Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan energiya samaradorligi bo‘yicha media-tur o‘tkaziladi

26/03/2016 - 15:32 4922

Joriy yilning 28-29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi  “Toshkent yog‘-moy kombinati” AJ QK, “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” OAJ, “O‘zpaxtasanoat” AJ korxonalari hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kabi sanoat ob'yektlarida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun  energiya samaradorligi bo‘yicha media-tur o‘tkaziladi. Ushbu tadbirning maqsadi keng jamoatchilikni sanoatda energiya resurslaridan samarali foydalanish  faoliyati natijalari bilan tanishtirishdir.

Ikki kun davomida, OAV vakillari mazkur sanoat korxonalarining inshootlariga tashrif buyurishib, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Jahon banki guruhining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan energiya iste'moli jihatidan samarador texnologiyalarni joriy etish hamda energiyani tejash jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan subloyihalar haqidagi ma'lumotlariga ega bo‘ladilar.

Korxonalarning mutaxassislari mazkur loyiha doirasida elektr dvigatellarni almashtirish, qozonxona va turbo-kompressor stansiyalarni yangilash, chastota rostlagich bog‘lanmalar va ishga tushirish jarayonlarini tartiblaydigan uskunalarni o‘rnatish kabi ishlarga yo‘naltirilgan kredit mablag‘larining energiyani sezilarli miqdorda iqtisod qilishdagi ahamiyati haqida alohida ma'lumotlar beradilar. Ekspertlar sanoat korxonalarida amalga oshirilayotgan yettita energiya samaradorligi subloyihalarni taqdim etadilar. Ushbu subloyhalarning  muvaffaqiyatli amalga oshirilishi natijasida yiliga 30 million  kVt/soat elektr energiyasi va 6 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Taqdim etilgan subloyihalarning faoliyatini 2011 yilda boshlangan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasidagi chora-tadbirlarining kichik bir qismi, deb nomlasa bo‘ladi. Loyiha doirasida Jahon banki Xalqaro taraqqiyot uyushmasining hamda O‘zbekiston tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari hisobiga energiyani ko‘p iste'mol qiladigan sanoat korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish jarayonida sarflanayotgan elektr energiyasi va tabiiy gaz miqdori kamaytirish choralari ko‘riladi. Hozirgi kunda respublikamizda 32 ta sanoat korxonalarida 81 ta subloyiha amalga oshirilmoqda. Hisob-kitoblariga ko‘ra, ular yiliga 539 million  kVt/soat elektr energiyasi va 252 million kub metr tabiiy gazni tejashga olib keladi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, ushbu subloyihalar orqali energiya samaradorligini oshirish jarayonlari 2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sig‘imini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari Dasturining maqsadlariga xizmat qiladi.

Boshqacha aytganda, mazkur media-tur milliy OAV vakillarini mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishining muhim yo‘nalishlariga kirgan O‘zbekiston sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish jarayonlari bilan tanishtiradi. Bu kabi media-tur tadbirlari o‘tkazilishi birinchi marta emas, jumladan Andijon, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ana shunday tadbirlar o‘tkazilgan. Ishonchimiz komil-ki, bunday bilim oshiradigan media-turlar energiya manbalaridan oqilona va samarali foydalanishga qaratilgan harakatlarni tezlashtiradi.

«Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» loyihasini muvofiqlashtirish guruhi

 

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.