Yer uchastkalarini xususiylashtirish elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi

03/05/2019 - 13:54 1322

Yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida davlat boshqaruvi, jumladan, davlat organlarining bu boradagi vakolatlari aniq belgilanmoqda. Ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirishga oid normalar ham tasdiqlanadi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi

Mazkur masalalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilayotgan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunda atroflicha bayon etilgan.

Hujjatga asosan, yer uchastkalarini xususiylashtirish jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari asosida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan amalga oshiriladi. Buning uchun to‘lov miqdori yer uchastkasi xususiylashtirilgan kundagi yer solig‘i stavkasining karrali miqdorlarida belgilanadi.

Qonunda bo‘sh turgan va Urbanizatsiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish elektron onlayn-auksion orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Belgilangan yer uchastkalarining boshlang‘ich bahosi auksionga qo‘yilgan vaqtda ularning bozor qiymatiga teng etib belgilanadi.

Qayd etish joizki, yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi belgilangan bo‘lib, mazkur mablag‘lar urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirishga, jumladan hududlarning infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.

Qonunda, xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulkdorlik huquqi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, davlat tomonidan muhofaza qilinishi mustahkamlangan.

Ya’ni mazkur norma xususiylashtirilgan yerlarning daxlsizligini kafolatlaydi. Bu o‘z navbatida yer qonunchiligi va bu borada belgilangan tartib-taomillarga zid ravishda yerlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olib qo‘yilishi kabi holatlarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Manba: O‘zA