“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkaklarini xususiylashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonunining loyihasi

20/03/2019 - 19:14 696

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari

Ushbu Qonunning maqsadi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Mazkur Qonunning asosiy vazifalari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga bo‘lgan xususiy mulkchilik institutini yanada rivojlantirish va ularni fuqarolik muomalasiga jalb qilish.

2-modda. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va O‘zbekiston Respublikasining boshqa hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Ushbu Qonunda foydalaniladigan asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: 

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasi (keyingi o‘rinlarda - yer uchastkasi) - qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilmagan yoki ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkasi;

yer uchastkalarini xususiylashtirish - ommaviy mulk bo‘lgan yer uchastkasini jismoniy shaxslar - O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar mulkiga o‘tkazish;

bo‘sh turgan yer uchastkalari - binolar va inshootlar joylashmagan, hech qanday majburiyatlar yoki taqiqlar o‘rnatilmagan va ommaviy mulk bo‘lgan yer uchastkasi;

ko‘chmas mulk ob'yekti - yer uchastkalari, yer qa'ri, binolar, inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bog‘langan boshqa mol-mulk, ya'ni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini o‘zgartirish mumkin bo‘lmaydigan ob'yektlar;

urbanizatsiya - jamiyat taraqqiyotida shaharlarning roli va shahar madaniyatini oshirish, shahar aholisi sonining qishloq aholisi soniga nisbatan oshishi, shuningdek shaharlarning sonini ko‘payishi va ularning kengayishi bilan tavsiflangan jarayon;

elektron onlayn-auksion - potensial xaridorlar foydalanishiga teng imkoniyat yaratish uchun Internet butunjahon tarmog‘idagi maxsus elektron savdo maydonchasida yer uchastkalari sotiladigan auksion shaklidagi elektron savdo usuli.

4-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari

Yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

ixtiyoriylik;

haq to‘lash;

xususiylashtirilayotgan yer uchastkalari va ularda joylashgan ko‘chmas mulk ob'yektlarining umumiyligi;

ochiqlik va shaffoflik.

5-modda. Qonuniylik prinsipi

Yer uchastkalarini xususiylashtirish qonun hujjatlarining talablariga muvofiq qat'iy amalga oshirilishi lozim.

6-modda. Ixtiyoriylik prinsipi

Yer uchastkalarini xususiylashtirish ixtyoriylik asosida amalga oshirilishi lozim.

Jismoniy va yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqlarini o‘z xohish-irodalari bilan va o‘z manfaatlari yo‘lida amalga oshiradilar.

Yer uchastkalarini xususiylashtirishga majburlash taqiqlanadi.

7-modda. Haq to‘lash prinsipi

Yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘lov asosida amalga oshirilishi lozim.

8-modda. Xususiylashtirilayotgan yer uchastkalari va ularda joylashgan ko‘chmas mulk ob'yektlarining yagonalik prinsipi

Jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk ob'yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi faqat ushbu ob'yektlarning egalariga tegishlidir.

Davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk ob'yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish ushbu yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk ob'yektlarini xususiylashtirish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.

9-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi

Yer uchastkaarini xususiylashtirish jarayoni ochiq va shaffof bo‘lishi lozim.

Davlat organlari va tashkilotlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi axborotdan erkin foydalanishni ta'minlashi shart.

10-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish ob'yektlari

Ushbu Qonunning maqsadlari uchun xususiylashtirish ob'yektlari quyidagilardan iborat:

yer uchastkalarida joylashgan yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirilayotgan yoki ularga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi ob'yektlari, shuningdek ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi yer uchastkalari;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibdagi uy-joy qurilishi va turar-joyiga xizmat ko‘rsatish uchun beriladigan yer uchastkalari;

bo‘sh turgan yer uchastkalari;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi qoshidagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda - Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasi) o‘rnatilgan tartibda taqdim etilgan yer uchastkalari.

11-modda. Xususiylashtirish mumkin bo‘lmagan yer uchastkalari

Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:

tasdiqlangan va e'lon qilingan rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan;

ro‘yxati qonunchilikka muvofiq belgilangan foydali qazilmalar konlari, davlat mulkiga tegishli bo‘lgan xususiylashtirilmaydigan strategik ob'yektlar; 

tabiatni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, rekreatsion va tarixiy-madaniy maqsadlarda, shuningdek o‘rmon va suv fondlari tarkibiga kiruvchi yerlar;

erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari.

12-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish sub'yektlari

Yer uchastkalarini xususiylashtirish sub'yektlari - O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslar - O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lishi mumkin.

Xorijiy davlatlar fuqarolari va yuridik shaxslar - O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirish sub'yekti bo‘la olmaydi va ushbu Qonun va O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida ko‘zda tutilgan hollarda yer uchastkalariga ega bo‘lishlari mumkin.

13-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish shakllari

Yer uchastkalarini xususiylashtirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

doimiy foydalanish (tasarruf etish)da yoki umrbod meros qilib qoldiriladigan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinishi;

elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkalarini sotish.

14-modda. Yer uchastkalarini hususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larning taqsimoti

Yer uchastkalarini hususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

2-bob. Yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli organlar va tashkilotlar

15-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida:

yer uchastkalarni xususiylashtirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

aholi punktlari va hududlarni rejalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va e'lon qilishni tashkil qiladi;

mazkur Qonunga binoan xususiylashtirilayotgan yer uchastkalarning to‘lov miqdorini hamda to‘lash tartibini belgilaydi;

yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish ma'muriy reglamentini tasdiqlaydi;

bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibini aniqlaydi;

yer uchastkalarining bozor qiymatini aniqlash tartibini belgilaydi.

16-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida:

mazkur qonunga muvofiq yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

elektron onlayn-auksionlar orqali xususiylashtirish maqsadida  bo‘sh turgan yer uchastkalarini aniqlaydi;

Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladigan yer uchastkalarini aniqlaydi.

17-modda. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida:

yer uchastkalarini inventarizatsiya qilishni amalga oshiradi;

yer uchastkalari xaritalari va zonalarini tuzadi;

xususiylashtirilayotgan yer uchastkalari hududini va chegaralarini belgilaydi;

xususiylashtiriladigan bo‘sh turgan yer uchastkalarini aniqlash uchun materiallar tayyorlaydi;

yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga oladi.

18-modda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida:

yer uchastkalarini xususiylashtirishni tashkil etilishining ochiq va shaffof mexanizmini o‘z rasmiy saytida xususiylashtirishning boshlanishi, uning jarayoni va natijalari to‘g‘risida ochiq ma'lumotlarni nashr etish orqali ta'minlaydi;

o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar doirasida xususiylashtirilgan yer uchastkalari bo‘yicha barcha vakolatli organlardan ma'lumotlarni to‘playdi va tahlil qilishni amalga oshiradi;

internet butunjahon tarmog‘idagi maxsus elektron savdo maydonchasining faoliyatini ta'minlaydi va elektron onlayn-auksionlarni tashkil qiladi.

19-modda. Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasi

Yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasi:

yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan barcha mablag‘larni keyinchalik urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirishda maqsadli foydalanish uchun to‘playdi;

infratuzilmaviy rivojlanish ishlari yakunlanganidan so‘ng, unga ajratilgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotuvini amalga oshiradi.

20-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining o‘zaro hamkorligi

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mazkur Qonun talablariga muvofiq yer uchastkalarini xususiylashtirish masalalariga taalluqli ma'lumotlar bazalaridan foydalanish huquqini berish orqali o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradilar.

3-bob. Ko‘chmas mulk ob'yekti joylashgan hududda yer uchastkalarini xususiylashtirish

21-modda. Hududida ko‘chmas mulk ob'yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi ariza

Hududida ko‘chmas mulk ob'yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi ariza (kelgusi o‘rinlarda - ariza)ni quyidagilar taqdim qiladi:

O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar - ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo‘lgan miqdorda ular egalik qiladigan yoki xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi ob'yektlari joylashgan yer uchastkalari, shuningdek ularga tutash bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar - yakka tartibdagi uy-joy qurilishi va turar-joyga xizmat ko‘rsatish uchun berilgan yer uchastkasiga nisbatan.

Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi jismoniy shaxsga o‘tkazilganida ushbu Qonunga muvofiq mazkur yer uchastkasini xususiylashtirish huquqi ham o‘tadi. 

Agar xususiylashtirilayotgan yer uchastkasi hududida joylashgan ko‘chmas mulk ob'yekti umumiy ulushli yoki umumiy birgalikdagi mulk bo‘lsa, ariza fuqarolik qonunchiligiga muvofiq tuzilgan barcha qatnashchilarning shartnomasi bo‘yicha, agar bunday kelishuv bo‘lmasa, sud tomonidan belgilangan tartibda beriladi.

22-modda. Xususiylashtirilayotgan yer uchastkasining o‘lchami va chegarasini aniqlash

Hududida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk ob'yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish, ularga mulkiy huquqni tasdiqlovchi hujjatda ko‘rsatilgan o‘lchamlar va yer uchastkalarining chegaralari doirasida amalga oshiriladi.

Uchastkalarni xususiylashtirishda ularning o‘lchamlari va chegaralariga o‘zgartirishlar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan, binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi ob'yektlariga tutash yer uchastkalarini xususiylashtirish ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu yer uchastkalarining o‘lchami va chegaralari ularni xususiylashtirish jarayonida sudda talashilishi mumkin.

23-modda. Arizani topshirish va ko‘rib chiqish tartibi

Ariza davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, yer uchastkalari joylashgan rayon (shahar) hokimi nomiga topshiriladi.

Ariza yer uchastkalarini berish (sotish) masalalari bo‘yicha tegishli komissiya tomonidan yer uchastkalarini xususiylashtirish masalasini ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi.

Yer uchastkalarini berish (sotish) masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi arizani olgan kundan e'tiboran o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma'muriy qoidalarga muvofiq ijobiy yoki salbiy xulosasini taqdim qiladi.

Yer uchastkalarini berish (sotish) masalalarini ko‘rib chiqish  komissiyasining xulosasi yerlarni xususiylashtirish yoki ularni xususiylashtirishga rad etishda tuman (shahar) hokimi uchun tegishli qaror qabul qilish uchun asosdir.

24-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishda rad etish uchun asos

Yer uchastkalarini xususiylashtirishda rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

ushbu Qonunda nazarda tutilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun asoslarning yo‘qligi.

yer uchastkasiga nisbatan sud ishi ko‘rilishi davom etayotganligi; 

xususiylashtirilayotgan yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk ob'yektlariga nisbatan taqiq yoki xatlov qo‘yilgan bo‘lsa;

ariza berishdan oldin vakolatli davlat organlari tomonidan qabul qilingan yerni xususiylashtirishga bevosita to‘sqinlik qiluvchi hujjatlarning, shu jumladan, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yerni olib qo‘yish, aholi punktlarining bosh rejalarini tasdiqlash, infratuzilma ob'yektlarini qurish bo‘yicha qarorlarning mavjudligi;

arizada noto‘g‘ri, bir-biriga zid yoki buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlar aniqlanganligi;

ushbu Qonun bilan belgilangan muddatda xususiylashtirilgan yer uchastkasi uchun to‘lov amalga oshirilmaganligi yoki to‘liq amalga oshirilmaganligi.

Boshqa sabablarga ko‘ra yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

25-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun to‘lov

Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga haq to‘lash yer uchastkalarini berish (sotish) masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasining ijobiy xulosasi to‘g‘risida yozma yoki elektron xabar olinganidan keyin o‘n ish kuni mobaynida jismoniy va yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

Hududida ko‘chmas mulk ob'yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun to‘lov miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli yerlar uchun o‘rnatilgan, xususiylashtirilayotgan kunda amalda bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga yer solig‘i stavkasining karrali miqdorida belgilanadi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun to‘lov miqdorini aniqlashda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yer uchastkalarining, jismoniy va yuridik shaxslarning ayrim toifalari, shu jumladan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilingan jismoniy va yuridik shaxslarning ayrim toifalariga nisbatan tabaqalashtirilgan koeffitsientlarni belgilash huquqiga ega.  

26-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki xususiylashtirishga rad javobi to‘g‘risidagi qaror

Yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror uch ish kuni mobaynida, xususiylashtirilayotgan yer uchastkasi uchun to‘lov o‘tkazilganidan so‘ng qabul qilinadi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror sudsiz tartibda qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish qarori yer uchastkalarini taqsimlash (sotish) masalalari bo‘yicha komissiyaning salbiy xulosasi tuzilgan kuni qabul qilinadi va ushbu qaror ustidan ma'muriy sudga shikoyat qilinishi mumkin. 

4-bob. Bo‘sh turgan yer uchastkalarini hamda Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish

27-modda. Xususiylashtiriladigan bo‘sh turgan yer uchastkalarini aniqlash

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aholi punktlari va hududlarning bosh rejalariga muvofiq aniqlanadigan bo‘sh turgan yer uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi qoshidagi Urbanizatsiya agentligi bilan kelishilgan holda jismoniy va yuridik shaxslarning egaligiga onlayn-auksion orqali sotilishi mumkin.

Bo‘sh turgan yer uchastkalari investitsion majburiyatlar bilan elektron onlayn-auksion orqali sotilishi mumkin. 

28-modda. Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha elektron onlayn-auksionda ishtirok etish uchun ariza

Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha elektron onlayn-auksionda ishtirok etish uchun ariza:

yuridik shaxs - O‘zbekiston Respublikasi rezidenti - tomonidan tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida beriladi; 

jismoniy shaxs - O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi - tomonidan yakka tartibdagi turar joy qurilishi va uy joyga xizmat ko‘rsatish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida beriladi.

29-modda. Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi

Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadi.

30-modda. Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun to‘lov

Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun to‘lov qiymati o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion natijalari asosida aniqlanadi.

Elektron onlayn-auksionda savdoga qo‘yilgan yer uchastkalarining boshlang‘ich qiymati onlayn-auksionga qo‘yilish vaqtida ularning bozor qiymatiga teng qilib belgilanadi.

Depozit miqdori va qadam narxi boshlang‘ich narxdan foizlarda va yig‘indisi ifodasida o‘rnatiladi.

Yer uchastkalarining bozor qiymatini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Elektron onlayn-auksionni tashkil etish xizmatlari uchun to‘lov operator va onlayn-auksion tashabbuskori o‘rtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq undiriladi.

31-modda. Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga taqdim etilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi

Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga taqdim etilgan yer uchastkalari bo‘sh turgan yer uchastkalariga bag‘ishlangan mazkur bobda ko‘zda tutilgan tartib va shartlar asosida elektron onlayn-auksion orqali sotiladi. 

5-bob. Xususiylashtirilgan yerlarning huquqiy maqomi 

32-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga xususiy mulk huquqi

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi ob'yektlari hisoblanadi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga xususiy mulk huquqi ko‘chmas mulkka tegishli davlat reyestri va ular bilan tuzilgan shartnomalarga elektron shaklda tegishli yozuv kiritib, unga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan vaqtdan e'tiboran vujudga keladi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari yer solig‘i solish ob'yekti hisoblanmaydi.
 
33-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkalari egalarining huquqlari:

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari egalari quyidagi huquqlarga egadirlar:

jismoniy va yuridik shaxslar, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarni buzmagan holda, o‘z xohishiga ko‘ra va o‘z manfaatlari yo‘lida xususiylashtirilgan yer uchastkasiga erkin tarzda egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish;

xususiylashtirilgan yer uchastkasiga egalik huquqining har qanday buzilishini bartaraf etishni talab qilish;

xususiylashtirilgan yer uchastkasini mustaqil boshqarish;

loyiha hujjatlariga muvofiq uy-joy, sanoat, madaniy-maishiy va boshqa bino va inshootlarni qurish, ularni qayta qurish va buzishni amalga oshirish;

xususiylashtirilgan yer uchastkasidan garov sifatida foydalanish;

xususiylashtirilgan yer uchastkasini yuridik shaxsning ustav kapitali (fondi)ga ulush sifatida kiritish;

xususiylashtirilgan yer uchastkalarni ijaraga berish;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda mulk solig‘ini to‘lash imtiyozlaridan foydalanish.

Qonun hujjatlariga muvofiq, xususiylashtirilgan yer uchastkasi egalari boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

34-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkalari egalarining majburiyatlari 

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari egalarining majburiyatlari:

yer uchastkasidan foydalanishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlarning talablariga rioya etish;

boshqa yer uchastkalari egalariga yetkazilgan zararlarni o‘rnatilgan tartibda qoplash; 

qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan tartibga muvofiq servitutlarni taqdim etishni ta'minlash;

realizatsiya qilishda zimmasiga yuklatilgan investitsion majburiyatlarni bajarish;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari mol-mulk solig‘ini o‘z vaqtida to‘lashni amalga oshirish.

Qonun hujjatlariga muvofiq, xususiylashtirilgan yer uchastkalari egalari boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

35-modda. Yer uchastkalariga egalik xuquqi vujudga kelishining alohida xolatlari

Yer uchastkalariga egalik qilish xuquqi O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalar va unga tenglashtirilgan xalqaro tashkilotlarda, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning ayrim toifalarida, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarda O‘zbekiston Respublikasi Yer Kodeksida nazarda tutilgan holatlarda vujudga keladi.

Chet el fuqarolari xususiylashtirilgan yer uchastkalarini sotib olish huquqiga ega bo‘ladilar, qachonki o‘sha mamlakatning qonunchiligi yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga shunday huquq berilgan bo‘lsa. Fuqarolari xususiylashtirilgan yer uchastkalarini sotib olish huquqiga ega bo‘lgan davlatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Xorijiy yuridik shaxslar - O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari xususiylashtirilgan yer uchastkalarini sotib olish huquqiga ega emaslar.

Xususiylashtirilgan yer uchastkalarini sotib olish xuquqiga ega bo‘lmagan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga yerga bo‘lgan egalik xuquqini o‘tkazish maqsadida amalga oshirilgan aktlar, bitimlar va boshqa harakatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
 
Xususiylashtirilgan yer uchastkalarini sotib olish xuquqiga ega bo‘lmagan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalariga egalik xuquqi o‘tgan taqdirda, yuridik va jismoniy shaxslarning bankrotligi oqibatida, meros qabul qilinganida, yuridik shaxs qayta tashkil etilganida yoki likvidatsiya qilinganida va boshqa holatlarda o‘zlashtirilgan yer uchastkalari mazkur holat sodir bo‘lgan vaqtdan boshlanib olti oy mobaynida davlat tasarrufiga o‘tkaziladi. 

36-modda. Yer uchastkalariga egalik xuquqining kafolatlari

Yer uchastkalariga egalik xuquqi daxlsizdir va davlat tomonidan "Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq muhofaza qilinadi. 

37-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkasini mulk egasidan olib qo‘yish

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini egasidan olib qo‘yish faqat qonun hujjatlarida, shuningdek, natsionalizatsiya, rekvizitsiya va musodara qilish tartiblari nazarda tutilgan, ushbu yer uchastkasiga egalik qilish majburiyatlari bo‘yicha talablarni undirish yuzasidan murojaat qilingandagina amalga oshiriladi.

38-modda. Undirish qaratilgan olib qo‘yiladigan xususiylashtirilgan yer uchastkasining qiymatini aniqlash 

Ushbu yer uchastkasiga mulk egasining majburiyatlari bo‘yicha da'vo undirishda xususiylashtirilgan yer uchastkasining qiymati qaytarib olish vaqtida baholovchi tashkilot tomonidan belgilanadi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlangan qiymati sudda talashilishi mumkin.

39-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkalarini natsionalizatsiya qilish

Natsionalizatsiya fuqarolar va yuridik shaxslarga egalik huquqi asosida tegishli bo‘lgan natsionalizatsiya qilinayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan egalik huquqini to‘lov asosida davlat tasarrufiga o‘tkazilishini o‘zida aks etadi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini natsionalizatsiya qilish:

faqatgina davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, yer uchastkasi egasining roziligi olinganidagina amalga oshiriladi;

yer uchastkasining egasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan davlat organi o‘rtasida teng shartlar asosida yer uchastkasini oldi-sotdi shartnomasi bilan tuziladi;

xususiylashtirilgan yer uchastkasining qiymati va boshqa zararlarni davlat tomonidan dastlabki va teng miqdorda qoplash sharti bilan amalga oshiriladi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini tijorat maqsadida natsionalizatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Natsionalizatsiya qilinayotgan yer uchastkasining qiymati va boshqa zararlarning qoplanishi natsionalizatsiya qilinayotgan mulkka bo‘lgan egalik huquqi davlatga o‘tkazilishiga qadar to‘liq hajmda amalga oshiriladi.

Kompensatsiyani to‘lash bir vaqtda amalga oshiriladi, uni bo‘lib to‘lashni nazarda tutuvchi natsionalizatsiyani amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Natsionalizatsiya qilingan yer uchastkasining amalda davlatga o‘tishi faqatgina natsionalizatsiya qilinayotgan yer uchastkasiga nisbatan huquqlari natsionalizatsiya qilish jarayonida tugayotgan yoki cheklanayotgan mulkdor va boshqa shaxslar tomonidan teng qiymatdagi kompensatsiya qabul qilib olinganidan so‘nggina amalga oshirilishi mumkin.

Yer uchastkasi keyinchalik denatsionalizatsiya qilingan taqdirda, sobiq egalariga uni xususiylashtirishda ustunlik huquqi beriladi.

40-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish

Tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar holatida hamda favqulodda xarakterga ega bo‘lgan boshqa sharoitlarda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, xususiylashtirilgan yer uchastkasi uning egasidan vaqtinchalik olib qo‘yilishi (rekvizitsiya) mumkin. Bunday hollarda xususiylashtirilgan yer uchastkasi egasiga yetkazilgan zararlar qoplanib, unga rekvizitsiya to‘g‘risida hujjat taqdim etiladi.

Hususiylashtirilgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish fuqarolar, jamiyat va davlatning hayotiy manfaatlarini favqulodda vaziyatlardan kelib chiqadigan tahdidlardan himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.

Rekvizitsiya bilan bog‘liq sharoitlarning amal qilishi nihoyasiga yetganida, rekvizitsiya qilingan yer uchastkasining egasi saqlanib qolgan mol-mulkini unga qaytarishni talab qilishga haqlidir.

Agar rekvizitsiya qilingan yer uchastkasini uning egasiga qaytarib berishning imkoni bo‘lmasa, ushbu yer uchastkasining bozor qiymati qaytariladi yoki uning xohishiga ko‘ra egalik huquqiga teng qiymatda yer uchastkasi beriladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar yuz berganda, yer uchastkasini rekvizitsiya qilish zarurati bo‘lmasa, u yer uchastkasi egasiga uning huquqlarini vaqtinchalik cheklanishi oqibatida yetkazilgan zararlar qoplangan holda ushbu sharoitlarni amal qilish muddati davrida vaqtincha foydalanish uchun egallanishi mumkin.

Baholashga muvofiq yer uchastkasi egasiga rekvizitsiya qilingan yer uchastkasi uchun beriladigan kompensatsiya qiymati, rekvizitsiya bilan bog‘liq vujudga kelgan zararlar yoki uning huquqlarini vaqtincha cheklash xususiylashtirilgan yer uchastkasi egasi tomonidan sudda talashilishi mumkin.

41-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkasini musodara qilish

Jinoyat-protsessual qonunchilikda ko‘zda tutilgan hollarda mulkdorning xususiylashtirilgan yer uchastkasi sud qarori asosida olib qo‘yilishi (musodara qilinishi) mumkin.

6-bob. Yakuniy qoidalar

42-modda. Nizolarni hal qilish

Yer uchastkalarini xususiylashtirish borasida kelib chiqqan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi. 

43-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardirlar.   

44-modda. Mazkur Qonunning ijrosini ta'minlash, yetkazish, mazmun va mohiyatini tushuntirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar mazkur Qonunning ijrosini ta'minlash, ijrochilarga yetkazish va aholiga mazmun va mohiyatini tushuntirish choralarini qo‘rsinlar.

45-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlasin.

46-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu qonun 2019-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.


O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti                                                                Sh.Mirziyoyev