Energiya samaradorligi va energiyaning qayta tiklanadigan manbalari - iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish asosi

20/05/2016 - 17:24 9066

“Energiya samaradorligi va energiyaning qayta tiklanadigan manbalari - iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish asosi” mavzusidagi matbuot anjumani press-relizi

Tashkilotchi: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi

Matbuot anjumani o‘tkaziladigan joy: Toshkent sh., “O‘zekspomarkaz” AJ Milliy ko‘rgazmalar majmuasi, Atrium zali  1 va 2-pavilonlar

Vaqti: soat 10-00, 2016-yil, 20 may

“Energiya samaradorligi va energiyaning qayta tiklanadigan manbalari - iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish asosi”

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zbekistonning neft va gazlari - OGU 2016” va “Energetika, energiya tejamkorligi, elektrotexnika qurilmalari, axborot-o‘lchov texnikalari - Power Uzbekistan 2016” xalqaro ko‘rgazmalari davomida asosiy iqtisodiyot tarmoqlari,  “O‘zbekistonning neft va gaz sektori: texnologiyalar, investitsiyalar va taraqqiyot” xalqaro anjuman qatnashchilari, “Yosh olimlar” seminari vakillari ishtirokida “Energiya samaradorligi va energiyaning qayta tiklanadigan manbalari - iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish asosi” deb nomlangan sayyor matbuot anjumanni tashkil etdi. 

Mazkur axborot anjumanida iqtisodiyot asosiy tarmoqlari korxonalar rahbarlari va mutaxassislari, olimlar, xalqaro ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.  
“O‘zbekistonning neft va gazlari - OGU 2016” va “Energetika, energiya tejamkorligi, elektrotexnika qurilmalari, axborot-o‘lchov texnikalari - Power Uzbekistan 2016” xalqaro ko‘rgazmalari iqtisodiyotimizning deyarli barcha tarmoqlarini  qamrab olmoqda. 

Ushbu ko‘rgazmada energiya resurslarini qazib olish va qayta ishlash, energiyadan samarali foydalanish va uni hisobga olishini tashkil etish, energiya samarador texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tatbiq etishga oid zamonaviy kashfiyotlar natijalari namoyish etildi.  

Ma'lumki, O‘zbekiston so‘nggi yillarda iqtisodiy rivojlanishni ta'minlab, yalpi ichki mahsuloti 8 foiz darajadagi iqtisodiy o‘sishining barqaror sur'atlariga erishib kelmoqda. 

Iqtisodiyotimiz yanada o‘sishi uchun ishlab chiqarishning energiya sig‘imini qisqartirish hamda zamonaviy energiyani tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tadbiq etish orqali mahsulotning tannarxini kamaytirishni talab qilinadi. 

Energiya samaradorligini oshirish masalalari nafaqat ishlab chiqarish, qayta ishlash va tashish jarayonlarining, balki iste'mol qilishda butunlay yangi vositalarni talab qiladi. Aynan ushbular matbuot anjumani davomida uning ishtirokchilari tomonidan muhokama qilindi. 

Anjumanda ta'kidlanganidek, mazkur masalalarni yechish maqsadida respublikamizda qabul qilingan va amalga oshirilayotgan 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sig‘imini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi energiya tejash va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan zarur choralar va yo‘nalishlarni aniqlaydi. 

Xususan, quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

sotilayotgan maishiy elektr texnikasi, yangi qurilayotgan bino va inshootlarni belgilash hamda sertifikatsiyalashtirish;

texnologik jarayonlarni muqobillashtirish asosida sanoat va ijtimoiy ob'yektlarni texnik va texnologik jihatdan jihozlash va modernizatsiyalash;

zamonaviy energiya samarador va energiyani tejovchi texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish ob'yektlarini yaratish; 

yangi va mavjud bo‘lgan uylar va ma'muriy binolarni qurish va qayta ta'mirlash;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarini bosqichma-bosqich joriy etish;

energiyani tejovchi asbob-uskunalar, o‘lchatgich va materiallarning zamonaviy turlarini mahalliy korxonalarda ishlab chiqarishni kengaytirish va  ularni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada keng joriy etish.

Ta'kidlab o‘tish joizki, iqtisodiyot tarmoqlarida modernizatsiyalash va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator dasturlar  ishlab chiqilib amalga oshirilmoqda. 

Ishlab chiqarishda energiya sig‘imini qisqartirishga qaratilgan bunday  chora-tadbirlar natijasida joriy yilda 500 million kVt/soat elektr energiyasi hamda 150 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish tufayli esa yiliga 250,1 million kVt/soat elektr energiyasi, 3,0 million kub metr tabiiy gaz, hamda 20,1 Gkal issiqlik energiyasi tejaladi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki guruhining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasi faoliyati  texnologiya va asbob-uskunalarni yangilash hamda ularni zamonaviy energiya samarador turlarga almashtirish bo‘yicha ishlarni olib borayotgan sanoat korxonalari uchun yaratilgan  kreditlash mexanizmni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Loyiha ko‘magida olingan mablag‘lar 30 dan ortiq elektroenergetika, neft va gaz, kon-metallurgiya, kimyo, qurilish, qayta ishlash tarmoqlari milliy sanoat korxonalariga yo‘naltirilgan. Ularda 80 dan ortiq subloyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur subloyihalarning muvaffaqiyatli bajarilishi natijasida yiliga 540 million kVt/soat elektrenergiyasi va 252 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi. 

2015 yil natijalariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida ta'kidlaganidek, jahon iqtisodiyoti rivojlanish tendensiyalarining chuqur tahlili hamda mamlakatimizning resurs va imkoniyatlarini  real baholashdan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda 2030-yilga borib, yalpi ichki mahsulot hajmini 2 barobarga oshirish, uning energiya sig‘imini esa 2 barobarga kamaytirish uchun barcha asoslarimiz mavjud. 

Bu esa, shubhasiz,  muhim tarkibiy o‘zgarish va iqtisodiyot tarmoqlarining jadal o‘sishni ta'minlash uchun imkoniyat yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Matbuot xizmati

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.