Xatarli xavfdan ogohlik

08/11/2018 - 18:40 1714

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-noyabrdagi “Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 901-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi binosida jamoaning barcha xodimlari ishtirokida davra suhbati uyushtirildi. Unda Ma'muriy binolarni yong‘indan muhofaza qiluvchi Yong‘in xavfsizligi bo‘limi (YOXB) boshlig‘i, mayor Sunnatilla Abidov, bo‘lim katta inspektori, kapitan Umidjon Iminov hamda bo‘lim inspektori, leytenant Aziz Ashirovlar qatnashishdi va yig‘ilish qatnashchilarini tegishli ko‘rsatmalar bilan tanishtirdilar.

Hech kimga sir emas, yong‘in xavfsizligi kunlarining asosiy vazifasi iqtisodiy va ijtimoiy soha ob'yektlari, turar-joy binolarida yong‘in xavfsizligi talablarining bajarilishini ta'minlash, davlat ahamiyatiga molik yoki yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan ob'yektlarda yong‘in xavfsizligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

- Sodir bo‘lgan yong‘in o‘z-o‘zidan va sababsiz bo‘lmaydi. - deydi suhbatdoshimiz Iqtisodiyot vazirligi YOXB katta inspektori, kapitan Umidjon Iminov. - Xonadonlarda va boshqa davlat idora, tashkilotlarida, issiqlikni saqlash maqsadida mavjud isitish moslamalaridan foydalanish boshlandi. Bundan ayrim fuqarolarimiz xonadonlaridagi isitish pechlari va ularning mo‘rikonlarini mavsum boshidan sozligini tekshirmasdan foydalanishlari, nosoz va qo‘lbola yasalgan elektr isitish moslamalarini ishlatishlari, gazni rezina shlang orqali ulab ishlatish va ota-onalar tomonidan bolalarni nazoratsiz qoldirishlari kabi holatlar oqibatida yong‘inlar sodir bo‘lmoqda. Shu ma'noda bugungi tadbirimizda ham vazirlik jamoasiga elektr jihozlaridan xavfsizlik hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga og‘ishmay amal qilgan holda foydalanishlari xususida atroflicha ma'lumotlar berildi va tushuntirish ishlari olib borildi.

Davra suhbati ishtirokchilari savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil va aniq javoblar berildi. Tadbir mazmunli ruhda bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik Axborot xizmati