Ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishish samaradorligiga asoslangan baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida

12/02/2019 - 17:00 567

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori loyihasi

Mazkur qaror loyihasi ilovalari bilan "O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi" portaliga joylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-yanvardagi «Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas'uliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5644-son Farmonining ijrosini ta'minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishish samaradorligiga asoslangan baholashning asosiy mezonlari (keyingi o‘rinlarda - baholash mezonlari deb ataladi), xususan:

vazirliklar va  davlat qo‘mitalari bo‘yicha №№ 1-1.21 va 2-2.10 ilovalarga;

davlat inspeksiyalari va agentliklar bo‘yicha №№ 3-3.10 va 4-4.8 ilovalarga;

qo‘mitalar, markazlar va markaziy muassasalar bo‘yicha №№ 5-5.3, 6-6.4 va 7-7.4 ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Baholash mezonlari ijro etuvchi hokimiyat organlari oldiga qo‘yilgan, eng avvalo:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yilning 28-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisga murojaatnomasidan;

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturidan;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga tashrifi mobaynida berilgan topshiriqlardan;

qabul qilingan me'yoriy-huquqiy xujjatlardan kelib chiqadigan muhim va ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilganligi belgilansin.

3. Quyidagi tartib belgilansin:

ijro etuvchi hokimiyat organlari har yil yanvar oyining 10-sanasigacha mazkur qarorning 2-bandi talablaridan kelib chiqqan holda, o‘z faoliyatining baholash mezonlari bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi organlari tomonidan taqdim etilgan baholash mezonlarini iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini amalga oshirilishi natijadorligi jihatidan tanqidiy ko‘rib chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ijro etuvchi hokimiyat organlarining baholash mezonini tasdiqlash vakolati beriladi va tegishli me'yoriy xujjat bilan har yilning 20-fevraligacha tasdiqlanadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi organlarning baholash mezoni yuzasidan tizimli monitoring va nazorat,  jumladan Parlament nazorati o‘rnatish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi:

vazifalarni amalga oshirilishi yuzasidan choraklik Vazirlar Mahkamasi Rayosatida ko‘rib chiqish;

Oliy Majlis palatalarida ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining va ular tomonidan maqsadli vazifalarga erishishda amalga oshirilgan choralar bo‘yicha doimiy hisobotlarni eshitish amaliyotini joriy etish  yuzasidan takliflariga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga O‘zbekiston Respublikasining “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonuniga va boshqa me'yoriy xuquqiy xujjatlarga muvofiq mazkur band ijrosini ta'minlash choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ijro etuvchi organlarning baholash mezoni yuzasidan monitoring natijalarini chuqur tahlili asosidagi choraklik ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasiga kiritib borishni;

ijro etuvchi organlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish grafigini bir haftalik muddatda tasdiqlashni ta'minlasin.

6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                              Sh.Mirziyoyev    

 

Mazkur qaror loyihasi ilovalari bilan "O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi" portaliga joylashtirilgan.