Prezident Toʻraqoʻrgʻondagi eng zamonaviy sanoat korxonasida boʻldi

01/03/2019 - 12:34 1091

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “FT Textile group” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

“Shahand” qishloq fuqarolar yigʻinidagi korxona binosi bir paytlar qarovsiz holda edi. Davlatimiz rahbarining har bir hududdagi mavjud imkoniyatlarni ishga solib, aholini ish bilan taʼminlashga qaratilgan siyosati natijasida ushbu inshoot mahalliy tadbirkorga berilgandi. Tez orada bino taʼmirlanib, Germaniyadan zamonaviy ip yigiruv mashinalari keltirib oʻrnatildi. Boshqa uskunalar Belgiya, Shveysariya, Hindiston va Turkiyadan olib kelindi. Shu tariqa oʻtgan yili korxonaning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Yon-atrofdagi Bogʻishamol, Dukat, Temirqishloq, Olchin, Axsi kabi mahallalarda yashovchi 300 kishi doimiy ish bilan taʼminlandi.

Bugungi kunda korxonada yiliga 15,6 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda. Ular Xitoy, Rossiya, Turkiya va Ukrainaga eksport qilinmoqda. Oʻtgan yili 10 million dollarlikdan ziyod mahsulot chet ellarga yetkazib berilgan. Korxonaning ikkinchi bosqichida yiliga yana 20,8 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish, 200 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Yana bir muhim tomoni, ushbu korxona elektr energiyasi bilan oʻzini oʻzi taʼminlaydi. Bu yerga Germaniyadan eng zamonaviy gazogenerator keltirib oʻrnatilgan. Ish jarayonida paydo boʻladigan issiq suv ham behuda ketmaydi. 9 gektar issiqxonani isitadi.

– Mamlakatimizda oʻz ishiga innovatsion yondashadigan tadbirkorlarning yangi avlodi paydo boʻlmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ularning safini kengaytirish, doimo qoʻllab-quvvatlash lozim.

Davlatimiz rahbari qoʻshma korxona ishchilari bilan muloqot qildi.

Shu yerda Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida amalga oshiriladigan investitsiyaviy loyihalar taqdimoti ham oʻtkazildi. Ularga muvofiq, 43 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, “Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan avtomobillar yoritish chiroqlari, “Norin moto bayk” korxonasida moped, skuter, mototsikl va motorollerlar, Pop tumanidagi “Uz youcheng group” qoʻshma korxonasida tikuvchilik dastgohlari ishlab chiqarish kabi koʻplab loyihalar haqida maʼlumot berildi.

Prezidentimiz ushbu loyihalarni sifatli amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.