"Biznes yuritish" tadqiqotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatining Press-relizi

25/01/2016 - 14:56 9227

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar 2015-yil yakunlariga ko‘ra mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 56,7 foizga yetkazishga ko‘mak berdi. Jami mehnat bilan band aholining 77,9 foizi ushbu soha hisobiga to‘g‘ri kelib, aholining jami daromadlari tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadning ulushi 52 foizni tashkil etdi. Bu esa, mazkur ko‘rsatkichning MDH davlatlari orasida sezilarli darajada yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar Jahon banki, Osiy taraqqiyot banki, Halqaro moliya korporatsiyasi, BMTning rivojlantirish dasturi va boshqa shu kabi yetakchi halqaro tashkilotlar tomonidan keng e'tirof etilmoqda.

Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, Jahon bankining "Biznes yuritish 2016" deb nomlangan ma'ruzasida O‘zbekiston 189 ta davlatlar orasida 87-o‘rinni egalladi. Ayni paytda O‘zbekiston "biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish" mezoni bo‘yicha jahonda 42-o‘rinni, shartnomalar ijrosini ta'minlash bo‘yicha - 32, iqtisodiy nochor korxonalarga nisbatan qo‘llanadigan bankrotlik tizimining samaradorligi bo‘yicha 75-o‘rinni egallab turibdi. O‘zbekiston «kreditlash» deb nomlanadigan ko‘rsatkich bo‘yicha so‘nggi uch yilda 154-o‘rindan 42-o‘ringa ko‘tarildi va o‘tgan yilning o‘zida reytingini 63 pozitsiyaga yaxshiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston 2014-2015-yillarda biznes yuritish uchun eng qulay sharoit yaratish bo‘yicha dunyoning o‘nta islohotchi davlatlari qatorida e'tirof etildi. Bu esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov boshchiligidagi iqtisodiyotda xususiy mulk va kichik biznesning roli va ahamiyatini oshirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlarning samaradorliligidan dalolat beradi.

Shu xususida 2016-yil 22-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida alohida ta'kidlab o‘tildi.

Davra suhbatida tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli vazirlik hamda idoralar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Jahon banki, Halqaro moliya korporatsiyasi, Halqaro valyuta jamg‘armasi, BMTning rivojlantirish dasturi, JICA (Yaponiya), KOICA (Koreya) va boshqa halqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etishdi.

Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari tomonidan xususiy sektorning ishbilarmonlik faolligini oshirishning muhim ustuvor yo‘nalishlarida tadbirkorlik subyektlarining biznes yuritishdagi va raqobatbardoshligini oshirishdagi sharoitlarini yaxshilash yuzasidan Jahon banki va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hamkorlik dasturi doirasida tayyorlangan tavsiyalar taqdim etildi. Qolaversa, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilganini chet el ekspertlari yuqori baholashdi.

Davra suhbati qatnashchilari O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faolyati sohasida ishbilarmonlik muhiti holatini takomillashtirish va islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

O‘tkazilgan davra suhbati davomida 2015-yil 15-mayda O‘zbekiston Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlangan  «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi», hamda O‘zbekiston Respubliksining «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishda muhim hujjatlar bo‘lganligi ta'kidlab o‘tildi.

Bundan tashqari, «Elektron hukumat» tizimini va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga aloqador tartibotlarni elektron shaklga o‘tkazishni joriy qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan choralar-tadbirlar natijadorligi muhokama qilindi.

Davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning bevosita elektron shakllari joriy etilgani tufayli 2015-yilda 42,8 mingta tadbirkorlik subyekti Internet tarmog‘i orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatga olingan. Mazkur portal orqali ular 260 turdagi interaktiv xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega. Bugungi kunda soliq va statistika hisobotlari 100 foiz elektron shaklda Internet tarmog‘i orqali taqdim etilmoqda.

Davra suhbati davomida Jahon banki guruhining tavsiyalarini joriy qilish bo‘yicha amaliy qadamlar muhokama qilindi hamda “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash yuzasidan fikrlar almashildi.

22-yanvar 2016-yil,
Iqtisodiyot vazirligi

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.