Vatanimizning izchil taraqqiyoti yo‘lida

10/07/2018 - 21:26 7188

Bugun vazirlik yoshlari bilan an'anaviy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir 2018-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonining mazmun-mohiyati hamda “Aholining ehtiyojlari va talablari hamda ijtimoiy xavfning  shakllanishi to‘g‘risida”gi mavzuda taqdimot, va shuningdek, yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining amaliy ijrosiga bag‘ishlandi.

Birinchi ma'ruzachi, vazirlikning tajribali xodimlaridan biri, David Shaulov o‘z taqdimotida, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashning muhim shartlari hisoblangan soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirishga e'tiborini qaratdi.  

Shu bilan birga, notiq mazkur sohada bir maromda iqtisodiy o‘sishga, ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirishga, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘iluvchanligining zarur darajasini ta'minlashga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni ko‘rsatdi, xususan: 

birinchidan, umumbelgilangan soliqlarni to‘lovchilar uchun soliq yuki darajasining yuqoriligi, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimida soliqlarni to‘laydigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasidagi soliq yuki darajasidagi farqning sezilarliligi; 

ikkinchidan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini undirishning samarasiz tizimi, soliq to‘lovchilarning aylanma mablag‘larini jalb qiladigan, shuningdek, iste'mol mahsulotining oraliq va yakuniy qiymati qimmatlashishiga olib keladigan hamda yirik va kichik biznes o‘rtasidagi kooperatsiyaning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan majburiy to‘lovlarning mavjudligi; 

uchinchidan, soliq to‘lovchilar tomonidan xodimlarning real sonini va mehnatga haq to‘lash fondini yashirishga olib keluvchi mehnatga haq to‘lash fondi soliq stavkalarining yuqoriligi;

to‘rtinchidan, imtiyozlarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish bo‘yicha ta'sirchan tizimning mavjud emasligi sababli sog‘lom raqobatni ta'minlashga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni soliq va bojxona, shu jumladan individual xususiyatga ega bo‘lgan imtiyozlar hisobiga qo‘llab-quvvatlash amaliyotining keng tarqalganligi; 

beshinchidan, davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida axborot almashish mexanizmlarining, elektron soliq ma'muriyatchiligi hamda soliq nazoratini amalga oshirish shakl va uslublarining takomillashmaganligi; 

oltinchidan, o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarining sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi va insofli tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatiga aralashishlarni kamaytirishga to‘sqinlik qiluvchi nazorat faoliyatini amalga oshirishda xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarishning aniq tizimi yo‘qligi; 

yettinchidan, mahalliy soliq va yig‘imlarning ma'muriyatchiligi mexanizmlarining samarasizligi oqibatida ularning yig‘iluvchanlik darajasi yetarli emasligi, shuningdek, ko‘chmas mulk va yer uchastkalarini to‘liq hisobga olish va qiymatini ob'yektiv aniqlashning mavjud emasligi singari muammolarning har biriga atroflicha tushuntirish va izohlar berib o‘tdi. 

Shu bilan birga, u mavjud tizimli muammolarni bartaraf etishda, keng jamoatchilik muhokamasi natijalari hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va xalqaro ekspertlarning tavsiyalarini keltirib o‘tdi.

Taqdimot ilova qilinmoqda

* * *

Seminar-treningning ikkinchi qismida Makroiqtisodiy tadqiqotlar va prognozlashtirish instituti direktori o‘rinbosari Tursun  Ahmedov “Aholining ehtiyojlari va talablari hamda Ijtimoiy xavfning  shakllanishi to‘g‘risida” gi mavzuda taqdimot o‘tkazdi.

Taqdimot matni ilova qilinadi

Ushbu seminar-treningda mamlakatimiz barcha yoshlari kabi vazirlikning istiqbollari bo‘lgan yosh xodimlarning faoliyati xususida ham qiziqarli suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda notiq joriy yilning 4 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar masalalariga bag‘ishlanib o‘tkazilgan videoselektorning mazmun-mohiyatini, chunonchi,  har bir yosh jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini hayotiy misollar orqali tushuntirib berdi.  

Shuningdek, u yoshlar o‘rtasidagi muammolar, jumladan, joylarda yoshlarning bandligini ta'minlashda jiddiy muammolar mavjudligiga va bu borada davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilayotgan yoshlarning bandligini ta'minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizimini joriy etilishiga e'tibor qaratdi. 

Seminar-trening ishchan kayfiyatda o‘tkazildi. 

Vazirlik Axborot xizmati

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.