O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot

24/04/2013 - 14:09 3749

2013-yil 23-aprelda Vazirlar Mahkamasining joriy yil birinchi choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga hamda shu yil 18-yanvarda respublika Hukumati majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2013-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini baholashga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda mamlakatni rivojlantirishning belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga erishishni ta’minlash, eng avvalo, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini jadal modernizatsiyalash va rivojlantirishning qabul qilingan dasturlarini aniq maqsadga yo‘naltirilgan holda amalga oshirish hisobiga iqtisodiyotning raqobatbardoshliligini oshirish hamda uni tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, shuningdek, aholi bandligi va farovonligini oshirishni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari har tomonlama ko‘rib chiqildi va chuqur tahlil qilindi.

Qayd etib o‘tildiki, jahon iqtisodiyotida davom etayotgan inqirozli holatlarga qaramay, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va uning raqobatbardoshliligini oshirish dasturining tizimli va izchil amalga oshirilishi tufayli makroiqtisodiy barqarorlikni va respublika iqtisodiyotini o‘stirishning barqaror sur’atlarini saqlash ta’minlanmoqda. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 7,5 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish – 6,2 foizga, qurilish ishlari – 13,2 foizga o‘sdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foiz miqdoridagi profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.

Ichki talabni rag‘batlantirish va ichki bozorni raqobatbardosh mahalliy mahsulotlar bilan yanada ko‘proq to‘ldirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 9,4 foizga, chakana tovar aylanmasi 13,1 foizga va xizmatlar hajmi 9 foizga ko‘paydi. Xizmatlar ko‘rsatish sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi o‘tgan yildagi 52,1 foiz o‘rniga 52,5 foizgacha o‘sdi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 40,4 foizga o‘stirish ta’minlandi, import o‘rnini qoplashning hisoblab chiqilgan samarasi 1,0 milliard AQSh dollarini tashkil qildi.

Eng avvalo, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirishga va modernizatsiyalash ko‘lamlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilayotganligi, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmining 7,2 foiz, shu jumladan xorijiy investitsiyalar hajmining 35,5 foiz o‘sishiga ko‘maklashdi, ularning qariyb 84 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil qiladi. 587 ta ishlab chiqarish ob’ekti foydalanishga topshirildi, shuningdek, umumiy qiymati 4,3 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 114 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi.

"Obod turmush yili" Davlat dasturi tadbirlari faol amalga oshirilmoqda. Ularni moliyalashtirishga joriy yilning birinchi choragida barcha manbalar hisobidan 1,3 trillion so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltirildi.

Vazirlar Mahkamasi majlisida sanoat tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, raqobatbardosh mahsulotlarning yangi turlarini o‘zlashtirish hamda ularni eksportga yetkazib berish hajmlari va turlarini ko‘paytirish dasturlarining bajarilishini mufassal tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokama davomida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, "O‘zkimyosanoat", "O‘zbekenergo", "O‘zbekengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyalari, "O‘zfarmsanoat" davlat konserni, "O‘zeltexsanoat" uyushmasi hamda qishloq xo‘jaligi mashinasozligining bir qator korxonalari rahbarlari oldiga ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirishda va yangi ishlab chiqarish ob’ektlarini o‘z vaqtida foydalanishga topshirishda yo‘l qo‘yilgan qoloqlikni bartaraf etish yuzasidan qat’iy talablar qo‘yildi.

Majlisda foydalanilmayotgan rezervlarni va ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solish, qayta ishlash tarmoqlarini, qurilish industriyasi va xizmatlar ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirish hisobiga hududlarni kompleks rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosi holati ko‘rib chiqilib, batafsil tahlil qilindi. Qayd etib o‘tildiki, foydalanilmayotgan rezervlar va ishlab chiqarish quvvatlarini tanqidiy baholash yuzasidan Iqtisodiyot vazirligi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, vazirliklar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlar natijasida tarmoq va hududiy rivojlantirishni o‘zaro mustahkam bog‘lashni ta’minlagan holda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning o‘rtacha muddatli dasturlariga tuzatishlar kiritildi.

Muhokama davomida barcha darajadagi hokimliklar, tarmoqlar, korxonalar va Iqtisodiyot vazirligi rahbarlari oldiga foydalanilmayotgan rezervlar hamda quvvatlarni aniqlash va safarbar etish samaradorligini yanada oshirishga, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning o‘rtacha muddatli dasturlari parametrlari va tadbirlarining bajarilishini so‘zsiz ta’minlashga yo‘naltirilgan vazifalar qo‘yildi.

Majlisda yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini, qishloq joylarida namunaviy loyihalar bo‘yicha zamonaviy uy-joy qurilishini jadal rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishini tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etib o‘tildiki, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston Milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha jami 62 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Qo‘qon shahrini aylanib o‘tuvchi "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lining 42 kilometrli qismini rekonstruksiya qilish tugallandi, 45 kilometr temir yo‘llar qayta tiklandi.

Muhokama davomida "O‘zavtoyo‘l" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari zimmasiga umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari va aholi punktlari ko‘chalaridagi yo‘l-qurilish va ta’mirlash ishlarini, shuningdek, O‘zbekiston Milliy avtomagistrali bo‘ylab yo‘lbo‘yi infratuzilmasi hamda servis ob’ektlarini qurish va foydalanishga topshirishni jadallashtirish, bajarilayotgan ishlarning sifati yuzasidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisining, eng avvalo, idoraviy axborot resurslarini va ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, idoralararo ayirboshlashni tashkil etish va interfaol davlat xizmatlari ko‘rsatish hamda internet-saytlarni rivojlantirish hisobiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalarning maxsus bo‘linmalari faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi hisoboti eshitildi. Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlariga “Elektron hukumat” tizimini shakllantirishning kompleks dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishni, tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga interfaol davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron shakllarini joriy etishni alohida nazoratga olish topshirildi.

Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari rahbarlarining e’tibori ularning faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ko‘lamlarini kengaytirish hamda chuqurlashtirish, eng avvalo, zamonaviy idoraviy axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, sifatli idoralararo ayirboshlashni tashkil etish, interfaol davlat xizmatlarini rivojlantirish zarurligiga qaratildi.

Alohida ta’kidlab o‘tildiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning "Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili" mavzusida shu yil 17-aprelda Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan ko‘rsatma va vazifalar barcha darajadagi hokimliklar, tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda korxonalar rahbarlaridan qishloqlarni tubdan qayta o‘zgartirishga, qishloq aholisi hayoti darajasi va sifatini yanada izchil oshirishga, ularni zamonaviy standartlarga yaqinlashtirishga yo‘naltirilgan ishlarni kuchaytirishni talab qiladi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, "Qishloq qurilish invest" kompaniyasi va "Qishloq qurilish bank" aksiyadorlik-tijorat banki rahbarlariga joriy yilda foydalanishga topshirilishi nazarda tutilgan qishloq joylarida namunaviy loyihalar bo‘yicha 10 mingta yangi uy-joylar qurilishini jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

2013-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining maqsadli parametrlarini so‘zsiz bajarish, shuningdek, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu masala bo‘yicha mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori, Toshkent shahar va Qashqadaryo viloyati hokimlarining hisobotlari eshitildi. Qayd etib o‘tildiki, ko‘rilgan aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi choragida respublikada 250,4 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi, ularning 150 mingtadan ko‘prog‘i yoki qariyb 60 foizi qishloq joylardadir.

Bunda vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari e’tibori kasb-hunar kollejlarining 501 ming nafardan ko‘proq bitiruvchilarini ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash va ularni kelgusida ishga joylashtirishni ta’minlash uchun aniq korxonalar va tashkilotlarga biriktirish borasida ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning holatiga qaratildi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari oldiga yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda aholi bandligini oshirish, shuningdek, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini egallagan ixtisosliklariga muvofiq ishga joylashtirishni ta’minlash uchun mavjud rezervlarni safarbar etish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha respublika vazirliklari, idoralari, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalari va viloyatlar hokimliklari rahbarlari so‘zga chiqdilar. Respublika Hukumati majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha 2013-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalari bajarilishini ta’minlash chora-tadbirlari belgilangan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Manba: www.uza.uz