Loyiha: O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

21/02/2018 - 15:40 1763

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

Mustaqillik yillarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularni turmush sharoitini yaxshilash borasida bir qator amaliy chora-tadbirlar ko‘rilib, imtiyoz va preferensiyalar berildi.

Xususan, protez-ortopediya buyumlari va nogironlar uchun inventarlar ishlab chiqaruvchilar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari shaklida, muayyan mehnat turlari bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan kam ta'minlangan oilalarga imtiyozli kredit ajratish kabi hamda og‘ir uy-joy maishiy sharoitlarda yashayotgan oilalarga imtiyozli uy-joylar ajratish, maishiy texnika va qoramol xarid qilish, tibbiy xizmatlar bilan bog‘liq beg‘araz yordam ko‘rsatish kabi qo‘llab-quvvatlashlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularni turmush sharoitini yaxshilash maqsadida berilgan imtiyoz, preferensiya va qo‘llab-quvvatlashlar samarasi yetarli darajada emas.

Shu munosabat bilan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularni turmush sharoitini yanada yaxshilash, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda tadbirkorlik sub'yektlari salohiyatidan samarali foydalanish va shu asosda nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun yangi ish o‘rinlarini tashkil etishni rag‘batlantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ish bilan bandligi va turmush farovonligini oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularni turmush sharoitlarini yanada yaxshilash hamda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish maqsadida, respublikada ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati tizimi quyidagi shartlardan biriga rioya qilgan sub'yektlar uchun joriy etiladi:

band bo‘lgan xodimlar sonining kamida 30 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etsa;

jami ishlab chiqarilgan (ko‘rsatilgan xizmatlar) mahsulotlar hajmidan kamida 30 foizini protez-ortopediya buyumlari, nogironlar uchun inventarlar, avtomobillar va xizmatlar (shu jumladan avtomobil xizmatlari) tashkil etsa.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlantirishni ta'minlasin:

ijtimoiy tadbirkorlik prinsiplariga rioya qilgan holda o‘z faoliyati doirasida foyda olish bilan birga ijtimoiy samaraga erishish, dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj, mehnat bozorida teng raqobatlasha olmaydigan va ish topishda qiynaladigan aholi qatlami, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlari tashkil etish, ularni kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlash, ish bilan bandligini hamda inklyuziv muhitni rivojlanishini ta'minlash;

ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus psixologik-pedagogik, huquqiy, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun klublar, to‘garaklar va o‘quv markazlar tashkil etish;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadlari va turmush darajasini oshirish hamda ularning boshqa fuqarolardan kam bo‘lmagan tarzda hayot kechirishini ta'minlash.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, 2018 yilning 1 dekabrigacha bo‘lgan muddatda, O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqib, o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, rivojlangan mamlakatlarning xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, huquqlari, majburiyatlari va ularning faoliyat erkinligining kafolatlari hamda ijtimoiy tadbirkorlikda mehnat faoliyatini amalga oshiradigan xodimlar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, majburiyatlari va ijtimoiy muhofazasini aniq belgilash lozim.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2018-yil 1-iyuldan:

mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan nogironligi bo‘lgan fuqarolar bilan mehnat shartnomalari tuzilganda, band xodimlarning o‘rtacha yillik soni qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan normativdan 50 foizgacha oshirilgan hollarda, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar ularda saqlanib qoladi;

mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan nogironlarning ish haqi fondidan majburiy tartibda to‘lanadigan yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 50 foizga kamaytiriladi;

xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati doirasida foydalaniladigan asbob-uskuna va inventarlar 
mol-mulk solig‘i to‘lashdan to‘liq ozod etiladi;

ijtimoiy tadbirkorlar tovarlar ishlab chiqarish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish)da foydalanilgan kommunal xizmatlari (elektr energiyasi, issiq va sovuq suv ta'minoti, kanalizatsiya, tabiiy gaz va isitish) haqini to‘lash aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshiriladi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etgan tadbirkorlik sub'yektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan eng kam oylik ish haqining 1 000 barobarigacha bir martalik subsidiyalar berish tartibi joriy etiladi;

ijtimoiy tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tovarlar yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) bo‘yicha davlat va korporativ xaridlari tizimi doirasida amalga oshiriladigan tender (tanlov) va elektron savdolarida ishtirok etganda teng sharoitlar yuzaga kelgan hollarda ularning takliflariga ustivorlik beriladi;

ijtimoiy tadbirkorlik sub'yektlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari tasarrufidagi korxonalar tomonidan davlat mulki ob'yektlarini “nol” xarid qiymatida investitsiya kiritish sharti bilan o‘tkaziladigan tender (tanlov) savdolarida ishtirok etgan hollarda teng sharoitlar yuzaga kelgan hollarda ularning takliflariga ustivorlik beriladi;

ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar davlat mulki ob'yektlaridan foydalanishida to‘lanadigan ijara to‘lovlaridan to‘liq ozod qilinishini ta'minlasin.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularni turmush sharoitini yaxshilash maqsadida berilgan amaldagi barcha imtiyoz, preferensiya va qo‘llab-quvvatlashlar saqlab qolinsin.

5. O‘zbekiston nogironlarning jamoat birlashmalari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining ijtimoiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun kreditlashning soddalashtirilgan tartibdagi yangi sxemasini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullansin.

Ijtimoiy korxonalar uchun imtiyozli kreditlar quyidagi shartlarda beriladi, bunda:

kredit summasi - eng kam ish haqi miqdorining 1 000 barobarigacha;

asosiy qarzni to‘lashga olti oylik imtiyozli davrni hisobga olgan holda uch yilgacha muddatga;

ijtimoiy tadbirkorlik loyihalari doirasida ajratiladigan imtiyozli kreditlarning yillik foiz stavkasi yaratiladigan jami ish o‘rinlaridan nogironlar uchun ish o‘rinlari sonidan kelib chiqqan holda, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasiga nisbatan:

stavka miqdorida - 30-50 foiz ish o‘rni;

50 foizi miqdorida - 51-70 foiz ish o‘rni;

70 foizi miqdorida - 71 foizdan yuqori ish o‘rni nogironlar uchun yaratilishi ko‘zda tutilganda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash Davlat jamg‘armasiga ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlar tomonidan loyihalarni amalga oshirish uchun kredit mablag‘larini ajratishda kafillik berib borilishi nazarda tutsin.

6. Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtojlilik darajasidan kelib chiqqan holda har bir hududda qurilayotgan arzon uy-joylarning kamida 5 foizini I - guruh nogironlari va yakkayu yolg‘iz nogironlarga boshlang‘ich badalsiz berish tartibi joriy etilsin.

Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga:

boshlang‘ich badallar uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni, shu jumladan, 2018-yilda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan shakllantirish choralarini ko‘rib borish;

nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘p qavatli uy-joylardan xonadonlarni ustivor ravishda 1 va 2-qavatlardan ajratilishini nazarda tutish topshirilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari mudirlari, Xotin-qizlar qo‘mitalari raislari nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand fuqarolarni uy-joy bilan ta'minlash jarayonini jamoatchilik vakillarini keng jalb etgan holda amalga oshirsin hamda ijtimoiy adolat tamoyiliga qat'iy rioya etilishini nazoratga olsin.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosma va elektron ommaviy axborot vositalarini keng jalb etgan holda, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ida ushbu Farmon maqsad va vazifalarini muntazam va har tomonlama tizimli asosda yoritishni ta'minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov zimasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti                                                                            Sh. Mirziyoyev

 


 

 

 

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.