Media turning navbatdagi manzili - «Farg'onaazot» AJ va «Kvars» korxonasi

29/09/2017 - 16:06 4671

Turning ikkinchi kuni tadbir suhbatlarga boy buldi. Ma'lumki, “Farg‘onaazot” korxonasi ushbu loyiha doirasida 3 ta subloyihani amalga oshirib kelmoqda. Ulardan bittasi  amaliyotga tatbiq etilgan - bu «Bug‘ turbinasini modernizatsiyalash hamda reforming pechida yondirgichlarni almashtirish» bo‘lib, undan olinadigan energetik tejamkorlik 52,7 mln.kub/metrni tashkil etadi. Loyihanining qiymati 5,7 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.

Qolgan ikkita loyiha, ya'ni havo ajratuvchi sexni modernizatsiyalash va texnik suvni mibran usuli bilan dimenirializatsiya qilish uskunasini joriy etish natijasida 60 mln.kVt/soatdan ortiq elektr energiyasini iqtisod etish nazarda tutilgan. Bu esa, korxonada nafaqat energiya samaradorligiga erishish orqali tannarxni pasayishiga xizmat qiladi, balki mahsulotning sifatini yaxshilash va uning raqobatbardoshligini ta'minlash imkonini beradi.

OAV xodimlari ushbu loyihalarning iqtisodiy afzalliklari bilan chuqur tanishib, ular haqida batafsil ma'lumotlarga ega bo‘lishdi. Jurnalistlar korxonaning mazkur loyihalariga bevosita ma'sul bo‘lgan ishchi-xodim, sex boshliqlaridan intervyular olishdi.

Shundan so‘ng, media tur ishtirokchilari «Kvars» korxonasiga tashrif buyurishdi. Ma'lumki, «Kvars» korxonasi shisha va shisha maxsulotlarini ishlab chiqarishiga ixtisoslashgan bo‘lib, yurtimizda bu mahsulot turiga bo‘lgan talabni qondirib keladi.

Yig‘ilganlarga korxona rahbari Akmal Po‘latov energiya samaradorligi yo‘lida bajarilayotgan ishlar to‘g‘risida umumiy axborot berdi. Jumladan u Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan amalga oshirilgan to‘rtta loyiha ahamiyatiga batafsil to‘xtalib o‘tdi. «Qolip yasaydigan uskuna» va «Shishani shakllantiruvchi asbob» loyihasi shular jumlasidandir. Loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etilishining iqtisodiy afzalliklari shundaki, bunda yillik energetik samaradorlik 11 mln. kVt/soatni tashkil etib, mahsulot tannarxining kamayishiga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi.

Media tur ishtirokchilari - Namangan va Andijon viloyatlarida

Turning uchinchi kunining birinchi yarmida ishtirokchilar Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on yog-moy zavodiga yo‘l olishdi. Korxonada avvallari faoliyat ko‘rsatayotgan eski qozonxona o‘rniga yangi, energiya samarador qozonxona o‘rnatilganini va natijada yiliga 2,3 mln. kVt/soat hamda 1,7 mln. kub metr gaz tejalayotganligi haqida ma'lumotga ega bo‘lishdi.

Kunning ikkinchi yarmida turning navbatdagi manzili Andijon viloyati Xo‘jaobod gaz saqlash ombori korxonasi bo‘ldi. Avvalo, shuni alohida ta'kidlash joizki, mazkur korxonada yuqoridagi loyiha asosida tatbiq etilayotgan, ya'ni ishlatilgan issiqlikni elektr energiyasini ishlab chiqarishga yo'naltiradigan uskuna Markaziy Osiyoda birinchilardan sanaladi. Uning iqtisodiy mohiyati shundaki, avvallari “havoga” ketadigan issiqlik endilikda ushbu uskuna orqali qayta ishlanib, qo‘shimcha 2,8 mln. kVt/soat elektr energiyasini hosil qiladi. Bu esa korxonaning o‘z faoliyati davomida elektr energiyasiga bo‘lgan yillik ehtiyojini yuz foizga qoplaydi.

Korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish barobarida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan to‘liq javoblar olishdi.

Shuning bilan, Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tashkil etilgan Energiya samaradorligiga bag‘ishlangan Media tur o‘z nihoyasiga yetdi.

“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini muvofiqlashtirish guruhi
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.