Kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi to‘g‘risida

25/04/2015 - 17:45 3710

Joriy yilning 25 aprel kuni Iqtisodiyot vazirligida vazirlikning kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hay'at yig‘ilishida vazir hamda  uning o‘rinbosarlari,  vazirlik Markaziy apparatining bosh boshqarma, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, viloyatlar hamda Toshkent shahar Iqtisodiyot bosh boshqarmalari boshliqlari ishtirok etdilar.

Kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi kun tartibida joriy yilning birinchi choragida respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan joriy yil 16 yanvarda respublika Hukumatining majlisida belgilab berilgan 2015 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishida Iqtisodiyot vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalarining roli va vazifalari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni yanada barqaror rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududlarda sanoat salohiyatini yanada oshirish borasidagi 2013-2015 yillarga mo‘ljallangan dasturlarning bajarilishi, sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish, sanoat korxonalarida yangi ish o‘rinlari yaratishni jadallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi, 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash va modernizatsiya qilish, tarkibiy o‘zgarishlarni ta'minlash, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, mahalliylashtirish dasturlari, 2015 yil uchun mo‘ljallangan Investitsiya dasturlari, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish dasturlarining bajarilishi kabi muhim masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda vazirlik Markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot bosh boshqarmalarining faoliyati bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarga tegishli tarzda tanqidiy baho berilib, ularning faoliyati bilan bog‘liq holda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan muhim masalalar bo‘yicha aniq yechimlar qabul qilinib, qo‘yilgan masalalarning o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.