Erkin iqtisodiy zonalar faoliyati haqida

03/11/2014 - 17:25 6432

Sanoat ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash, modernizatsiyalash maqsadida investitsiyalarni respublika iqtisodiyotiga jalb etilishining o‘sishiga xizmat qiluvchi asosiy omillardan biri, bu so‘nggi yillarda yurtimizda erkin iqtisodiy zonalar - “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, «Angren» va «Jizzax» maxsus industrial zonalarining tashkil etilishidir.

Mazkur erkin iqtisodiy zonalarning barpo etilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ichki va tashqi bozorlarda yangi eksportga yo‘nalitirilgan mahsulotlarni o‘zlashtirishiga imkon berdi va investorlar faoliyatining yanada kengayishi uchun qo‘shimcha shart-sharoit va qulayliklar yaratdi. Asosan, bular zamonaviy qurilish va jihozlash materiallari, iste'mol tovarlari, telekommunikatsiya, neftegaz texnologik uskunalari, kimyo, avtomobil va elektrotexnika sanoati hamda boshqa yuqori texnologik sanoat ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi mahsulotlardir.

Bugungi kunda ushbu erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati qariyb 300 million dollarga teng bo‘lgan 32 ta investitsion loyihalar amalga oshirildi. Bundan tashqari, hozirda xorijiy investorlar bilan birgalikda 23 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu erkin iqtisodiy zonalar joylashgan hududlarda mavjud bo‘lgan xom-ashyo va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ko‘lamini oshirishga, zamonaviy sanoat ishlab chiqarish quvvatlarining tashkil etilishi yangi ish o‘rinlari barpo etilishiga, bandlik darajasining yuqori bo‘lishiga va pirovordida aholi farovonligining oshishiga olib keladi.