Qulay ishbilarmonlik muhiti - tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish garovidir

03/10/2017 - 16:14 15095

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining “Голос Узбекистана” gazetasining muhbiriga bergan intervyusining o‘zbek tilidagi tarjimasi

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimiz iqtisodiyoti amalda o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Natijada sanoat tarmoqlari, soliq-byudjet tizimi, bojxona va valyuta siyosatida chuqur tarkibiy o‘zgarishlar yuz berdi. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi, yanada qulay muhit yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Galina SAIDOVA muxbirimizga bergan intervyusida respublikamizda aholi va biznes uchun ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash, mahalliylashtirish dasturi istiqbollari, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati haqida to‘xtaldi.

- Hurmatli Galina Karimovna, ma'lumki, O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning yangi bosqichida tadbirkorlik sektori ustuvor ahamiyat kasb etib, bu jarayonda tadbirkorlik faoliyati davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Sizningcha, mamlakatimizni yanada taraqqiy toptirishning lokomotivi bo‘lgan ushbu sektorni jadal rivojlantirish uchun unga katta erkinlik berish borasida yana qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur?

- Jahon mamlakatlari rivojlanish tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va kichik biznes uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirayotgan davlatlargina tashqi tahdidlarni bartaraf etishda katta muvaffaqiyatga erishadi.

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan dastlabki dasturiy hujjat «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon ekanligi ham bejiz emas, bu respublikamiz rahbariyati tomonidan mazkur sohani rivojlantirishga qaratilayotgan jiddiy e'tibordan dalolat berib turibdi.

Qisqa muddat ichida mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasining uchta qonuni, Prezidentimizning 20 dan ortiq farmoni va 25 ta qarori qabul qilindi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid 60 dan ortiq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, erkin tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator yo‘nalishlarda tizimli muammolar hamon saqlanib qolmoqda.

- Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan asosan qanday masalalar ko‘tarilmoqda?

- Birinchidan, yirik biznes uchun bizdagi mavjud soliq tizimi va soliq ma'murchiligi murakkab hisoblanadi. Kichik va yirik biznes sub'yektlari o‘rtasida soliq yukining keskin tabaqalanishi kichik korxonalar faoliyatini kengaytirish hamda ularning yirik korxonalar toifasiga o‘tishini rag‘batlantirmaydi. Ayni paytda yirik korxonalar tomonidan to‘lanadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar jahon mamlakatlarining ko‘rsatkichlaridan uch-to‘rt marta yuqori. Natijada kichik korxonalar yirik korxonalar toifasiga o‘tib ketmaslik uchun rivojlanishning muayyan bosqichida sun'iy ravishda bo‘linishni afzal ko‘radi.

Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyati sohasida eskirgan va zamon talablariga mutlaqo javob bermaydigan litsenziyalar va ruxsat etuvchi tartibotlar hanuzgacha saqlanib qolmoqda. Ya'ni, 58 turdagi litsenziya va 196 turdagi ruxsat etuvchi hujjatlar - bu rivojlanayotgan iqtisodiyot uchun juda ko‘pdir. Davlat xizmatlarining aksariyati ham, o‘z mohiyatiga ko‘ra, ruxsat etish toifasiga mansub.

Uchinchidan, tadbirkorlar avvalgidek nazorat qiluvchi idoralar tomonidan ular faoliyatiga asossiz aralashayotganligini ta'kidlashmoqda. Masalan, birgina joriy yilning birinchi yarmida nazorat qiluvchi organlar tomonidan 75 ta noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazilganligi va 921 ta holatda tekshiruvlar o‘tkazish tartiblarining buzilganligi aniqlandi. Boz ustiga, davlatning anchagina nazorat funksiyalari (35 ta nazorat qiluvchi organ) saqlanib qolmoqda, ularning ba'zilari bir-birini takrorlaydi yoki umuman davlat nazoratiga taalluqli bo‘lishi kerak emas.

To‘rtinchidan, ayrim yuqori likvidli resurslarni davlat tomonidan taqsimlash funksiyalari saqlanib qolganligi sababli tadbirkorlarning moddiy-xomashyo resurslarning ba'zi turlaridan foydalanish imkoniyatlari cheklangan. Asosiy tovar-xomashyo resurslarini sotishda bozor mexanizmlari va birjalarning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.

Beshinchidan, biznesni tashkil etish uchun yer uchastkalari berilishida oshkoralik ta'minlanmayapti va bu masalada bir-biridan farq qiluvchi bir nechta tartiblar mavjud. Natijada tadbirkorlar o‘z faoliyatining dastlabki bosqichidayoq haqiqiy amaldorlik byurokratiyasi bilan to‘qnash kelmoqda.

Oltinchidan, tadbirkorlarning bank-moliya muassasalari va bozor infratuzilmasining boshqa sub'yektlari bilan o‘zaro hamkorligi hamma vaqt ham bozor tamoyillariga muvofiq emas. Banklar kamdan-kam hollarda biznes sub'yektlariga hamkor sifatida munosabatda bo‘lishadi.

Yettinchidan, aksariyat holatlarda raqobat muhiti tadbirkorlar tomonidan emas, balki davlatning iqtisodiyotdagi ortiqcha ishtiroki tufayli buzilmoqda. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining joriy etilishiga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti.

Ta'kidlash joizki, yuqorida sanab o‘tilganlar tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarning to‘liq ro‘yxati emas.

Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish uchun qanday choralar taklif etyapmiz?

Birinchi navbatda, biznesning barcha darajadagi davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari hamda banklar bilan o‘zaro munosabatlarini raqobatning ustuvorligi, «sukut - alomati rizo», «gilotina», solidar javobgarlik hamda «ikkita o‘rniga bitta» kabi yangi ilg‘or tamoyillar asosida o‘rnatish taklif etiladi.

Xo‘sh, ularning mohiyati va yangiligi nimalardan iborat? Bu, birinchidan, milliy qonunchilik uchun mutlaqo yangi institutlar. Ikkinchidan, ushbu tamoyillar orqali davlat va biznesning manfaatlari tarixda birinchi marotaba o‘zaro teng mavqeda ko‘rilmoqda.

Masalan, «gilotina» tamoyiliga muvofiq, o‘zidan yuqori yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarga mos kelmaydigan yoki biznes yuritish sharoitlarini yomonlashtiruvchi hujjatlar ular qabul qilingan vaqtdan e'tiboran olti oy o‘tgach, avtomatik tarzda o‘z kuchini yo‘qotadi.

Davlat tomonidan tartibga solish darajasini sezilarli darajada qisqartirish maqsadida ayrim nazorat funksiyalarini fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, nazorat funksiyalarining bir qismini javobgarlikni sug‘urtalash, sertifikatlash, vakolatlarni xususiy akkreditatsiyalangan tashkilotlarga o‘tkazish kabi bozor mexanizmlari bilan almashtirish mumkin.

Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 55 turdagi litsenziyalar va ruxsat etuvchi hujjatlarni bekor qilish, shuningdek, 58 turdagi litsenziyalar va ruxsatnomalarni 26 turga birlashtirish bo‘yicha taklif tayyorladik. Masalan, farmatsevtika, tibbiyot, veterinariya, turizm va bojxona sohalari, ulgurji savdo, avtotashuvlar, birja faoliyati sohalaridagi litsenziyalar shular jumlasidandir. Faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi barcha litsenziyalarni amal qilish muddati cheklanmagan holda berish taklif etilmoqda.

Ilg‘or chet el tajribasini hisobga olgan holda tadbirkorlik sub'yektining yangi shakli - xodimlarining soni kichik korxonalar uchun belgilangan sondan ortiq, lekin ko‘pi bilan besh yuz nafar kishidan iborat bo‘lgan o‘rta korxonalar toifasini joriy etishni taklif qilmoqdamiz. Ularga nisbatan kichik biznes uchun sevimli bo‘lib qolgan soliq solishning soddalashtirilgan tizimini qo‘llash mumkin, bunda faqat 10 foiz stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovi va 20 foiz stavka bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lash maqsadga muvofiq.

Shundan kelib chiqib, tadbirkorlik sub'yektlarining toifalarini aniqlashning yagona mezonlarini joriy qilish taklif etiladi, bu ilg‘or xorij tajribasiga mos kelib, real daromadlarning yashirilishiga yo‘l qo‘ymaslik va soliq ma'murchiligining soddalashtirilgan tizimini qo‘llash uchun eng maqbul yechim hisoblanadi.

Shu bilan birga, biznes uchun eng muhimi, bu - soliq tizimining barqarorligidir. Qonunchilikdagi, shu jumladan, soliq qonunchiligidagi tez-tez o‘zgarishlar investitsion qarorlar qabul qilish uchun eng katta to‘siq hisoblanadi. Shuning uchun yangi soliq tizimini joriy etish uchun unchalik shoshilmaslik kerak. Uni chuqur o‘ylab chiqish, biznes hamjamiyati vakillari bilan muhokama qilish va shundan keyingina mazkur tizimni joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilish mumkin. Yangi soliq tizimi joriy etilganidan keyin esa uzoq vaqt mobaynida uning barqarorligini saqlab turish zarur.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berishning yagona tartibini joriy etish vaqti keldi. Bunda yer uchastkalarini berishga doir materiallarni vakolatli organlarda ko‘rib chiqish va kelishish faqat axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshirilishi lozim. Bu ariza beruvchilarni «otangga bor, onangga bor» qabilidagi ortiqcha vaqt o‘g‘irlash holatlaridan to‘liq ozod qiladi. Shuningdek, resurslarni tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha maqsadli taqsimlash tartibini bekor qilish ham taklif etilmoqda. Bunda tadbirkorlar barcha resurslarni birja orqali mutlaqo shaffof ko‘rinishda sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini oldindan to‘lovlarsiz, akkreditiv ochmasdan va bankning kafolatini rasmiylashtirmasdan turib, eksport kontraktini siyosiy va tijorat xavf-xatarlaridan sug‘urtalash bo‘yicha polis mavjud bo‘lmagan taqdirda ham amalga oshirishga ruxsat berish taklif etiladi. Masalan, bunday chorani o‘z faoliyatini kamida oxirgi uch yil mobaynida amalga oshirayotgan, avvalgi yil davomida eksportga mahsulot yetkazib bergan hamda ilgari amalga oshirilgan eksportga mahsulot yetkazib berishlar bo‘yicha debitorlik qarzlari bo‘lmagan tadbirkorlarga nisbatan qo‘llash mumkin.

Hozirgi vaqtda biz o‘z mahsulotlarimiz uchun «Best in Uzbekistan» yagona eksport brendini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqayapmiz. Ko‘plab davlatlar sifatli mahsulotlarni mamlakatning yagona brendi ostida sotuvga chiqarish amaliyotini qo‘llashni allaqachon boshlab yuborishgan. Bunday yondashuv marketing va o‘z tovarlarini tashqi bozorlarda reklama qilish funksiyasining qisman davlatga topshirilishi hisobidan ishlab chiqaruvchilarning ushbu funksiyani amalga oshirish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bunday harakatlar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlarning xaridorgirligini va ularga bo‘lgan talabni bir necha martaga oshirish imkonini beradi.

Ta'kidlash lozimki, yuqoridagi choralarning barchasi mamlakatimiz rahbariyatining topshirig‘i asosida ishlab chiqilgan hamda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatidagi eng dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan hujjat loyihalarida o‘z aksini topgan. Mazkur hujjatlar loyihalari joriy yil 16 avgustda O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

Quvonarlisi, tadbirkorlar o‘zlarining konstruktiv takliflari bilan mazkur jarayonda faol ishtirok etishmoqda. Masalan, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga tadbirkorlik sub'yektlaridan 200 dan ortiq taklif kelib tushdi. O‘ylamanki, ushbu chora-tadbirlar, shu jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan barcha takliflar mamlakatimizda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi.

- Mamlakatimiz mintaqalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mohiyati nimalardan iborat va mazkur jarayonda Iqtisodiyot vazirligining roli qanday bo‘lishi kerak, deb hisoblaysiz?

- Prezidentimiz tomonidan har bir mintaqa, shahar, tuman va qishloqning kompleks va bir maromda rivojlanishini ta'minlashga qaratilgan asosiy yo‘nalishlar belgilab berilgan.

Ushbu yo‘nalishda mintaqalar va hududlarni mutanosib rivojlantirish eng muhim masala hisoblanadi. Muammoning dolzarbligi shundan iboratki, mamlakatimizda iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur'atlariga erishish bilan bir qatorda alohida mintaqalar va hududlarni rivojlantirishda nomutanosibliklar mavjud. Masalan, yirik shaharlar va mintaqalarning sanoat markazlari jadal rivojlantirilayotgani holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan hududlardagi islohotlarga kamroq e'tibor qaratilgan. Bu respublikamiz mintaqalari darajasida ham, viloyatlar tumanlari darajasida ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning tabaqalanishiga olib keldi. Mintaqalardagi muammolar yillar davomida to‘planib qolganligi vaziyatni yanada chigallashtiradi.

Masalan, Xorazm, Jizzax, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Samarqand viloyatlarida aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,5-2 marta past, aksariyat mintaqalarda esa aholi jon boshiga xizmatlar ko‘rsatish hajmi respublikamizning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ham past.

Viloyatlar tumanlari o‘rtasida ham ana shunday qarama-qarshi vaziyat yuzaga kelgan. Masalan, Navoiy viloyati respublikamizda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega mintaqalardan biri hisoblanadi. Lekin, Nurota tumanida ushbu ko‘rsatkich viloyat o‘rtacha ko‘rsatkichidan qariyb 10 marta, Tomdi va Xatirchi tumanlarida esa besh marta kam.

Bu kabi vaziyat Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yuzaga kelgan: Mo‘ynoq, Kegayli tumanlarida aholi jon boshiga xizmatlar ko‘rsatish hajmi Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtacha ko‘rsatkichidan 4,5 marta kam. Xuddi shunday holatni Namangan viloyatining Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida, Sirdaryo viloyatining Boyovut, Mirzaobod va Xovos tumanlarida ham kuzatish mumkin.

Nima uchun bunday holatlar yuzaga kelmoqda? Birinchi navbatda, tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda tumanlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ehtiyojlari va salohiyati, shu jumladan, mineral-xomashyo bazasi, mehnat resurslari va infratuzilma tizimlari hamma vaqt ham hisobga olinmaydi.

Masalan, katta hajmdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasida go‘shtni qayta ishlash darajasi bor-yo‘g‘i 9,1 foizni, sutni qayta ishlash darajasi atigi 2,6 foizni, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasi esa ikki foizni tashkil qiladi. Mo‘ynoq va Shumanay tumanlarida bironta ham qayta ishlovchi korxona mavjud emas. Shunga o‘xshash vaziyatni Surxondaryo viloyatining Angor, Qiziriq, Sariosiyo tumanlarida hamda Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ham kuzatish mumkin.

Bundan tashqari, respublikamizning ko‘plab tumanlaridagi mavjud muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmalari zamonaviy talablarga, iqtisodiyot korxonalari va aholi ehtiyojlariga javob bermaydi. Uzoq yillar davomida muhandislik tarmoqlari, ayniqsa, ichki avtomobil yo‘llarini ta'mirlashga e'tibor berilmagan.

Albatta, yuqorida qayd etib o‘tilgan barcha masalalarni bir lahzada hal qilib bo‘lmaydi. Ular katta hajmdagi kapital qo‘yilmalarni talab qiladi. Lekin, elektr quvvati va suv ta'minoti barqaror bo‘lmagan yoki avtomobil yo‘llarining sifat darajasi past bo‘lgan hududlarda biznes qanday faoliyat yuritishi mumkin? Ushbu muammolarni hal etish uchun mintaqalar va ayrim tumanlarning jadal rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilmoqda. Ularning natijasi biznes va hayot kechirish uchun qulay sharoitlar yaratish, har bir shaxs va umuman aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Yuqoridagi dasturlarning samaradorligi qanday baholanadi? Amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi aholining mehnat bilan band bo‘lishi va real daromadlari miqdor oshirilishida o‘z aksini topadi. Dasturlar ijrosi natijasida ijtimoiy infratuzilma, ya'ni uy-joy bilan, sog‘liqni saqlash va ta'lim xizmatlari bilan ta'minlash sezilarli darajada yaxshilanishi hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va yo‘l-transport infratuzilmasi rivojlanishi lozim.

Birgina joriy yilda mamlakatimizning barcha viloyatlari hamda respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan nisbatan ortda qolayotgan 15 ta tuman va shaharlarini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Dasturlarni shakllantirishga nisbatan mutlaqo yangi yondashuvlar qo‘llanilmoqda: ular yuzaga kelgan vaziyatni chuqur tahlil qilish, hududlar - har bir mahalla, qishloq, shahar, tumanning ehtiyojlari va takliflarini o‘rganish asosida amalga oshirilmoqda.

Mazkur jarayonda Iqtisodiyot vazirligining roli barcha manfaatdor davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, fuqarolik jamiyati institutlarining mintaqalar va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kompleks dasturlarini muvofiqlashtirishdan iborat. Har bir tadbir uchun kafolatlangan moliyalash manbalari, ob'yektlarni ishga tushirishning aniq muddatlari belgilanmoqda, yangi sanoat, xizmatlar ko‘rsatish ob'yektlarlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish uchun tadbirkorlarga foydalanilmayotgan ob'yektlarni, shu jumladan, nol qiymatda xarid qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, har bir loyihaning amalga oshirilishida yuzaga kelgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni hal etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish imkonini beruvchi monitoring tizimi yaratilmoqda.

- Mahalliylashtirish dasturining istiqbollari va uning hozirgi bosqichdagi eng muhim vazifalarini qanday baholaysiz?

- Mahalliylashtirish dasturi mahalliy xomashyo resurslari negizida importning o‘rnini bosuvchi, ichki bozorni zarur iste'mol tovarlari, dori vositalari, texnik yo‘nalishdagi butlovchi mahsulotlar va materiallar bilan to‘ldirilishini ta'minlovchi tarmoqlararo, shu jumladan yirik korxonalar bilan kichik biznes sub'yektlarining sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida qabul qilingan edi.

O‘tgan davr mobaynida mazkur chora-tadbirlar yaxshi natijalarni berdi. Bu borada bir-necha misollarni keltirib o‘taman. 2000 yildan boshlab mazkur dastur doirasida 5,5 mlrd dollar qiymatidagi 2,8 mingtadan ortiq loyiha amalga oshirilib, ilgari import qilingan 4,8 ming turdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Birgina oxirgi uch yil ichida 356 ta tovar pozitsiyasi, shu jumladan, elektr-maishiy texnikalari, avtomobil filtrlari va radiatorlari, po‘lat va mis quvurlar, keramik plitkalar, sintetik toladan tayyorlangan gazmollarning ayrim turlari, tibbiy ampula, bolalar o‘yinchoqlari, sport anjomlari bo‘yicha import hajmi ikki martadan ko‘proqqa qisqardi.

Biz bugun shuni anglab yetmoqdamizki, mahalliylashtirish dasturining ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar tizimi sog‘lom raqobat muhitini buzmoqda. Ya'ni, ushbu dasturga kiritilgan korxonalar uzoq yillar mobaynida turli imtiyozlar va yengilliklardan foydalanishga o‘rganib qolmoqda. Bu esa tashabbuskorlik va ishbilarmonlik faolligining susayishiga olib kelmoqda. O‘z navbatida, mahsulotlarning sifatiga ta'sir ko‘rsatib, iste'molchilar ziyoniga ishlamoqda. Natijada mahsulot nafaqat tashqi bozorda o‘zining raqobatbardoshligini yo‘qotmoqda, balki ichki bozor uchun ham  ishlab chiqarish hajmlari ham qisqarib bormoqda. Valyuta bozorining liberallashuvi sharoitida ular import qilinayotgan mahsulotlarga nisbatan raqobatbardoshligini yo‘qotib qo‘yishlari mumkin.

Nima qilish kerak? Albatta, mahalliylashtirish dasturini shakllantirish tamoyillari va mexanizmlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozim. Bunda unga muayyan korxonalarni kiritish amaliyotidan voz kechish zarur. Buning o‘rniga har yili mamlakatimiz korxonalari tomonidan o‘zlashtirilishi tavsiya qilinadigan import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulot, butlovchi mahsulotlar va materiallar ro‘yxatini tuzish taklif etiladi. Bu tartibotlarning ochiq-oshkoraligi va barcha toifadagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun teng raqobatni ta'minlaydi.

Taqdim etilgan imtiyozlarning amal qilish muddati mahalliylashtirilayotgan mahsulot turi tasdiqlanadigan ro‘yxatga kiritilgan vaqtdan boshlab, ikki yildan oshmasligi kerak. Shu bilan birga, mahalliylashtirilayotgan mahsulot ro‘yxatiga ular bo‘yicha sog‘lom raqobat muhiti shakllangan, mamlakatimiz bozori to‘ldirilgan yoki shunga o‘xshash mahsulotlarning mahalliy ishlab chiqaruvchilari mavjud bo‘lgan mahsulot turlari kiritilmaydi.

- 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida yangi ish o‘rinlari yaratish va yoshlarni ish bilan ta'minlash vazifalariga ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.

- Barcha amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, hududlarda aholi daromadlari va turmush darajasini oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bunga faqat ish o‘rinlarini barpo etish va fuqarolarni ishga joylashtirish hisobidan erishiladi.

Ushbu masalalarni qanday qilib hal etish mumkin? Albatta, birinchi navbatda yangi korxonalarni tashkil etish, faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng ko‘lamda jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish bilan amalga oshirish mumkin.

Har taraflama qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilmas ekan, bu vazifani amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu esa, mazkur yo‘nalishdagi islohotlar o‘ta muhimligini ko‘rsatadi. Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan valyuta siyosatini liberallashtirish sharoitida biz xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishi va zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishini kutmoqdamiz, bu ishchi kuchining sifati va malakasini oshirishni taqozo etadi.

Xulosa qilib shuni alohida ta'kidlashni istardimki, keng ko‘lamli tarkibiy o‘zgarishlar va islohotlar har birimizdan o‘zimizni to‘la safarbar etib, sidqidildan ishlashni taqozo etmoqda. Bu jarayonda Iqtisodiyot vazirligi ham respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vakolatli organ sifatida oldimizga qo‘yilgan strategik maqsadlarga erishish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ishga soladi. 

Manba: “Голос Узбекистана” gazetasi