Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Kommunikatsion strategiyani amalga oshirish natijalari

22/02/2016 - 20:01 5085

Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Kommunikatsion strategiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshirig‘i bilan  2014 yilning 10 oktyabr kuni tasdiqlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi va Jahon bankining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida 14 tadan ortiq  tashkilot - vazirlik, uyushma, agentlik va korxonalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Mazkur Kommunikatsion strategiyaning yurtimizdagi bir yillik faoliyati tahlil qilinishi natijasida quyidagilar aniqlandi. Ushbu strategiya televideniye va radio, bosma matbuot, o‘quv yurtlari, tajriba va ma'lumot almashish tadbirlari, ko‘rgazma va yarmarkalar hamda Internet kabi kommunikatsion usullar orqali amalga oshirildi. 2015 yilda shu usullardan foydalanib, bir qator maqsadlarga erishildi.

Avvalo, televideniye  va radioda 200 dan ortiq turli video va radio materiallar efirga uzatildi. Bosma matbuotda esa, “Energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi” mavzusida 300 dan ortiq maqolalar chop etildi. Xususan, “Sanoat korxonalarining energiya samadorligini oshirish” loyihasining faoliyati va yutuqlari haqida 6 tahliliy teledasturlar, 14 yangilik lavhalari hamda 10 dan ortiq radio lavhalar efirga uzatildi.  Shu bilan birga, “O‘zbekiston” telekanalidagi “Imkoniyat” tahliliy dasturi orqali mazkur loyihada qatnashayotgan sanoat korxonalarida amalga oshirilayotgan sub-loyihalar haqidagi bir qator lavhalar namoyish qilindi. Loyihaning ahamiyati va yutuqlari “Yoshlar” telekanalining “Nuqtai nazar” yoshlar tok-shousida muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur loyiha faoliyati hamda unda qatnashayotgan korxonalarning yutuqlari haqidagi ma'lumotlar 40 dan ortiq maqolalar orqali mahalliy mushtariylarimiz e'tiboriga havola etildi. Ushbu maqolalar “Народное слово”, “Правда Востока”, “Xalq so‘zi”, “O‘zbekiston ovozi” va boshqa nashrlarda chop etildi.

Bu o‘rinda yana shuni ta'kidlash joizki, yil davomida energetika sohasi mutaxassislari, tadqiqotchilari bilan barcha ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida faol ish olib borildi. Ular seminar, trening, anjuman, va media-tur kabi 14 ta tadbirlarga faol qatnashdilar. Shuningdek, “Sanoat korxonalarining energiya samadorligini oshirish” loyihasining faoliyati Internet orqali keng yoritilmoqda. Jumladan, ushbu ma'lumotlar Iqtisodiyot vazirligi veb-saytiga muntazam ravishda joylashtirib borildi. Shu bilan birga, sakkizta kompaniya, tashkilot veb-saytlarida ham mavjud.

Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Kommunikatsion strategiya nafaqat sanoat korxonalarining mutaxassislari, tadqiqotchilari, asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilari va OAV vakillari bilan, balki yoshlar bilan ishlashni ham nazarda tutadi. Shu nuqtai nazardan, mazkur strategiya tomonidan kollej va litsey talabalari uchun ishlab chiqilgan “Energiyani tejash va energiya samaradorligi” maxsus kursi va maktab o‘quvchilari uchun tuzilgan metodik ko‘rsatmalarini joriy etilishi qo‘llab-quvvatlanioqda.

Ushbu strategiyaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi energiya resurslarini tejash va energiya samaradorligini oshirishning muhimligi haqida mamalakatimiz aholisining xabardorligini kengaytirishga, shuningdek energiya sarfi hajmini qisqartirishga olib keladi.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.