O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatish sohasi va servisni rivojlantirish borasida 2014 yilning yanvar-sentyabr oyida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida

27/10/2014 - 12:52 4325

Respublikamizda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar yanada izchil rivojlantirilmoqda. Xususan, 2014 yilning yanvar-sentyabr oylarida xizmat ko‘rsatish sohasida o‘sish sur'ati 114,7 foizga yetkazildi.

Xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘tgan 9 oy mobaynida jami 10676 ta loyiha qabul qilinib, shundan 5 mingdan ortig‘i - savdo, 3 mingtadan ortig‘i maishiy xizmat sohasiga to‘g‘ri keldi.

Mazkur sohani taraqqiy ettirish, asosan, tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklarining moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi orqali amalga oshirilganini alohida qayd etish joiz.

Hisobot davrida birgina “Mikrokreditbank” tijorat banki tomonidan 30 mlrd. so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari mazkur sohaga yo‘naltirildi.

Eng yuqori o‘sish sur'atlari moliyaviy xizmatlar - 133,6 foiz, aloqa va axborotlashtirish - 123,7 foiz, maishiy xizmat - 120 foiz, qurilish sohasi xizmatlari - 117,8, turizm xizmati - 116,9 foiz hamda boshqa turdagi xizmatlarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi.

Tubdan o‘zgarishlar, asosan, qishloq joylarda, aholi daromadlarining ortishi, yangi uy-joylar qurilishi hamda obodonlashtirish hisobiga qishloqda yashaydiganlar turmush tarzining yuksalishi hisobiga amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘rinadi-ki, xizmat ko‘rsatish sohasidagi jadal o‘sish sur'atlari qishloq joylarning rivojlantirilishi bilan bevosita bog‘liq. Bu borada, hisobot davrida qishloq joylarda ko‘rsatilgan umumiy xizmatlar 12637,2 mlrd so‘m yoki 116,0 foiz o‘sishni tashkil etdi.

Shu bilan birga, qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi ijrosining bir yarim yil ichida bajarilgan ishlar natijalarining tahlili ham kishi e'tiborini tortadi.  Masalan, qishloq joylarda turizm xizmatini ko‘rsatish hissasi umumiy turistik xizmatlarda 18,4 foizdan 31,9 foizga yoki 13,5 foizga o‘sgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarini tuzatish va ularga xizmat ko‘rsatish - 6,6 foizga, tibbiy xizmat ko‘rsatish - 3,7 foizga, kompyuter xizmatlari - 3,6 foizga o‘sganligini kuzatish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, ko‘rsatilayotgan  xizmatlarning aholi iste'mol talablari oshishi hisobga olinib kengaytirilishi hamda xizmat ko‘rsatish sohasining izchil rivojlanishiga kompleks yondashilganligi tufayli bu borada katta sifat o‘zgarishlari ro‘y bermoqda.