Soliq va byudjet siyosatining kelgusi yildagi asosiy yo‘nalishlari

24/10/2014 - 13:26 5604

Joriy yilning 22 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari doirasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 108,0 foizni, sanoat ishlab chiqarish mahsulotining o‘sishi - 108,3 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsuloti - 106,0 foizni, kapital qo‘yilmalar hajmi - 109,6 foizni, xizmatlarning o‘sishi 116,9 foizni tashkil etadi;
  • korxonalar tasarrufida qushimcha mablag‘lar qoldirilishi orqali ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash imkonini berish maqsadida xo‘jalik sub'yektlarining foyda solig‘ining bazaviy stavkasini 8 foizdan 7,5 foizga, shuningdek qurilish sohasidagi mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 6 foizdan 5 foizga kamaytirish;
  • tadbirkorlik faoliyati sohasi xodimlarning ish haqi fondini kengaytirish hamda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan jismoniy shaxslar daromadlarini legallashtirishga shart-sharoitlar yaratish maqsadida mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 25 foizdan 15 foizga pasaytirish;
  • kam ta'minlangan aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish maqsadida, jismoniy shaxslar daromad soliq stavkalarining to‘rt pog‘onali shkalasini joriy qilish orqali asosiy guruhlar daromadlari bo‘yicha stavkalarni 1 foizga oshirish hisobiga birinchi guruh daromadlari (eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorigacha) uchun nol stavka belgilanishi.

Shuningdek, kelgusi yilda Davlat byudjetining ijtimoiy xarajatlari YAIMga nisbatan 12,8 foizni, ta'limga ajratilgan xarajatlar 7,3 foizni, sog‘liqni saqlashga ajratilgan xarajatlar 3,1 foizni, kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari 1,3 foizni tashkil etishi kutilmoqda.