Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash

18/07/2018 - 18:31 7651

Vazirlik yoshlari bilan navbatdagi seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Bu galgi seminar-trening “O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini ta'minlash yo‘nalishlari” mavzusiga bag‘ishlandi.

Seminar treningni o‘rta va uzoq muddatli kompleks dasturlar ishlab chiqish yig‘ma bo‘limi boshlig‘i Fazliddin Nasriddinov olib bordi. U mamlakatimizda bugun amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yangilanishlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtalish bilan bir qatorda, makroiqtisodiy barqarorlikka omil bo‘ladigan, jumladan, aholi bandligi, iqtisodiy o‘sish, narxlar barqarorligi, tashqi savdo siyosati, muvozanatlashgan byudjet, almashuv kursining barqarorligi kabi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning har biriga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, notiq yoshlarni bugungi globallashuv sharoitida O‘zbekiston bilan boshqa davlatlar o‘rtasida kuzatilayotgan iqtisodiy    jarayonlar, chunonchi, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozdan keyingi davrda jahon bozori kon'yunkturasining o‘zgarishi, asosiy savdo hamkor mamlakatlarda iqtisodiy turg‘unlikni kuzatilishi, jahon bozorida asosiy eksport tovarlar narxining keskin pasayishi, mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy kapital oqimining qisqarishi kabi masalalar yuzasidan ham ma'lumot berdi.

Tadbirda shuningdek, tinglovchilar bilan yuqori iqtisodiy o‘sishni ta'minlash, bugungi islohotlarning kelajakdagi natijadorligi, mamlakatimizning dunyo hamjamiyati o‘rnini mustahkamlash yo‘nalishlarida singari masalalar yuzasidan savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. 
Quyida mavzu yuzasidan tayyorlangan taqdimot materiallari taqdim etilmoqda.

Vazirlik Axborot xizmati