VIII Xalqaro Sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi bo‘lib o`tadi

10/09/2014 - 18:40 4157

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 24 fevraldagi 38-sonli “2014 yil xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning 28 oktyabr - 1 noyabr kunlari “O`zekspomarkaz”da VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o`tkaziladi.

VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi doirasida mahsulot, jumladan iste`mol tovarlari, yetkazib berishga tuziladigan shartnomalar keyingi yil uchun buyurtmalar portfelini shakllantirilishini ta`minlaydi. Shuningdek mazkur tadbir iqtisodiyotning real sektori korxonalarining ichki tarmoq, tarmoqlararo va xalqaro kooperatsiyani rivojlantirish asosida qayta ishlangan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar, tayyor mahsulotlar ishlab chiqish hamda yetkazib berish bo`yicha xo`jalik aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

O`tgan yillardagi kabi tarmoqlar, yirik sanoat korxonalari va hududlarning salohiyati, taklfilari va texnologik imkoniyatlarini namoyish etadigan taqdimotlar o`tkazish rejalashtirilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 12 noyabrdagi PF-3937-sonli farmonining 4-bandi hamda 2013 yil 29 yanvardagi PQ-1913-sonli qarorining 8-bandiga muvofiq, Kooperatsiya birjasi doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqilgan jihozlar, butlovchi qismlar, qayta ishlangan xomashyo va materiallar, shuningdek, iste'mol tovarlarini sotib olish barcha mahalliy iste`molchilar uchun qo`shimcha tender savdolarisiz to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzish asosida amalga oshiriladi.

Tadbirda qatnashish uchun Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi direksiyasi saytida keltirilgan hujjatlarni to`ldirib taqdim etish talab etiladi. Shuningdek, direksiya saytida onlayn ro`yxatdan o`tish imkoniyati ham mavjud.

VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida qatnashuvchi kichik biznes korxonalariga yordam ko`rsatish maqsadida, kichik biznes ekanligini tasdiqlovchi statistika organlari ma`lumotnomalarini taqdim etgan hollarda, ko`rgazma maydonchalari uchun ijara to`lovlaridan ozod etiladi.

Manba: www.cooper.uz