2 iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

01/07/2008 - 07:48 5233

O‘tayotgan har bir kun bizni eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – O‘zbekiston davlat mustaqilligining o‘n yetti yillik ayyomiga tobora yaqinlashtirmoqda. Bu sananing Vatanimiz, xalqimiz hayotida tutgan o‘rni, ahamiyati beqiyosdir. Zotan, biz mustaqillik tufayli o‘zligimizni angladik, kimlarning avlodi ekanligimizni chuqurroq tushunib yetdik.

Davlatimiz rahbarining 2008 yil 12 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘n yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida“gi qarorida ta’kidlanganidek, mustaqillik bizning borligimiz, shonu shuhratimiz, erkin va farovon kelajagimiz garovi sifatida har birimizning dilimizdan mustahkam joy oldi.

Shu o‘rinda aynan istiqlol tufayli mamlakatimiz timsoli bo‘lgan davlat ramzlarining qabul qilinganini ta’kidlash lozim. Zero, el-yurtimizning g‘ururi, iftixori bo‘lgan bu ramzlarda tariximiz, boy ma’naviy-madaniy merosimiz, milliy urf-odat hamda an’analarimiz, buyuk maqsad, ezgu orzu-intilishlarimiz tajassum topgan.

1992 yil 2 iyulda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Davlatimiz gerbida xalqimizning tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topgan. Unda tarovatli vodiy uzra nur sochayotgan quyosh tasvirlangan. Bu serquyosh yurtimizga, undagi obod manzillarga ishora. Baland tog‘lar oralab oqayotgan daryolar – mangulik timsoli bo‘lsa, gerbning so‘l tomonidagi bug‘doy boshoqlari xalqimizning rizq-ro‘zi butunligidan, o‘ng tomonidagi qiyg‘os ochilgan g‘o‘za ifodalangan chambar yurtimiz odamlarining oppoq orzulari, ezgu niyatlaridan dalolatdir. Gerbning yuqori qismida elu yurtimiz jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Uning ichida joylashgan yarim oy va yulduz xalqimizning dinu diyonatiga xos muborak timsollardir.

Gerbimiz markazida qanotlarini yozib, parvozga shaylanib turgan Humo qushi tasviri bor. Manbalarda qayd etilishicha, xalqimiz Humoni azaldan davlat qushi sifatida tasavvur qilib kelgan. Zaminimizda necha ming yillar ilgari paydo bo‘lgan afsonalarda Humo qushi baxt, omad, himmat, olijanoblik timsoli sifatida tasvirlangan. Gerbning pastki qismidagi davlatimiz bayrog‘ini ifodalovchi chambar tasmaga “O‘zbekiston” so‘zi bitilgan.

Tamg‘amizdagi barcha ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, ezgulik, baxt-saodat, to‘kinlik, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlarini o‘zida namoyon etadi. Gerbimiz o‘zini shu yurt farzandi deb bilgan har bir inson uchun cheksiz faxru iftixor manbai, yoshlarimizni vatanparvarlik, ajdodlarimiz an’analariga sodiq farzandlar etib tarbiyalash yo‘lidagi muhim vositadir.

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda belgilanganidek, Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Oliy xo‘jalik sudi, vazirliklar, hokimliklar, qo‘mitalar, tashkilotlar, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari binolari, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalarining binolarida o‘rnatilgan.

Davlat gerbi tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, milliy valutamizda, qimmatli qog‘ozlar va obligatsiyalarda, fuqarolik pasportlarida, chegaralarimizda o‘rnatiladigan sarhad ustunlarida hamda qonunda belgilangan boshqa joylarda aks ettiriladi.

Mamlakatimiz davlat ramzlari, shu jumladan, Davlat gerbi qonun bilan muhofaza qilinadi. “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda belgilanganidek, O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda turgan o‘zga shaxslar davlatimiz gerbini hurmat qilishlari shart.

Davlatimiz ramzlari – Bayroq, Gerb, Madhiya xalqimizning shon-sharafi, g‘ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etgan. Ularni e’zozlash o‘zining, o‘z mamlakatining qadr-qimmatini bilgan har bir insonning muqaddas burchidir.

Manba: www.uza.uz