BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi missiyasining O‘zbekistonda bo‘lishi to‘g‘risida

23/06/2014 - 14:11 6453

Aholi farovonligi va turmush darajasini yuksaltirish O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab amalga oshirib kelinayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishidir. Ushbu maqsadni amalga oshirishda uy-joy qurilishi va bu boradagi tegishli infratuzilmani rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2009-yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurilishi dasturi ushbu soha rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Dastur doirasida so‘nggi 5-yilda mamlakatimizning 159 qishloq tumanida 900 dan ziyod yangi qishloq uy-joy massivlari barpo etilib, namunaviy loyihalar asosida maydoni 4,5 million kvadrat metr bo‘lgan 33,5 mingdan ortiq yakka tartibdagi uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, qishloq joylarda barpo etilgan yangi massivlarda 750 kilometr avtomobil yo‘llari, uzunligi 1,6 ming kilometrdan ziyod ichimlik suv quvurlari, 1,2 ming kilometr elektr va gaz ta'minoti tarmoqlari, 800 dan ortiq ijtimoiy, ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlari qurildi.

 

Yangi qishloq massivlarining barpo etilishi ijtimoiy obyektlar, jumladan, zamonaviy maktablar, qishloq vrachlik punktlari, mini-banklar, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, bolalar sport maydonlari va boshqa inshootlar qurish, umuman, infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda qishloq uy-joy qurilishini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qisqa muddatda erishilgan natijalar 2013-yilning aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan “Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan yuksak e'tirof etildi. O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli tajribasini namoyish etish va mamlakatimizda uy-joy sektorida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMTning Yevropa iqtisodiyot komissiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda uy-joy xo‘jaligi va yerdan foydalanish sharhini tayyorlashga qaror qilindi.

Ta'kidlash joizki, milliy sharhlarni tayyorlash BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasining Uy-joy xo‘jaligi va yerdan foydalanish bo‘yicha qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Qo‘mitaning yuqori malakali mutaxassislari tayyorlayotgan milliy sharhlar uy-joy xo‘jaliklari, shaharlarning rivojlanishi va yer resurslarini boshqarishni tahlil etish, uy-joy xo‘jaligi va yerdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur sharhlar mamlakatlarga ushbu sohadagi o‘z yutuqlarini mintaqadagi boshqa davlatlar taraqqiyoti bilan taqqoslash imkonini beradi.

BMTning Yevropa iqtisodiyot komissiyasi milliy sharhlarni 1996-yildan buyon tayyorlab kelmoqda va O‘zbekistonda uy-joy xo‘jaligi va yerdan foydalanish sharhini tayyorlash boshqa xalqaro tashkilotlarda ham alohida qiziqish uyg‘otmoqda.

Xususan, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi sharhni tayyorlashda texnik va moliyaviy ko‘maklashish, Jahon banki esa yerdan foydalanish sohasida ayrim jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga maslahat yordamini ko‘rsatishni taklif etdi.

BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasining milliy sharhni tayyorlash jarayoniga bevosita jalb etilgan xalqaro ekspertlar missiyasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish uchun joriy yil 11-iyunda O‘zbekistonga keldi.

BMTning Yevropa iqtisodiyot komissiyasi (EIK) - BMTning 1947-yil Yevropa mamlakatlarini urushdan keyin qayta tiklashga ko'maklashish bo'yicha kelishilgan sa'y-harakatlarga yordam berish maqsadida ta'sis etilgan mintaqaviy xalqaro organidir.

1951-yilda Yevropa iqtisodiyot komissiyasiga BMTning doimiy organi maqomi berildi.

Komissiyaga 56 davlat - Yevropaning barcha davlatlari, Kavkazorti mamlakatlari (Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya), Markaziy Osiyo mamlakatlari (Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, 0'zbekiston), shuningdek, AQSh, Kanada, Isroil a'zo.

Komissiyaning qarorgohi Jenevada (Shveytsariya) joylashgan.

Komissiyaning asosiy maqsadi xalqaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga ko'maklashish, a'zo mamlakatlaming iqtisodiy, texnik va statistika axborotini to'plash, baholash va tarqatishda huknmatlararo hamkorligini mustahkamlashdir.

EIKning oliy organi - yalpi sessiya (bir yilda bir marta chaqiriladi).

EIKning Ijroiya organi - Jeneva shahridagi Ijro kotibiyati.

0'zbekiston Respnblikasi YeIKga 1993-yil 30-iyulda a'zo bo'lgan.

Xalqaro maslahatchilar missiyasining tashrifi doirasida shu yilning 12-13-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va Jahon banki ko‘magida Toshkentda “Shaharsozlik va yer tuzish sohasidagi yondashuvlar va eng yaxshi amaliyot” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Mazkur seminar BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi va Jahon banki maslahatchilari hamda mamlakatimizning ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan vazirlik, idora va tadqiqot institutlari mutaxassislarining shahar va qishloqlarni rivojlantirish, yer resurslarini, uy-joy qurilishini boshqarish, binolarning energiya samaradorligini oshirish hamda qurilish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha joriy va istiqboldagi masalalarni muhokama etish uchun o‘ziga xos platformaga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, “O‘zkommunxizmat” agentligi, “Qishloq qurilish bank” mutaxassislari, Ijtimoiy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, loyiha institutlarining yetakchi ekspertlari, shuningdek, iqtisodiy blok mutaxassislari seminarda faol ishtirok etib, xalqaro maslahatchilarni O‘zbekistonda shahar va qishloqlarni rejalashtirish sohasidagi mavjud amaliyot, kommunal va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan dasturlar, shaharsozlik va ko‘chmas mulk kadastri sohasidagi norma hamda tartib-taomillarni takomillashtirish, yerdan foydalanish tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi.

Seminar yakuni bo‘yicha BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasining Uy-joy xo‘jaligi va yerdan foydalanish bo‘limi rahbari, xalqaro maslahatchilari missiyasi rahbari Gulnora Roll O‘zbekistonda shaharsozlik, uy-joy qurilishini rivojlantirish sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani, shaharlashuv masalalarini hal etish va mamlakatimiz qishloq aholisining hayot sifatini oshirish borasida salmoqli tajriba to‘planganini hamda ushbu amaliyot va tajribadan boshqa mamlakatlarda ham eng yaxshi amaliyot sifatida foydalanish kerakligini ta'kidladi.

Xalqaro maslahatchilar missiyasining tashrifi asnosida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekistonda uy-joy xo‘jaligi va yerdan foydalanish milliy sharhini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi xalqaro maslahatchilari missiyasining mamlakatimizga tashrifi 20-iyunga qadar davom etdi. Tashrif davomida ushbu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan vazirlik va idoralar mutaxassislari bilan tayyorlanayotgan milliy sharhning asosiy jihatlarini muhokama etish va hujjatning tegishli bo‘limlari uchun zarur materiallarni to‘plash bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, xalqaro maslahatchilar mamlakatimiz shahar va qishloqlarida uy-joy qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samaralari bilan ham tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi matbuot xizmati