shuning uchun, ba'zi do‘stlarim qiynalib qolsa ham bankdan kredit olmaydi. Islom moliyasiga kelsak, ularning oddiy bankka nisbatan ko‘proq xizmatlari bor ekan. Xususan, ularda har bir shaxsga alohida yondoshuv bor ekan. Ya'ni tuzilgan qarz shartnomasi bank uchun ham, mijoz uchun ham bir xilda foydali bo‘ladi. Agarda bu moliyalash tizimi yurtimizga kirib kelsa, potensial oshadi. Ya'ni omonat foizini “sudxo‘rlik“ deb hisoblovchilar ham o‘z mablag‘ini tikadi va naqd pul operatsiyasi oshadi.

Islom moliyasi mutaxassislari ayni vaqtda bunday tizim iqtisodiy inqiroz vaqtida keskin chayqalishga tushmagani, bir zayilda turgani uchun ayni vaqtda AQSH va Yevropa vakillari islom prinsiplarini o‘rganayotganini aytmoqda. Sababi, bunday tizimda pul emas, balki mulk yoki asbob-uskuna ishlagani uchun pul ustidan pul qilinmaydi, balki real o‘sishga erishiladi.

Agarda, yurtimizda islomiy moliyalash tizimlari ishga tushsa, kredit olib uni to‘lolmay ketadigan odamlar soni ko‘payib ketmaydimi? Qabilidagi savolga bank sohasi xodimlari bizda unday aholi kam, ko‘pchilik o‘zining mas'uliyatini his qiladi, degan javobni berdi. Undan tashqari, islom moliyasi mexanizmlari allaqachon bunday niyati egri tadbirkorlarga qarshi kurashish vositalarini o‘ylab chiqqani uchun xatarlar myo'yerlar chegarasida ushlab turiladi. Ammo, har qanday faoliyat ko‘proq yaxshi niyatli, halol tadbirkorlarga mo‘ljallangan bo‘ladi, istisnolar esa hamisha bo‘lgan va bo‘ladi. Zero, bu kreditlarni asosan halol va to‘g‘ri niyatli tadbirkorlar oladi va ular foyda olish bilan bir vaqtda to‘lashni ham biladi. Agarda bunday banklar ko‘paysa, har bir inson o‘ziga ma'qul moliya muassasalariga boradi. Raqobat bozorida tanlash imkoni kengayib boradi.

Manba: O‘zA