VIII Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasini o‘tkazish to‘g‘risida

06/05/2015 - 10:11 17412

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 23 apreldagi 266-F - sonli qaroriga muvofiq, 2015 yilning 19-21 may kunlari "O‘zekspomarkaz" OAJ ko‘rgazma pavilionlarida VIII Respublika Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

Yarmarkaning asosiy maqsadi ilm-fan va sanoatning o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada mustahkamlash, ta'lim, ilm-fan va ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan iqtisodiyotning real sektoriga mahalliy innovatsion ishlanmalarni taqdim etishdan iborat.

Yarmarkada 100 dan ortiq ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, axborot texnologiyalari, ilm-fan va ta'lim, yuqori salohiyatli va energiya tejovchi texnologiyalar kabi sohalarda, shu bilan birga, yosh olimlarning innovatsion ishlanmalari namoyish etiladi.

Bundan tashqari, VIII Respublika Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi davomida yetakchi xalqaro ilmiy muassasalar, yuqori salohiyatga ega mahalliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot institutlari, shuningdek, faol ijodiy va innovatsion faoliyat olib borayotgan yosh olimlar ishtirokida ilk marotaba Toshkent Xalqaro Innovatsion Forum o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Forum ishtirokchilariga innovatsion loyihalarni amalga oshirishda milliy innovatsion tizimning afzalliklari va muhim jihatlari, ilm-fan uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va iqtisodiyotning real sektori korxonalari o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalarini rivojlantirish haqida ma'lumot beriladi.

Bu forum innovatsion rivojlanish va ilmiy-texnologik taraqqiyotning dolzarb masalalari yuzasidan, jumladan ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion yondashuvlar joriy etish, xalqaro ilmiy va texnik hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish imkoniyati, intellektual mulkni muhofaza qilish sohasida davlat bilan samarali hamkorlik yo‘llarini ham nazarda tutadi. Shuningdek, u xalqaro innovatsion rivojlanish strategiyasini shakllantirish hamda amalga oshirishda eng dolzarb masalalarni hal etish yo‘llarini aniqlash, fikr va tajriba almashish uchun imkoniyat beradi.