“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasining qo‘shimcha moliyalashtirish hisobiga yangi bosqichdagi faoliyati

24/02/2016 - 17:12 5010

Ma'lumki, “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi yurtimizda energiya iste'moli jihatidan samarali asbob-uskunalar sotib olish va texnologik yangilash loyihalarini moliyalashtirish yo‘nalishida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Hozirda mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 12-iyundagi 168-sonli qaroriga binoan, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi  tomonidan qo‘shimcha moliyalashtirish hisobiga yangi bosqichda amalga oshirilmoqda. Bosqich doirasida O‘zbekiston Respublikasi sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish maqsadlari uchun 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Ushbu chora-tadbirlar jarayonida elektr, kimyo, neft va gaz, tog‘-kon va qurilish sohalaridagi 44 ta subloyihani moliyalashtirilishi nazarda tutilgan. Subloyihalarning umumiy qiymati 123,6 million AQSH dollariga teng bo‘lib, shundan 80 foizi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kredit mablag‘idan ta'minlanadi. Loyiha doirasida kompressorlar, qozonxona va turbinalar, chastota o‘zgartirgich va boshqa arbob-uskunalar xarid qilinadi.

Bundan tashqari, chiqindi gazlarni foydali ishga sarflash (ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish) texnologiyalarini o‘rnatish ham rejalashtirilgan. Mazkur loyihada Navoiy KMK, «Muborakneftgaz» USHK, «Shurtanneftgaz» USHK, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” OAJ, “Qizilqumsement” AJ, “Farg‘onaazot” AJ singari yirik sanoat korxonalari qatnashmoqda. Shuni alohida ta'kidlash joizki, qo‘shimcha moliyalashtirish doirasida bunday subloyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi natijasida yiliga 372,5 million  kVt/soat elektrenergiya va 198 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu loyihaning amaliyotga izchil tadbiq etilishi  mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarida energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali  energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.