Jurnalistlar Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida energiya samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilayotgan media-turda qatnashadilar

24/11/2015 - 19:26 5221

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda bir qator yirik sanoat korxonalari tomonidan joriy yilning 24-27 noyabr kunlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media-tur o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, «Navoiyazot», «Qizilqumsement» aksiyadorlik jamiyatlari, «Muborak GQIZ”,  «Muborakneftgaz» va «Shurtanneftgaz» kabi unitar shu'ba korxonalari mamlakatimizning yetakchi teleradiokanal hamda bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarini energiya samaradorligini oshirish va tejash borasida erishilgan yutuqlarini namoyish etish uchun taklif qiladilar. Ushbu tadbir Iqtisodiyot vazirligi va Jahon bankining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.

To‘rt kun davomida milliy OAV vakillari mazkur loyihada ishtirok etayotgan sanoat korxonalariga tashrif buyurishadi. Eng yirik sanoat inshootlaridan biri, bu - Navoiy kon-metallurgiya kombinatida o‘rnatilayotgan bug‘-gaz qurilmasi hisoblanadi. Ushbu qurilmaning o‘rnatilishi tufayli korxona ishlab chiqarishning yanada takomillashuviga hamda yiliga 40 million kVt/s elektr energiyasini iqtisod qilishga erishadi.

Umuman, ommaviy axborot vositalari vakillari yigirmadan ortiq shunday ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishadilar. Mazkur media-turning xususiyati va mohiyati shundaki, unda yurtimizning kon-metallurgiya, neftgaz, kimyo va qurilish tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalarining energiyani ko‘p miqdorda iste'mol qiluvchi energiya samaradorligini oshirish yo‘lida erishgan yutuqlari namoyish etiladi. Ushbu korxonalar “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasida qatnashib, yiliga 250 milliongacha kVt/s elektrenergiya tejalishiga erishganliklari to‘g‘risida ma'lumot beradilar.

Shuningdek, tadbir davomida sanoat korxonalari ommaviy axborot vositalari vakillarini bu boradagi g‘oyat foydali tajribalari bilan tanishtiradilar. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad - davlatimiz tomonidan energiya xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan vazifalarga erishishda bunday qimmatli ma'lumotlarni boshqa sanoat korxonalariga yetkazishdan iborat. Ommaviy axborot vositalari vakillari esa, o‘z navbatida, ushbu samaradorlikning muhim jihatlarini belgilab, bunday qimmatli hamda foydali ma'lumotlarni aholimizga yetkazish, yurtimizda energiya samaradorligini yanada oshirishni rag‘batlantirishda ko‘maklashadilar.

Ma'lumki, energiya samaradorligini oshirish milliy iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shu ma'noda, Hukumatimiz mamlakatdagi mavjud resurslardan samarali foydalanish, bunda asosan, xonadonlar va ishlab chiqarish korxonalarida energiya manbaini tejashga qaratilgan sa'y-harakatlarni rag‘batlantirmoqda, qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirishni rag‘batlantirish maqsadida, Hukumatimiz tomonidan Jahon banki Xalqaro taraqqiyot uyushmasining mablag‘larini jalb etish orqali eskirgan asbob-uskunalarni zamonaviy o‘rnatilmalarga almashtirish uchun kreditlar taqdim etilmoqda. Mazkur yangi o‘rnatilmalar ishlab chiqarishni takomillashtirib-gina qolmay, balki energiya resurslarini sezilarli darajada iqtisod qilinishiga ham olib keladi.

Aytish mumkinki, respublikamizda “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi orqali berilayotgan bunday kreditlar tufayli hozirda 30 dan ortiq energiyani ko‘p miqdorda iste'mol qiluvchi sanoat korxonalari o‘z faoliyatlarida energiya samaradorligini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.