Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi

29/12/2015 - 19:23 15420

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotni liberallashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qabul qilingan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va uning samaradorligini oshirish jarayonlarida xususiy sektorning roli va ahamiyatini jadal rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash Dasturi” islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Mazkur Dasturning 7 ta asosiy yo‘nalishlaridan 3 tasi xususiy mulkning iqtisodiyotdagi roli va o‘rnini tubdan oshirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi mavjud to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini tubdan qisqartirishni ta'minlashga qaratilgan.

Joriy yilning 15-mayida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlangan xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishonchli himoyasini ta'minlash, ularning jadal rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishning to‘rtta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan 33 ta aniq chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” mazkur Dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Chora-tadbirlar dasturida xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibini yanada soddalashtirish, ma'muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish hisobidan tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berishga alohida e'tibor qaratilgan.

Mazkur Dasturni amalga oshirish doirasida:

- O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xom ashyo birjasining maxsus axborot portali vositasida o‘tkaziladigan elektron savdolar orqali tadbirkorlik subyektlaridan birlamchi ehtiyojdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirishda soddalashtirilgan tartib joriy qilindi;

- eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan hujjatlarning aniq ro‘yxati tasdiqlanib, ushbu ro‘yxatda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishni taqiqlash belgilandi;

- yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkorlarga faoliyatning amalga oshiriladigan turiga bog‘liq holda bir nafardan uch nafargacha ishchi yollash xuquqi berildi.

Bundan tashqari, joriy yilning 28-sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unga muvofiq, 2016-yilning 1-yanvaridan boshlab 16 turdagi davlat xizmatlari tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari negizida tashkil qilinadigan tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari orqali amalga oshiriladi.

2016-yilning 1-yanvaridan yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga tanlov asosida yer uchastkalari berish hamda tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash bo‘yicha soddalashtirilgan tartiblar joriy etiladi.

Xususiy tadbirkorlikning huquq va qonuniy kafolatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga doir chora-tadbirlar doirasida 2015-yilning 1-iyulidan boshlab Bosh prokuratura tomonidan davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashishi, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va mulkdorlar huquqlarining buzilishiga oid masalalar yuzasidan murojaatlarni uzluksiz (tunu kun) qabul qilish tizimi joriy etildi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mazkur Dasturni amalga oshirishda muhim hujjat bo‘lib xizmat qildi. Ushbu qonunga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlariga daxldor 40 dan ortiq qonun hujjatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, xalqaro amaliyotda yagona bo‘lgan tartib joriy etilib, unga ko‘ra, agar shaxs soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatni ilk marotaba sodir etib, jinoyat aniqlangan kundan 30 kun davomida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan bo‘lsa, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaydi va shaxs javobgarlikdan ozod etiladi.

Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslariga nisbatan ular tomonidan ayrim turdagi huquqbuzarliklar sodir etish orqali yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganda ozodlikdan mahrum etish shaklidagi jazo qo‘llanilmaydi. Shu bilan birga, savdo va vositachilik faoliyati sohasidagi ayrim turdagi huquqbuzarliklar jinoiy yurisdiksiyadan ma'muriy yurisdiksiyaga o‘tkazildi.

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining tekshiruvlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan jalb etilgan advokatlar ishtirokida amalga oshirilishi to‘g‘risidagi yangi tartibning joriy etilishi tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va kafolatlari himoyasini yanada mustahkamladi.

Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilikni erkinlashtirish bilan birga xo‘jalik yurituvchi subyektlar moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tekshiruv va taftish o‘tkazish tartibini buzganlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining javobgarligi kuchaytirildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga qonunchilikda ko‘zda tutilgan imtiyoz va yengilliklardan foydalanishga noqonuniy ravishda rad etganlik yoki to‘sqinlik qilganlik uchun, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlarni xayriya ishlari va pul mablag‘lari ajratish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb qilganlik uchun yangi javobgarlik me'yorlari kiritildi.

Shu bilan birga, Qonun bilan tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishda sud organlarining ahamiyati yanada kuchaytirildi. Bundan buyon, soliq va bojxona qonunchiligini buzganlik uchun hamda qo‘shimcha ravishda hisoblangan bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq hollarda xo‘jalik subyektlarining mulkini musodara qilish faqatgina sud qarorlari bilan amalga oshirilishi mumkin.

Bundan tashqari, xo‘jalik sudlariga nazorat qiluvchi organlarning shikoyat qilinayotgan barcha harakatlari (qarorlari) ijrosini to‘xtatib turish huquqi berildi.

YUqorida ta'kidlangan va boshqa yangi me'yorlarning qonun darajasida mustahkamlab qo‘yilishi hususiy mulk himoyasi kafolatlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va noqonuniy aralashganlik uchun nazorat qiluvchi, xuquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini muqarrarligini ta'minlashga qaratilgan.

Shuningdek, 2015-2019-yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarning Prognoz parametrlari tasdiqlandi. Uning doirasida joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, kichik biznes subyektlariga 9,6 trillion so‘m kredit, bu 2014 yilning shu davriga nisbatan 1,3 marta ko‘p va 2,03 trillion so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratildi. Xalqaro moliya institutlarining 134,8 million dollar miqdoridagi kredit liniyalari o‘zlashtirildi.

Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar joriy yilning to‘qqiz oyida 21,4 mingta yangi kichik biznes subyektini tashkil etish imkonini berdi (bu 2014-yilning shu davriga nisbatan 6 foiz ko‘pdir). Sanoat va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari (umumiy ko‘rsatkichning 35,9 foizi), savdo va umumiy ovqatlanish (30,2 foiz) hamda qurilish sohasida (11,5 foiz) nisbatan ko‘p kichik biznes subyekti tashkil etildi.

Natijada joriy yilning to‘qqiz oyida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 53,6 foizgacha (2014-yilning shu davrida 52,9 foiz bo‘lgan), sanoatda 34,6 foizgacha (31,1 foiz), pullik xizmatlarda 49,3 foizgacha (47 foiz) va bandlikda 77,5 foizgacha (77,1 foiz) oshdi.

Tadbirkorlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, BMT Taraqqiyot Dasturi kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, chet el hukumatlari tomonidan keng e'tirof etilmoqda.

Xususan, 2015-yilning 27-oktyabrida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan e'lon qilingan “Biznesni yuritish 2016: tartibga solish sifati va samaradorligini baholash” hisobotida O‘zbekiston dunyoning 189 mamlakati orasida 87-o‘rinni egalladi, bu o‘tgan yilgi hisobotdagi 141-o‘ringa nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkichdir. Shu o‘rinda respublikamiz o‘z reytingini yaxshilash bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga erishgan 5 ta mamlakat qatoriga kirdi.